Chiqish 33:1-23

  • Xudo xalqga tanbeh beradi (1-6)

  • Uchrashuv chodiri qarorgoh tashqarisiga ko‘chiriladi (7-11)

  • Muso Yahovadan ulug‘vorligini ko‘rsatishni so‘raydi (12-23)

33  Yahova Musoga shunday dedi: «Sen Misr yurtidan olib chiqqan xalq bilan birga bu yerdan jo‘nab, Men Ibrohim, Is’hoq va Yoqubga: “Sening zurriyotingga* beraman”+,— deya qasam ichgan yurtga bor.  Men esa oldingda farishtani yuborib+, u yerdan kan’onlik, amoriy, xetiy, pariziy, xiviy va yobusiylarni quvib chiqaraman+.  Sut bilan asal oqadigan yurtga bor+. Lekin yo‘lda sizlarni yo‘q qilib yubormaslik uchun+, Men sizlar bilan birga bormayman, chunki sizlar o‘jar xalqsiz»+.  Xalq bu qattiq so‘zlarni eshitib, motam tuta boshladi va hech kim taqinchoqlarini taqmadi.  Yahova Musoga: «Isroil xalqiga bunday deb ayt: “Sizlar o‘jar xalqsiz+. Men orangizda bir zumda aylanib chiqib, sizlarni qirib tashlagan bo‘lardim+. Shunday ekan, taqinchoqlaringizni yechib qo‘yinglar, Men esa sizlar bilan qanday yo‘l tutishni o‘ylab ko‘raman”»,— dedi.  Isroil xalqi Xorev tog‘ining oldida taqinchoqlarini yechib, ularni boshqa taqmadi.  Muso bo‘lsa chodirini olib, qarorgohning tashqarisiga, undan uzoqroq joyga o‘rnatdi va uni uchrashuv chodiri deb atadi. Yahovadan biror narsa so‘ramoqchi bo‘lgan har kim+ qarorgohning tashqarisidagi uchrashuv chodiri oldiga borar edi.  Muso chodir tomon yo‘l olishi bilanoq, butun xalq o‘rnidan qo‘zg‘alardi va har biri o‘z chodiri oldida turib, Muso chodirga kirmaguncha orqasidan qarab turardi.  Muso chodirga kirgan zahoti esa, bulut ustuni+ pastga tushib, chodirning kiraverishida turardi. Bu paytda Xudo Muso bilan gaplashardi+. 10  Butun xalq bulut ustuni chodirning kiraverishida turganini ko‘rganda, har biri o‘z chodiri kiraverishida muk tushib ta’zim qilardi. 11  Odamlar bir-biri bilan gaplashganday, Yahova ham Muso bilan yuzma-yuz so‘zlashardi+. Muso qarorgohga qaytib borganida, uning xizmatchisi va yordamchisi+ bo‘lmish Nun o‘g‘li Yoshua+ chodirdan nari ketmasdi. 12  Muso Yahovaga quyidagilarni aytdi: «Sen menga: “Bu xalqni boshlab bor”,— deb aytyapsan, ammo men bilan kimni yuborishingni aytmading. Bundan tashqari, menga: “Seni yaxshi bilaman* va sen Mening nazarimda iltifot topding”,— degan eding. 13  Agar Sening nazaringda iltifot topgan bo‘lsam, o‘tinaman, Seni tanib-bilishim uchun va bundan buyon ham nazaringda iltifot topishim uchun, menga O‘z yo‘llaringni ochib ber+. Shuningdek, bu xalq Sening xalqing ekanini esingda tut»+. 14  Alloh unga: «O‘zim sen bilan birga boraman+ va senga xotirjamlik ato etaman»+,— deb aytdi. 15  Muso Unga javoban dedi: «Agar Sen biz bilan bormaydigan bo‘lsang, bizni shu yerda qoldir. 16  Men va xalqing Sening nazaringda iltifot topganimizni qanday bilsak bo‘ladi? Biz bilan birga borishingdan emasmi?+ Axir men va xalqing yer yuzidagi boshqa xalqlar orasida aynan shu bilan tanilganmiz-ku»+. 17  Yahova Musoga: «Mening nazarimda iltifot topganing va seni yaxshi bilganim bois, so‘ragan bu narsalaringni ham bajaraman»,— dedi. 18  Shunda Muso: «Iltimos, menga O‘z ulug‘vorligingni ko‘rsat»,— deb aytdi. 19  Tangri unga: «Men senga butun himmatimni ko‘rsataman va sening oldingda Yahova degan ismimni e’lon etaman+. Iltifot ko‘rsatgim kelgan kishiga iltifot ko‘rsataman. Rahm-shafqat ko‘rsatgim kelgan insonga rahm-shafqat namoyon etaman»+,— dedi. 20  Keyin esa: «Sen Mening yuzimni ko‘ra olmaysan, chunki yuzimni ko‘rgan hech bir odam tirik qolmaydi»,— deya qo‘shib qo‘ydi. 21  Yahova yana bunday deb aytdi: «Mening yonimda bir joy bor. O‘sha joydagi qoya ustida tur. 22  Mening ulug‘vorligim o‘tib ketayotganda, seni qoyaning yoriq joyiga qo‘yib, o‘tib ketmagunimcha qo‘lim bilan seni yopib turaman. 23  Qo‘limni olganimda Meni orqamdan ko‘rasan. Ammo yuzimni ko‘ra olmaysan»+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «urug‘ingga».
So‘zma-so‘z «Seni isming bilan taniyman».