Ezra 4:1-24
4 Yahudo bilan Benyaminning dushmanlari+ asirlikdan qaytib kelganlar+ Isroilning Xudosi Yahovaga atab ma’bad* qurishayotganini eshitgan zahotiyoq,
2 Zarubabelga va xonadonlar boshlariga murojaat qilib: «Kelinglar, bizlar ham sizlarga qo‘shilib qurilish ishida qatnashaylik, sizlar qatori Tangringizga topinaylik+. Axir Ossuriya shohi Asarxaddon+ bizni bu yerga ko‘chirganidan buyon+, biz Allohga qurbonlik keltirib yuribmiz»,— deyishdi.
3 Biroq Zarubabel bilan Yeshuva hamda Isroildagi xonadonlar boshlari ularga: «Bizga qo‘shilib Xudoyimizning uyini qurishga haqli emassiz+. Fors shohi Kir bizga buyurganiday, Isroilning Xudosi Yahovaning uyini o‘zimiz quramiz»+,— deb aytishdi.
4 Shundan keyin, atrofda yashaydigan xalqlar Yahudo aholisining ruhini tushirib*, ularning ko‘nglini qurilish ishidan sovutadigan bo‘lishdi+.
5 Shuningdek, ularning rejasini buzish maqsadida maslahatchilarni yollashdi+. Bu hol, Fors shohi Kir boshqarib yurgan davrdan boshlab to Fors shohi Doro*+ hukmronlik qilgunga qadar davom etdi.
6 Axashverash* hukmronligining boshida, ular Yahudo bilan Quddus aholisiga qarshi aybnoma yozdilar.
7 Shuningdek, Artakserks davrida Bishlam, Mitradot, To‘val va uning ittifoqchilari Fors shohi Artakserksga xat yozishdi. Xat oromiy tiliga tarjima qilinib+, oromiycha harflar bilan yozilgan edi*.
8 *Hokim Raxum va kotib Shimshay shoh Artakserksga Quddusni ayblovchi quyidagi mazmundagi xatni yozishdi:
9 (Ushbu xat hokim Raxumdan, kotib Shimshaydan va ularning ittifoqchilari, hakamlar va kichik amaldorlar, kotiblar, eraxliklar+, bobilliklar, Suza*+ aholisi, ya’ni elamliklardan+
10 hamda buyuk va muhtaram O‘snapar* surgun qilib, Samariyaning shaharlariga ko‘chirgan xalqlar+ va Furot daryosining g‘arbida* yashovchi boshqa xalqlar tomonidan yozildi.
11 Ushbu xatning nusxasini ular shohga jo‘natishdi.)
«Shoh Artakserksga, Furot daryosining g‘arbida yashovchi qullaringizdan.
12 Shoh hazratlari, siz yashayotgan joydan kelgan yahudiylar biz tomonga, Quddusga kelishganini sizga ma’lum qilmoqchimiz. Ular isyonkor va yomon bir shaharni qayta tiklashmoqda, shahar devorlarini tugatish arafasida+, poydevorlarini qayta tiklab bo‘lishyapti.
13 Sizga shu ma’lum bo‘lsinki shoh hazratlari, agar ushbu shahar qayta qurilsa va devorlari qad rostlasa, ular soliq ham, o‘lpon ham+, boj ham to‘lashmaydi. Natijada shoh xazinasi ziyon ko‘radi.
14 Saroyning tuzini yeb yurgan ekanmiz, shoh hazratlari ziyon ko‘rayotganiga qarab tura olmaymiz. Shuning uchun bu haqda sizga xabar beryapmiz,
15 toki ota-bobolaringizning qaydnomalarida yozilganlar+ diqqat bilan ko‘rib chiqilsin. Kitobda yozilganlarni o‘qib, bu shahar isyonkor ekanini, shohlarga hamda viloyatlarga zarar keltirishini va qadimdanoq u yerda qo‘zg‘olonchilar yashab kelganini bilib olasiz. Aynan shu sababli, bu shahar vayron qilingan edi+.
16 Shoh hazratlariga shuni bildirmoqchimizki, agar ushbu shahar va uning devorlari qayta qurilsa, Furot daryosining g‘arbidagi butun hududingiz qo‘l ostingizdan chiqib ketadi»+.
17 Shoh hokim Raxumga va kotib Shimshayga hamda Samariyada yashovchi ularning barcha ittifoqchilariga va Furot daryosining g‘arbidagi boshqa xalqlarga shunday deb yozib yubordi:
«Assalomu alaykum!
18 Bizga jo‘natgan rasmiy hujjatingiz tushunarli tarzda mening huzurimda o‘qib berildi*.
19 Mening buyrug‘im bilan tekshiruv o‘tkazilgani natijasida, azaldan bu shahar shohlarga qarshi bosh ko‘targani, bu joyda isyonlar-u qo‘zg‘olonlar ko‘tarilib turgani ma’lum bo‘ldi+.
20 Shuningdek, Quddusda Furot daryosining g‘arbidagi butun hududni boshqargan qudratli shohlar bo‘lgani va ularga soliq, o‘lpon va boj to‘langani ayon bo‘ldi.
21 Amrim shuki, ularga ishni to‘xtatish buyurilsin. Men amr etmagunimcha, bu shahar qayta qurilmasin.
22 Bundan keyin shohlar ziyon ko‘rmasligi uchun, bu masalaga yetarlicha e’tibor qaratinglar»+.
23 Shoh Artakserks yuborgan rasmiy hujjatning nusxasi Raxum, kotib Shimshay va ularning ittifoqchilari oldida o‘qib berilganida, ular darhol Quddusga, yahudiylarning oldiga yo‘l olishdi va ularni qurilish ishini to‘xtatishga majburlashdi.
24 Shundan keyin, Xudoning Quddusda joylashgan uyining qurilishi to‘xtadi va bu hol Fors shohi Doro hukmronligining ikkinchi yiligacha davom etdi+.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «qo‘llarini zaif qilib».
^ Doro I yoki Buyuk Doro.
^ Kambis II bo‘lishi mumkin.
^ Boshqa variant «xat oromiy tilida yozilib, keyin tarjima qilindi».
^ Ezr 4:8–6:18 gacha oyatlar asl nusxada oromiy tilida yozilgan.
^ Yoki «Shushan».
^ Ya’ni Ashshurbanipal.
^ Yoki «Furot daryosining naryog‘ida».
^ Boshqa variant «tarjima qilinib, o‘qib berildi».