Ester 9:1-32
9 O‘n ikkinchi oyning, ya’ni adar oyining 13- kunida+, shohning buyrug‘i va qonuni bajariladigan vaqt keldi+. Yahudiylarning dushmanlari ulardan ustun kelishga umid qilganda, aksi bo‘lib chiqdi va yahudiylar ulardan nafratlanganlarni mag‘lub etishdi+.
2 Yahudiylar shoh Axashverash+ boshqaruvi ostidagi barcha viloyatlarda, o‘z shaharlarida birgalikda yig‘ilib, ularga zarar yetkazmoqchi bo‘lgan hammaga hujum qilishdi. Hech kim yahudiylarga qarshi tura olmadi, chunki barcha xalqlar ulardan qo‘rqib qolgan edi+.
3 Viloyatlardagi hamma beklar, satraplar+, hokimlar va shohning ish yurituvchilari Mordaxaydan qo‘rqishgani uchun yahudiylarni qo‘llab-quvvatlashdi.
4 Mordaxay shoh saroyida yuqori martabaga ega bo‘ldi+. Uning qudrati oshib borgani sayin dovrug‘i barcha viloyatlarga taralardi.
5 Yahudiylar hamma dushmanlarini qilichdan o‘tkazib, o‘ldirib, qirib tashlashdi. G‘animlariga nisbatan istaganlarini qilishdi+.
6 Suza+ qal’asida yahudiylar 500 kishini qirib tashlashdi.
7 Shuningdek, ular Parshandata, Dalfon, Aspata,
8 Po‘rata, Odaliyo, Oridato,
9 Parmashto, Orisay, Oriday, Vayzotolarni o‘ldirishdi.
10 Bular yahudiylarning dushmani Xamadoto o‘g‘li Xomonning+ o‘nta o‘g‘li edi. Ammo ularni o‘ldirgach, yahudiylar hech narsani o‘lja qilib olishmadi+.
11 O‘sha kuni Suza qal’asida o‘ldirilganlarning soni haqida shohga ma’lum qilishdi.
12 Shoh malika Esterga dedi: «Suza qal’asida yahudiylar 500 kishini va Xomonning o‘nta o‘g‘lini o‘ldirishdi. Bu yerda ahvol shunday bo‘lsa, boshqa viloyatlarda nimalar qilishgan ekan?!+ Xo‘sh, endi qanday iltimosing bor? Uni bajo keltiraman. Ayt, yana qanday tilaging bor? Uni amalga oshiraman».
13 Ester shohga javoban: «Agar shoh hazratlariga ma’qul bo‘lsa+, Suzadagi yahudiylarga ertaga ham bugungi qonunga rioya qilishlariga izn berilsin+. Xomonning o‘nta o‘g‘li esa ustunga osilsin»+,— dedi.
14 Shoh uning iltimosi bajarilishini buyurdi. Suzada qonun chiqdi va Xomonning o‘nta o‘g‘li ustunga osildi.
15 Adar oyining 14- kuni+ Suzadagi yahudiylar yana birgalikda yig‘ilib 300 kishini o‘ldirishdi, biroq hech narsani o‘lja qilib olishmadi.
16 Viloyatlarda yashovchi qolgan yahudiylar ham birgalikda yig‘ilib, o‘zlarini himoya qilishdi+. Ular 75 000 g‘animini o‘ldirib, dushmanlaridan xalos bo‘lishdi+. Biroq hech narsani o‘lja qilib olishmadi.
17 Bu voqea adar oyining 13- kuni sodir bo‘ldi va 14- kuni ular tinchib, o‘sha kunni ziyofat va xursandchilik kuni qilishdi.
18 Suzadagi yahudiylar 13, 14- kunlari+ birgalikda yig‘ilishdi va 15- kuni tinchib, o‘sha kunni ziyofat va xursandchilik kuni qilishdi.
19 Lekin boshqa viloyatlardagi shaharlarda yashovchi yahudiylar adar oyining 14- kunini xursandchilik va ziyofat, bayram+ va bir-biriga taom ulashadigan kun+ etib belgilashdi.
20 Mordaxay+ bo‘lib o‘tgan voqealarni yozib, shoh Axashverash boshqaruvi ostidagi olis-yaqin viloyatlardagi barcha yahudiylarga rasmiy maktublar yo‘lladi.
21 U yahudiylarga har yili adar oyining 14, 15- kunlarini nishonlashni buyurdi.
22 Chunki bu kunlari yahudiylar dushmanlaridan xalos bo‘lib, ularning qayg‘usi quvonchga, motam kuni+ bayramga aylangan edi. Ular bu kunlarni nishonlab, ziyofat va xursandchilik qilishar, bir-biriga taom ulashib, kambag‘allarga sadaqa berishardi.
23 Yahudiylar boshlagan bayramini davom ettirib, Mordaxay yozganiday qilishga rozi bo‘lishdi.
24 Chunki yahudiylarning dushmani O‘gax naslidan+ bo‘lgan Xamadoto o‘g‘li Xomon+ ularni yo‘q qilish uchun reja tuzgan edi+. U yahudiylarni vahimaga solib, qirib tashlash uchun pur+, ya’ni qur’a tashlagan edi.
25 Ammo malika Ester shoh huzuriga borganida, shoh: «Yahudiylarga qarshi tuzgan yovuz rejasi+ o‘zining boshiga tushsin»,— deb yozma buyruq+ bergan edi. O‘shanda Xomonni va o‘nta o‘g‘lini ustunga osishgandi+.
26 Shuning uchun, pur*+ so‘zidan kelib chiqib, ular bu kunlarni Purim deb atashdi. Mordaxayning maktubida yozilganlarga va ko‘rgan-kechirganlariga binoan,
27 yahudiylar o‘zlarini, avlodlarini va ularga qo‘shilganlarni+ har yili bu ikki kunni albatta nishonlashga va maktubda ularga aytilgan narsalarni o‘z vaqtida ado etishga burchli deb bildilar.
28 Ushbu kunlarni har bir avlod va har bir oila, har bir viloyat va har bir shaharda xotirlab, nishonlashi kerak edi. Yahudiylar Purim kunlarini o‘tkazib yubormasligi va avlodlari osha ularni nishonlashni to‘xtatmasligi lozim edi.
29 So‘ng Purim borasidagi ikkinchi xat yozildi va Abuhayil qizi malika Ester bilan yahudiy Mordaxay o‘zlariga berilgan huquqdan foydalanib uni tasdiqlashdi.
30 Mordaxay shoh Axashverash+ boshqaruvi ostidagi 127 ta viloyatdagi+ barcha yahudiylarga tinchlik tilaklari va bor haqiqat bitilgan maktublar jo‘natdi.
31 Bu maktubda Purim belgilangan kunlari nishonlanib, ro‘za tutish+ va Xudoga yolvorib yordam so‘rash+ bilan o‘tishi kerakligi tasdiqlandi. Bu borada yahudiy Mordaxay bilan malika Ester yo‘l-yo‘riqlar berishgan edi+. Xalq ham o‘zlari va avlodlarini bularga amal qilishga burchli deb bilgan edi+.
32 Esterning buyrug‘i bilan Purim+ haqidagi bu qoidalar tasdiqlanib, kitobga yozib qo‘yildi.
Izohlar
^ «Pur» so‘zining ma’nosi «qur’a». Uning ko‘plik shakli «purim». Diniy kalendar bo‘yicha 12-oyda nishonlanadigan yahudiylarning bayrami shunday atalgan. Ilovaning B15 mavzusiga q.