Chiqish 7:1-25
7 Shunda Yahova Musoga quyidagilarni aytdi: «Men seni fir’avnga Xudo kabi qilib qo‘yaman*. Akang Horun esa, sening payg‘ambaring bo‘ladi+.
2 Men senga aytayotgan barcha amrlarni unga aytib turasan, Horun bo‘lsa bularni fir’avnga yetkazadi. Oxir-oqibat fir’avn Isroil xalqini o‘z yurtidan qo‘yib yuboradi.
3 Men esa fir’avnning yuragi tosh bo‘lishiga yo‘l qo‘yib+, Misr yurtida alomatlar-u mo‘jizalarimni ko‘paytiraman+.
4 Biroq fir’avn sizlarga quloq solmaydi. Shunda Men qo‘limni Misrga qarshi ko‘taraman. Misr yurti ustidan buyuk hukmlarimni amalga oshirib, Isroil o‘g‘illarini, son-sanoqsiz xalqimni* u yerdan olib chiqaman+.
5 Misrga qarshi qo‘limni uzatib, Isroil xalqini u yerdan olib chiqqanimda, misrliklar Men Yahova ekanimni bilib olishadi»+.
6 Muso bilan Horun Yahovaning amriga binoan yo‘l tutishdi. Ular aynan U aytgandek qilishdi.
7 Fir’avn bilan gaplashganda Muso 80 yoshda, Horun esa 83 yoshda edi+.
8 Yahova Muso bilan Horunga yana shularni aytdi:
9 «Agar fir’avn sizlarga: “Mo‘jiza ko‘rsatinglar”,— deb aytsa, sen Horunga: “Tayog‘ingni olib, uni fir’avnning oldiga tashla”,— degin. Shunda tayoq katta ilonga aylanib qoladi»+.
10 Muso bilan Horun fir’avnning oldiga borib, aynan Yahova aytganday qilishdi. Horun tayog‘ini fir’avn hamda xizmatkorlarining oldiga tashlagan edi, tayoq katta ilonga aylanib qoldi.
11 Biroq fir’avn donishmandlar-u sehrgarlarni chaqirtirdi+. Misr kohinlari o‘z sehrlarini ishga solib, xuddi shunday qilishdi+.
12 Ularning har biri o‘z tayog‘ini tashlagan edi, tayoqlari katta ilonlarga aylandi, lekin Horunning iloni* ularning ilonlarini yutib yubordi.
13 Ammo fir’avnning yuragi toshligicha qolib+, Yahova aytganiday ularga quloq solmadi.
14 Keyin Yahova Musoga shunday dedi: «Fir’avnning yuragi yumshamadi+. U xalqni qo‘yib yuborishdan bosh tortyapti.
15 Ertaga ertalab fir’avnning oldiga bor. U Nil daryosiga chiqadi. Uni qarshi olish uchun Nil daryosining sohilida tur, ilonga aylangan o‘sha tayog‘ing ham qo‘lingda bo‘lsin+.
16 Sen unga bunday deb ayt: “Meni ibroniylar Tangrisi Yahova sening oldingga shunday deb aytish uchun yubordi+: “Sahroda Menga xizmat qilishi uchun xalqimni qo‘yib yubor”. Biroq sen haligacha Unga quloq solganing yo‘q.
17 Yahova mana bu so‘zlarni aytyapti: “Men Yahova ekanimni shundan bilib olasan+: qo‘limni uzatib, tayog‘im bilan Nil daryosiga urganimda, u qonga aylanadi.
18 Nil daryosidagi baliqlar qirilib, daryo sasib ketadi. Misrliklar daryodan suv icha olmay qolishadi”».
19 Bundan keyin Yahova Musoga shunday dedi: «Horunga: “Suvlar qonga aylanishi uchun tayog‘ingni olib, Misrning butun suvlari — daryolari, anhorlari*, botqoqlari va barcha suv omborlari tomonga uzat”+,— deb ayt. Shunda butun Misr yurtidagi suvlar, hatto yog‘ochdan hamda toshdan yasalgan idishlardagi suvlar ham qonga aylanadi».
20 O‘sha zahotiyoq, Muso bilan Horun Yahova aytganidek qilishdi. Horun tayog‘ini ko‘tarib, fir’avn va xizmatkorlarining ko‘z oldida Nil daryosiga urgan edi, daryodagi suv qonga aylandi+.
21 Daryodagi baliqlar qirilib+, daryo sasiy boshladi va misrliklar Nil daryosidan suv icha olmay qolishdi+. Butun Misr yurtidagi suvlar qonga aylandi.
22 Misr kohinlari ham o‘z sehrlarini ishga solib, xuddi shunday qilishdi+. Shu bois, fir’avnning yuragi toshligicha qolib, Yahova aytganiday ularga quloq solmadi+.
23 So‘ng fir’avn uyiga qaytdi, ko‘rgan narsalari esa unga zig‘ircha ham ta’sir qilmadi.
24 Nil daryosi suvidan icha olishmagani bois, barcha misrliklar suv topish uchun Nil daryosining atrofida quduqlar qaziy boshlashdi.
25 Yahova Nil daryosini qonga aylantirganidan yetti kun o‘tdi.
Izohlar
^ Ya’ni fir’avn ustidan vakolat berilgan.
^ So‘zma-so‘z «qo‘shinimni».
^ So‘zma-so‘z «tayog‘i».
^ Ya’ni Nil daryosining anhorlari.