Chiqish 31:1-18

  • Xudo hunarmandlarni O‘z ruhi bilan to‘ldiradi (1-11)

  • Shabbat, Xudo va Isroil xalqi o‘rtasidagi ahd belgisi (12-17)

  • Ikkita tosh lavha (18)

31  Keyin Yahova Musoga quyidagilarni aytdi:  «Men Yahudo qabilasidan bo‘lgan Xurning nevarasi+, Uri o‘g‘li Bazalilni tanladim+.  Uni O‘z ruhim bilan* to‘ldirib, donolik, aql-idrok va bilim ato etaman va har qanday ishga qobiliyatli qilaman.  Shunda u badiiy loyihalarni yaratadigan, oltin, kumush va mis bilan ishlaydigan,  toshlarni yo‘nib+, uyalarga o‘rnatadigan hamda yog‘ochdan turli xil narsalar yasaydigan bo‘ladi+.  Bundan tashqari, Dan qabilasidan bo‘lgan Oxisamax o‘g‘li Oxoliyovni+ unga yordamchi qilib tayinladim. Men senga buyurgan hamma narsalarni bajarishlari uchun, barcha mohir kishilarning qalbiga donolik solaman+.  Ular uchrashuv chodirini+, shohidlik sandig‘i+ bilan ustidagi qopqog‘ini+, muqaddas chodirning barcha anjomlarini,  stol+ va uning anjomlarini, sof oltindan bo‘lgan chiroqpoya va uning anjomlarini+, tutatqi tutatiladigan qurbongohni+,  kuydiriladigan qurbonlik uchun qurbongoh+ va uning anjomlarini, tos va uning tagligini+, 10  nafis qilib to‘qilgan kiyimlarni, ruhoniy bo‘lmish Horun uchun muqaddas kiyimlarni, ruhoniylik xizmati uchun uning o‘g‘illariga atalgan kiyimlarni+, 11  moylash uchun mo‘ljallangan moyni va muqaddas maskan uchun xushbo‘y tutatqini tayyorlashadi+. Ular hammasini Men senga buyurganimday qilishadi». 12  Yahova Musoga yana shularni aytdi: 13  «Sen Isroil o‘g‘illariga bunday deb ayt: “Mening Shabbatlarimga rioya qilinglar+. Chunki bu, Men sizlar bilan qilgan ahdning belgisi bo‘lib, sizlarni muqaddas qilgan Men — Yahova ekanimni avlodlaringiz osha sizlarga bildirib turadi. 14  Shabbatga rioya qilinglar, boisi u sizlar uchun muqaddasdir+. Kim bu kunni bulg‘asa, o‘limga mahkum etilsin. Ushbu kunda kimki biror ishga qo‘l ursa, bunday odam xalqi orasidan yo‘q qilinsin+. 15  Olti kun ishlasa bo‘ladi, ammo yettinchi kun Shabbat bo‘lib, butunlay dam oladigan kundir+. Bu, Yahova uchun muqaddas hisoblanadi. Kimki Shabbat kuni ishlasa, o‘limga mahkum etilsin. 16  Isroil o‘g‘illari avloddan avlodga Shabbatga rioya qilishsin. Bu, asrlar osha turadigan ahddir. 17  Shabbat, Men bilan Isroil xalqi o‘rtasida barqaror turadigan belgidir+. Sababi, Yahova olti kun davomida osmon bilan yerni yaratgan, yettinchi kun esa ishlaridan tinib, dam olgan”»+. 18  Sinay tog‘ida Muso bilan gaplashib bo‘lgach, Alloh unga ikkita shohidlik lavhasini berdi+. Ushbu tosh lavhalarga Tangri O‘z qo‘li*+ bilan yozgan edi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «Xudoning ruhi bilan».
So‘zma-so‘z «barmog‘i».