Chiqish 14:1-31
14 Yahova Musoga shunday dedi:
2 «Isroil xalqiga ayt, ular Migdol bilan dengiz o‘rtasida joylashgan Piy-Xaxiro‘tga, Baal-Zafo‘n qarshisiga qaytib kelib, qarorgoh qurishsin+. Baal-Zafo‘n qarshisiga, dengiz bo‘yiga joylashinglar.
3 Shunda fir’avn Isroil xalqi haqida: “Ular adashib yurishibdi. Sahroda yo‘l topa olmay qolishibdi”,— deb aytadi.
4 Men fir’avnning yuragi tosh bo‘lishiga yo‘l qo‘yaman+ va u Isroil xalqi ortidan quvib keladi. Men esa fir’avn va uning butun qo‘shinini mag‘lub qilib, O‘zimni ulug‘layman+. Shu yo‘sin misrliklar Men Yahova ekanimni bilib olishadi»+. Ular aytilganiday qilishdi.
5 Bir oz vaqt o‘tib, Misr shohiga Isroil xalqi qochib ketgani haqida xabar berishdi. Fir’avn va uning xizmatkorlari o‘sha zahotiyoq xalqga nisbatan fikrlarini o‘zgartirib+, shunday deyishdi: «Nima qilib qo‘ydik? Nega Isroil xalqini qullikdan ozod qildik?»
6 Fir’avn jang aravalarini hozirlab, yoniga jangchilarini oldi+.
7 U saralangan 600 ta aravani hamda Misrdagi boshqa barcha aravalarni va har bir arava uchun jangchilarni ham yoniga oldi.
8 Yahova Misr fir’avnining yuragi tosh bo‘lishiga yo‘l qo‘ydi va u Isroil xalqi ortidan quvib ketdi. Bu paytda Isroil xalqi dadillik bilan chiqib ketayotgan edi+.
9 Misrliklar ularning orqasidan quvib ketishdi+. Fir’avn barcha ot-aravalari, otliq askarlari va qo‘shini bilan ularga yetib olganida, Isroil xalqi dengiz bo‘yida, Baal-Zafo‘n qarshisidagi Piy-Xaxiro‘tda qarorgoh qurgan edi.
10 Fir’avn yaqinlashib qolganida, Isroil o‘g‘illari boshlarini ko‘tarib qarashsa, ularni misrliklar ta’qib etib kelayotgan ekan. Isroil o‘g‘illari vahimaga tushib, Yahovaga faryod qila boshlashdi+.
11 Ular Musoga shunday deyishdi: «Misrda qabriston yo‘qmidiki, bizni o‘lish uchun sahroga olib kelding?+ Bizni Misrdan olib chiqib nima qilib qo‘yding?
12 Misrda bo‘lganimizda senga: “Bizni tinch qo‘y, misrliklarga xizmat qilaveramiz”,— deb aytmaganmidik? Sahroda o‘lib ketgandan ko‘ra, misrliklarga xizmat qilganimiz yaxshiroq edi»+.
13 Shunda Muso xalqga dedi: «Qo‘rqmanglar!+ Joyingizdan qo‘zg‘almay, Yahova bugun sizlarni qanday qutqarishini kuzatib turinglar+. Chunki bugun ko‘rib turgan misrliklarni boshqa hech qachon ko‘rmaysizlar+.
14 Yahovaning O‘zi sizlar uchun jang qiladi+, xotirjam bo‘linglar».
15 Yahova Musoga dedi: «Nega Menga faryod qilyapsan? Isroil xalqiga ayt, chodirlarini yig‘sin.
16 Sen esa tayog‘ingni ko‘tarib, qo‘lingni dengiz tomonga uzat va Isroil xalqi dengizning o‘rtasidan, quruq yerdan o‘tib ketishi uchun dengizni ikkiga bo‘l.
17 Men esa misrliklarning yuragi toshligicha qolishiga yo‘l qo‘yaman. Shunda ular Isroil xalqi ortidan quvib boradi va Men fir’avnni, uning butun qo‘shinini, jang aravalari-yu otliq askarlarini mag‘lub qilib O‘zimni ulug‘layman+.
18 Fir’avnni, uning jang aravalarini-yu otliq askarlarini mag‘lub qilib O‘zimni ulug‘laganimda, Men Yahova ekanimni misrliklar bilib oladi»+.
19 Isroil xalqi oldida borayotgan haq Tangrining farishtasi+ joyini o‘zgartirib, xalqning orqa tomoniga ko‘chdi. Ularning oldida bo‘lgan bulut ustuni ham ortga ko‘chib, ularning orqasida turdi+.
20 Bulut Isroil xalqi bilan misrliklar orasida turib qoldi+. Bulut bir tomonni qorong‘i qilib qo‘ygan bo‘lsa, boshqa tomonni tuni bilan yoritib turdi+. Shu sababli, tuni bilan misrliklar Isroil xalqiga yaqin kela olishmadi.
21 Muso qo‘lini dengiz tomonga uzatgan edi+, Yahova tuni bilan sharqdan shamol estirib, dengiz suvini hayday boshladi va dengiz suvi ikki tomonga bo‘linib+, uning tubi qurib qoldi+.
22 Oxiri Isroil xalqi dengiz o‘rtasidagi quruq yerdan o‘ta boshladi+. Bu paytda suv ularning o‘ng va chap tomonida devorday bo‘lib turdi+.
23 Misrliklar bo‘lsa ularni ta’qib qilishdi. Fir’avnning barcha otlari, jang aravalari va otliq askarlari Isroil xalqi ortidan borib, dengizga kirishdi+.
24 Tonggi qorovullik* paytida Yahova olov va bulut ustuni ichidan misrliklarning qo‘shiniga nazar tashlab+, ularni sarosimaga soldi.
25 U aravalarining g‘ildiraklarini chiqarib yuborgani uchun, misrliklar aravalarini qiynalib hayday boshlashdi. Ular: «Isroil xalqidan qochib qolaylik! Chunki Yahova ular uchun misrliklarga qarshi jang qilyapti»+,— deyishardi.
26 Keyin Yahova Musoga dedi: «Qo‘lingni dengiz tomonga uzat. Suv misrliklarni, ularning jang aravalari va otliq askarlarini bosib qolsin».
27 Muso qo‘lini darhol dengiz tomonga uzatdi va ertalabga yaqin dengiz o‘zining asl holiga qaytdi. Misrliklar suvdan qochib qutulmoqchi bo‘lishgan edi, Yahova ularni dengizning o‘rtasiga uloqtirdi+.
28 Suv asl holiga qaytib, jang aravalari, otliq askarlarni hamda Isroil xalqi ortidan dengizga kirgan fir’avnning butun qo‘shinini bosib qoldi+. Ulardan birortasi ham omon qolmadi+.
29 Ammo Isroil xalqi qurib qolgan dengiz tubidan o‘tib ketdi+. Suv esa ularning o‘ng va chap tomonida devorday bo‘lib turdi+.
30 Shunday qilib, o‘sha kuni Yahova Isroil xalqini misrliklar qo‘lidan xalos etdi+. Isroil xalqi sohilda yotgan misrliklarning jasadlarini ko‘rdi.
31 Ular Yahovaning misrliklarga qarshi qo‘llagan buyuk qudratiga guvoh bo‘lishdi. Shunda xalq Yahovadan qo‘rqadigan bo‘ldi. Ular Yahovaga hamda Uning xizmatkori Musoga ishondi+.
Izohlar
^ Ibroniylarning uchinchi, ya’ni oxirgi qorovulligi, kechasi taxminan 2:00 dan 6:00 gacha davom etgan.