Chiqish 11:1-10
11 Keyin Yahova Musoga mana bunday dedi: «Men fir’avn va Misr ustiga yana bir ofat yuboraman. Shundan keyin u sizlarni qo‘yib yuboradi+. U sizlarni nafaqat qo‘yib yuboradi, balki haydab chiqaradi+.
2 Endi xalqga borib ayt: har bir erkag-u ayol o‘z qo‘shnisidan kumush va oltin buyumlarni so‘rab olsin»+.
3 Yahova shunday qildiki, misrliklar Isroil xalqiga iltifot ko‘rsatishdi. Bundan tashqari, Muso Misr yurtida fir’avnning xizmatkorlari hamda xalq orasida katta obro‘-e’tiborga loyiq inson bo‘ldi.
4 So‘ng Muso dedi: «Yahova shunday demoqda: “Taxminan yarim tunda Men Misrni oralab o‘taman+
5 va Misr yurtidagi har bir to‘ng‘ich — taxtda o‘tirgan fir’avnning to‘ng‘ichidan tortib, qo‘l tegirmonida ishlayotgan cho‘rining to‘ng‘ichigacha, shuningdek, har bir chorvaning birinchi bolasi o‘ladi+.
6 Butun Misr yurtida, bundan oldin ham bo‘lmagan va bundan keyin ham yuz bermaydigan kuchli dod-faryod ko‘tariladi+.
7 Ammo na Isroil xalqiga, na ularning birorta jonivoriga ziyon yetadi. Hatto it ham vovillab ularni qo‘rqitmaydi. Shunda Yahova misrliklarni Isroil xalqidan ajratib qo‘yishga qodir ekanini bilib olasizlar+.
8 Barcha xizmatkorlaringiz tiz cho‘kib menga ta’zim qilishadi-da: “Siz ham, butun xalqingiz ham ketinglar”,— deb yolvorishadi+. Shundan keyin men ketaman”». Bu gaplarni aytgach, Muso qattiq g‘azablanib fir’avn huzuridan chiqib ketdi.
9 Bundan keyin Yahova Musoga dedi: «Misr yurtida ko‘proq mo‘jiza ko‘rsatishim uchun, fir’avn sizlarga quloq solmaydi»+.
10 Muso bilan Horun fir’avn oldida bu mo‘jizalarning barchasini ko‘rsatishdi+, lekin Yahova uning yuragi toshligicha qolishiga yo‘l qo‘ydi. Shu sababli fir’avn Isroil xalqini o‘z yurtidan qo‘yib yubormadi+.