Ezra 6:1-22
6 Shundan keyin shoh Doroning buyrug‘i bilan, Bobil xazinasida saqlangan qo‘lyozmalar* qarab chiqildi
2 va oxiri Midiya viloyatining Ekbatana shahridagi qal’adan o‘rama bitik topildi. Unda quyidagi so‘zlar yozilgan edi:
3 «Shoh Kir o‘z hukmronligining birinchi yilida Quddusdagi Xudoning uyiga tegishli quyidagicha farmon chiqardi+: “Qurbonliklar keltirish maqsadida yahudiylar uyni qayta qurishsin, poydevorlarini mustahkamlashsin. Imoratning balandligi 60 tirsak*, eni 60 tirsak bo‘lsin+.
4 Imoratning devorlari o‘sha yerga dumalatib olib kelingan yirik toshlardan uch qator qilib, uning ustiga bir qator xodalar qo‘yilib qurilsin+. Xarajatlar shohning xazinasi hisobidan qoplansin+.
5 Shuningdek, Navuxodonosor Xudoning Quddusdagi ma’badidan* olib chiqib, Bobilga olib ketgan oltin va kumush idishlar+ ham ilgari qayerda turgan bo‘lsa, o‘sha joyga qaytarilsin va Xudoning uyida o‘z o‘rniga qo‘yilsin+.
6 Shu bois, Furot daryosining g‘arbidagi* hududning hokimi Tattanay, Shatarbo‘zanay va daryoning naryog‘idagi hududning kichik amaldorlari bo‘lmish ularning ittifoqchilari+ — sizlar u yerga yaqin yo‘lamanglar.
7 Xudoning uyida olib borilayotgan ishlarga xalaqit bermanglar. Yahudiylarning hokimi va ularning oqsoqollari Xudoning uyini avvalgi joyida qayta tiklashsin.
8 Bundan tashqari, Xudoning uyini qayta qurish ishida yahudiylarning oqsoqollariga yordam berishlaringizni buyuraman: xarajatlarni qoplash uchun bu kishilarga shohning xazinasidan+, ya’ni Furot daryosining g‘arbida yig‘ilgan soliqdan darhol mablag‘ ajratilsin. Ish to‘xtamasligi uchun mablag‘ ajratilishiga to‘sqinlik qilinmasin+.
9 Samoviy Xudoga kuydiriladigan qurbonliklar keltirish uchun nimaiki kerak bo‘lsa: buzoqlar+, qo‘chqor-u+ qo‘zilar+ shuningdek, Quddusdagi ruhoniylar so‘ragan narsalar: bug‘doy+, tuz+, sharob+ va moy+ har kuni kanda qilmasdan berib turilsin.
10 Toki ular samoviy Xudoga manzur bo‘lgan nazrlarni keltirib, shoh va o‘g‘illarining umri uzoq bo‘lishi uchun ibodat qilishsin+.
11 Yana shuni buyuraman: agar biror kishi ushbu farmonni buzsa, uning uyidan xoda sug‘urib olinsin-da, uni o‘sha xodaga qoqib qo‘yishsin. Shu qilmishi uchun uning uyi jamoat hojatxonasiga* aylantirilsin.
12 Ushbu farmonni buzib, Xudoning Quddusdagi uyini vayron qilishga uringan har qanday shoh yoki xalqni, o‘sha uyni O‘z ismi uchun tanlab olgan Tangri+ yo‘q qilib yuborsin. Ushbu farmonni men, Doro chiqardim. U darhol bajarilsin”».
13 Shundan keyin, Furot daryosining g‘arbidagi hududning hokimi Tattanay, Shatarbo‘zanay+ va ularning ittifoqchilari shoh Doro buyurgan barcha narsani zudlik bilan bajardilar.
14 Yahudiylarning oqsoqollari esa, Xaggey payg‘ambar+ hamda Iddoning nevarasi Zakariyo payg‘ambar bashorat qilib+ ularning ruhini ko‘targani uchun, qurishni davom ettirishdi va ishlari yurishib ketdi+. Ular Isroil Tangrisining amri bilan+ hamda Fors shohlari Kir+, Doro+ va Artakserksning buyrug‘i bilan+ qurilish ishini nihoyasiga yetkazishdi.
15 Adar* oyining uchinchi kunida, shoh Doro hukmronligining oltinchi yilida, ular uyni qurib bitkazishdi.
16 So‘ng isroilliklar, ruhoniylar, levilar+ va asirlikdan qaytib kelganlarning barchasi Xudo uyining ochilish* marosimini xursandchilik bilan nishonladilar.
17 Xudo uyining ochilish marosimiga ular 100 ta buqa, 200 ta qo‘chqor, 400 ta qo‘zini qurbonlik qildilar. Isroil qabilalarining soniga ko‘ra, butun Isroil uchun 12 ta takani gunoh qurbonligi qilib keltirdilar+.
18 Musoning kitobida yozilganiga binoan+, ular ruhoniylarni va levilarni guruhlarga bo‘lib, Quddusda Xudoga xizmat qilishga tayinladilar+.
19 Asirlikdan qaytib kelganlar birinchi oyning 14- kunida Fisih bayramini nishonladilar+.
20 Ruhoniylar va levilar bitta qolmay o‘zlarini pokladilar+, shunday qilib ularning bari poklandi. Levilar asirlikdan qaytib kelganlar uchun, ruhoniy birodarlari va o‘zlari uchun Fisih qurbonligini so‘yishdi.
21 So‘ng surgundan qaytib kelgan isroilliklar taomni tanovul qilishdi. Ularning dasturxoniga, Isroilning Xudosi Yahovaga topinish niyatida o‘zini o‘sha yerlik xalqlarning nopokliklaridan tozalagan barcha insonlar ham qo‘shilishdi+.
22 Bundan tashqari, ular yetti kun davomida Xamirturushsiz non bayramini+ xursandchilik bilan nishonlashdi. Chunki Isroil Xudosi haq Tangri Yahova O‘z uyini qurish uchun ularni qo‘llab-quvvatlasin deya, Ossuriya shohining yuragini yumshatib+, ularga quvonch ato etdi.
Izohlar
^ Yoki «arxivlar».
^ Taxm. 26,7 m. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Yoki «Furot daryosining naryog‘idagi».
^ Boshqa variant «axlatxona; go‘ngxona».
^ Yoki «bag‘ishlash».