Chiqish 21:1-36
21 Sen ularga yetkazishing kerak bo‘lgan qonun-qoidalar+ mana bulardir:
2 Bordi-yu, ibroniy qulni sotib olsangiz+, u sizga olti yil qullik qilsin, yettinchi yili esa sizga hech narsa to‘lamay ozodlikka chiqsin+.
3 Agar u yolg‘iz kelsa, ozodlikka yolg‘iz chiqsin. Xotini bilan kelgan bo‘lsa, xotini bilan chiqsin.
4 Mabodo xo‘jayini uni uylantirsa va xotini unga o‘g‘il-qizlar tug‘ib bersa, xotini bilan bolalari xo‘jayiniga tegishli bo‘ladi. U esa ozodlikka yolg‘iz chiqadi+.
5 Ammo qul: “Men xo‘jayinimni, xotinim va farzandlarimni yaxshi ko‘raman, ozodlikka chiqishni xohlamayman”+,— deb turib olsa,
6 xo‘jayini uni eshikka yoki eshik yondoriga taqab, qulog‘ini bigiz bilan teshsin, haq Tangri esa bunga guvoh bo‘lsin*. Shu yo‘sin, u bir umrga uning quli bo‘lib qoladi.
7 Agar biror kishi qizini cho‘rilikka sotsa, qiz qul erkaklar ozodlikka chiqadigan usul bilan ozodlikka chiqa olmaydi.
8 Bordi-yu, xo‘jayini uni yoqtirmasa va uni xotin qilib olgisi kelmay, boshqa kishiga sotadigan bo‘lsa, uni musofirga sotishga haqli emas. Aks holda, u cho‘risiga xoinlik qilgan bo‘ladi.
9 Agar bu qizni o‘g‘li uchun tanlagan bo‘lsa, unga qiziday muomala qilishi lozim.
10 Mabodo u boshqa xotin olsa, birinchi xotinini oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlashi hamda erlik vazifasini+ ado etishi* darkor.
11 Bordi-yu, mana shu uchta narsa bilan ta’minlamasa, cho‘risi hech narsa to‘lamay ozodlikka chiqishi kerak.
12 Kimdir boshqa birovni urganida u o‘lib qolsa, urgan kishi o‘limga mahkum etilsin+.
13 Ammo u buni qasddan qilmagan va haq Xudo shunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, Men o‘sha kishi qochib boradigan joyni tayinlayman+.
14 Agar kishi yaqinidan qattiq g‘azablanib, uni qasddan o‘ldirsa+, u hatto himoya izlab qurbongohimga kelgan taqdirda ham, o‘limga mahkum etilsin+.
15 Otasi yoki onasini urgan inson o‘ldirilsin+.
16 Odam o‘g‘irlagan va uni sotgan+ yoki uni ushlab turgan inson o‘limga mahkum etilsin+.
17 Otasi yoki onasini la’natlagan odam o‘ldirilsin+.
18 Janjallashayotib, bir kishi boshqasini tosh bilan urganida yoki musht tushirganida*, u o‘lmay to‘shakka yotib qolsa,
19 ammo o‘rnidan turib, hassasiga tayanib tashqarida yura boshlasa, uni urgan odam jazodan ozod etilsin. Faqat jabr ko‘rgan kishi oxirigacha sog‘ayib, ishlay oladigan vaqtga qadar, urgan odam unga tovon to‘lab tursin.
20 Agar odam qul yoki cho‘risini tayoq bilan ursa va u xo‘jayinining qo‘lidan o‘lsa, undan o‘ch olinsin+.
21 Bordi-yu, u bir yoki ikki kundan keyin o‘lsa, xo‘jayinidan o‘ch olinmasin, chunki xo‘jayini uni pulga sotib olgan.
22 Erkaklar mushtlashayotib homilador ayolni urib yuborishsa va u muddatidan oldin tug‘ib qo‘ysa-yu+, lekin bola ham, ona ham omon qolsa, aybdor kishi shu ayolning eri talab qilgan tovonni to‘lashi va buni hakamlar orqali berishi lozim+.
23 Ammo ulardan biri o‘lsa, jon evaziga jon+,
24 ko‘z evaziga ko‘z, tish evaziga tish, qo‘l evaziga qo‘l, oyoq evaziga oyoq+,
25 kuyuk evaziga kuyuk, jarohat evaziga jarohat, zarba evaziga zarba berilsin.
26 Mabodo odam quli yoki cho‘risining ko‘ziga urib, ziyon yetkazsa, ko‘zi evaziga uni ozod etsin+.
27 Bordi-yu, quli yoki cho‘risini urib tishini sindirsa, tishi evaziga uni ozod qilsin.
28 Erkak yoki ayol kishini buqa suzib o‘ldirib qo‘ysa, buqa toshbo‘ron qilib o‘ldirilsin+, go‘shti esa yeyilmasin. Lekin buqaning egasi jazolanmasin.
29 Ammo buqa suzong‘ich bo‘lsa va egasi bundan ogoh etilgan bo‘la turib, buqasiga ko‘z-quloq bo‘lmagan bo‘lsa va buqa biror erkak yoki ayolni suzib o‘ldirsa, buqa toshbo‘ron qilinsin, egasi ham o‘limga mahkum etilsin.
30 Agar buqaning egasidan to‘lov talab qilinsa, u o‘z joni uchun talab etilgan haqni to‘lasin.
31 Buqa o‘g‘il yoki qiz bolani suzganda ham, buqaning egasiga nisbatan shu qonun tatbiq etilsin.
32 Bordi-yu, buqa qul yoki cho‘rini suzsa, buqaning egasi uning xo‘jayiniga 30 shekel* haq to‘lasin, buqa esa toshbo‘ron qilib o‘ldirilsin.
33 Agar kishi chuqurlik ustini ochib qo‘ysa yoki chuqur qazib, ustini yopib qo‘ymasa va uning ichiga buqa yoki eshak tushib ketsa,
34 chuqurlikning egasi yetkazgan zararni qoplasin+. U molning egasiga uning bahosini to‘lasin, o‘lik mol esa o‘ziga qolsin.
35 Mabodo biror odamning buqasi boshqasining buqasini suzib o‘ldirsa, ular tirik buqani sotib, pulini ham, o‘lgan buqani ham bo‘lishib olishsin.
36 Ammo buqa suzong‘ich ekani ma’lum bo‘lishiga qaramay, egasi buqasiga ko‘z-quloq bo‘lmagan bo‘lsa, u buqa evaziga buqa berib, o‘lgan buqani esa o‘ziga qoldirsin.
Izohlar
^ Yoki «uni haq Tangrining oldiga olib kelsin».
^ Jinsiy aloqa ma’nosida.
^ Boshqa variant «biron asbob bilan urganida».
^ Bir shekel=11,4 g. Ilovaning B14 mavzusiga q.