Ester 6:1-14
-
Shoh Mordaxayga hurmat ko‘rsatadi (1-14)
6 O‘sha kechasi shohning uyqusi qochdi. Shuning uchun u tarixiy qaydlar kitobini+ keltirishlarini va o‘qib berishlarini buyurdi.
2 U yerda ikkita saroy mulozimi — Bixtan bilan Tarash ismli darvozabonlar shoh Axashverashni o‘ldirish uchun uyushtirgan fitnani Mordaxay fosh etgani haqida yozilgan edi+.
3 Shoh: «Bu ishi uchun Mordaxayga hurmat ko‘rsatildimi? U qanday taqdirlandi?» — deb so‘radi. Bunga shohning huzuridagi xizmatkorlar: «U uchun hech narsa qilinmadi»,— deb javob berishdi.
4 Keyinroq shoh: «Hovlida kim bor?» — dedi. Bu payt Xomon o‘zi tayyorlab qo‘ygan ustunga Mordaxayni osishni shohdan so‘rash+ maqsadida saroyning tashqi hovlisiga+ kelib turgan edi.
5 Xizmatkorlar shohga: «Hovlida Xomon+ bor»,— deyishdi. Shoh: «Ichkariga kirsin»,— dedi.
6 Xomon ichkariga kirganda shoh undan: «Shoh hurmat ko‘rsatishni istagan kishi qanday taqdirlanishi lozim?» — deb so‘radi. Xomon: «Shoh mendan boshqa kimga ham hurmat ko‘rsatishni istardi»+,— deya ko‘nglidan o‘tkazdi.
7 Shu bois, u quyidagicha javob berdi: «Shoh hazratlari hurmat ko‘rsatishni istagan kishi uchun,
8 o‘zlari kiyadigan shohona libosni+ va shohimiz minadigan otga shohona bosh kiyimini kiydirib olib kelishsin.
9 So‘ng shohning obro‘li beklaridan biriga libos bilan ot topshirilsin va xizmatkorlar shoh hurmat ko‘rsatmoqchi bo‘lgan kishini kiyintirib, otga mindirishsin-da, shahar maydonida aylantirishsin. Ular o‘sha kishining oldida yurib: “Shoh hurmat ko‘rsatishni istagan kishi mana shunday taqdirlanadi!” — deb jar solishsin»+.
10 Shoh shu zahoti Xomonga buyurdi: «Tez bo‘l! Libos bilan otni olgin-da, hozirgina aytganlaringni shoh saroyining darvozasi oldida o‘tirgan yahudiy Mordaxay uchun bajar. Aytganlaringning birortasi ham qolib ketmasin».
11 Xomon libos bilan otni oldi va Mordaxayni+ kiyintirib, otga mindirdi-da: «Shoh hurmat ko‘rsatishni istagan kishi mana shunday taqdirlanadi!» — deb jar solgancha, shahar maydoni bo‘ylab uni aylantirdi.
12 So‘ng Mordaxay shoh saroyining darvozasi oldiga qaytdi, Xomon esa boshini yopgancha, xafahol qiyofada shosha-pisha uyiga jo‘nadi.
13 Xomon xotini Zareshga+ va barcha do‘stlariga bo‘lib o‘tgan voqealarni aytib berdi. Maslahatchilari bilan xotini unga: «Yahudiy Mordaxay hozir sizdan yuqoriroq martabaga ega bo‘lgan bo‘lsa, endi uni yenga olmaysiz, mag‘lubiyatga uchrashingiz aniq»,— deyishdi.
14 Ular gaplashib turganida, shoh mulozimlari kelib, Xomonni Ester tayyorlagan ziyofatga tezda olib ketishdi+.