Ezra 5:1-17
5 Bu voqealardan keyin, Xaggey payg‘ambar+ hamda Iddoning+ nevarasi Zakariyo payg‘ambar+ Isroilning ko‘kdagi Xudosi nomi bilan Yahudodagi va Quddusdagi yahudiylarga bashorat qilishdi.
2 Shundan keyin Shaltiyolning o‘g‘li Zarubabel+, Yohuzadaxning o‘g‘li Yeshuva+ Xudoning Quddusdagi uyini qayta qura boshlashdi+. Allohning payg‘ambarlari ham ular bilan bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlashardi+.
3 O‘sha paytda Furot daryosining g‘arbidagi* hududning hokimi Tattanay va Shatarbo‘zanay ittifoqchilari bilan ularning oldiga kelib: «Bu uyni qurishga hamda devorlarini qayta tiklashga sizlarga kim ruxsat berdi?» — deyishdi.
4 Yana ular: «Bu imoratning qurilishida ishtirok etayotganlarning ismlari nima?» — deb so‘rashdi.
5 Biroq, yahudiylarning oqsoqollariga Xudo yordam berayotgan edi+. Shuning uchun Tattanay va boshqalar Doroga bu masala bo‘yicha xat yuborib, undan rasmiy javob olmaguncha, qurilish ishini to‘xtatmadilar.
6 Furot daryosining g‘arbidagi hududning hokimi Tattanay, Shatarbo‘zanay va uning ittifoqchilari hamda daryoning naryog‘idagi hududning kichik amaldorlari shoh Doroga xat yuborishdi.
7 Yuborilgan xatda ular shunday deb yozgan edilar:
«Shoh Doroga.
Sizga tinchlik va omonlik tilaymiz!
8 Sizga shuni ma’lum qilmoqchimizki, biz Yahudo viloyatida joylashgan buyuk Xudoning uyiga borgan edik. Bu uy o‘sha yerga dumalatib olib kelingan toshlardan qurilyapti, devorlari orasiga xodalar qo‘yilyapti. Ish qizg‘in ketyapti va quruvchilarning ishi yurishyapti.
9 Shunda biz o‘sha yerdagi oqsoqollarni so‘roqga tutib: “Bu uyni qurishga hamda devorlarni qayta tiklashga sizlarga kim ruxsat berdi?”+ — deb so‘radik.
10 Bundan tashqari, sizga yozma ravishda ma’lum qilish maqsadida, ularga boshchilik qilayotgan odamlarning ismlarini ham so‘radik.
11 Ular esa bizga quyidagicha javob berishdi: “Biz yer-u ko‘k Xudosining xizmatchilarimiz. Bu uyni ko‘p yillar oldin Isroilning buyuk shohi qurib bitkazgan edi+, biz esa uni qayta tiklayapmiz.
12 Lekin ota-bobolarimiz samoviy Xudoning qahrini keltirishgani uchun+, U ota-bobolarimizni Bobil shohi xaldeylardan bo‘lgan Navuxodonosorning qo‘liga berdi+ va u bu uyni vayron qilib+, xalqni Bobilga surgun qilgan edi+.
13 Shunday bo‘lsa-da, Bobil shohi Kir hukmronligining birinchi yilida, shoh Kir Allohning uyini qayta tiklash haqida farmon chiqardi+.
14 Bundan tashqari shoh Kir Shashbazzar*+ ismli kishiga, Navuxodonosor Tangrining ma’badidan olib, Bobildagi ibodatxonaga qo‘ygan oltin va kumush idishlarni olib chiqib berdi+. Bu kishini shoh Kir hokim etib tayinlagan edi+.
15 Kir unga: “Bu idishlarni olgin-da, Quddusdagi ma’badga olib borib qo‘y. Tangrining uyi ham avvalgi joyida qayta qurilsin”+— dedi.
16 Shashbazzar u yerga yetib kelgach, Xudoning Quddusdagi uyi poydevorini soldi+. O‘sha vaqtdan buyon bu ishlar olib borilyapti, lekin haligacha yakuniga yetgani yo‘q”+.
17 Agar shoh hazratlari ma’qul deb bilsalar, shohning Bobildagi xazinasi tekshirilib, Allohning Quddusdagi uyini qayta tiklash borasida shoh Kir farmon chiqargan-chiqarmaganini aniqlashga ruxsat etsinlar+. So‘ng shoh hazratlari bu masalaga tegishli qarorlarini bizga ham yuborsinlar».