Ezra 8:1-36

  • Ezra bilan Quddusga qaytganlar ro‘yxati (1-14)

  • Safarga hozirlik ko‘riladi (15-30)

  • Bobilni tark etib Quddusga kelish (31-36)

8  Shoh Artakserks+ hukmronlik qilgan davrda, men bilan Bobildan chiqqan xonadonlar boshlari va ularning nasabnomasi quyidagichadir:  Finxazning+ o‘g‘illaridan Gershom, Itamarning+ o‘g‘illaridan Doniyor, Dovudning o‘g‘illaridan Xattush;  Paro‘shning o‘g‘illaridan bo‘lgan Shaxaniyoning o‘g‘illaridan Zakariyo va u bilan birga nasabnomaga kiritilgan 150 nafar erkak;  Paxatmo‘abning+ o‘g‘illaridan bo‘lgan Zaraxiyoning o‘g‘li Elixo‘nay va u bilan birga 200 nafar erkak;  Zattuning o‘g‘illaridan+ bo‘lgan Yaxaziyolning o‘g‘li Shaxaniyo va u bilan birga 300 nafar erkak;  Adinning o‘g‘illaridan+ bo‘lgan Yo‘natanning o‘g‘li Evid va u bilan birga 50 nafar erkak;  Elamning o‘g‘illaridan+ bo‘lgan Otaliyo o‘g‘li Yeshayo va u bilan birga 70 nafar erkak;  Shafatiyoning o‘g‘illaridan+ bo‘lgan Mikoilning o‘g‘li Zabadiyo va u bilan birga 80 nafar erkak;  Yo‘abning o‘g‘illaridan bo‘lgan Yoxiyolning o‘g‘li Obodiyo va u bilan birga 218 nafar erkak; 10  Banixning o‘g‘illaridan bo‘lgan Yo‘sifiyoning o‘g‘li Shalumit va u bilan birga 160 nafar erkak; 11  Bo‘vayning o‘g‘illaridan+ bo‘lgan Bo‘vayning o‘g‘li Zakariyo va u bilan birga 28 nafar erkak; 12  Ozgadning o‘g‘illaridan+ bo‘lgan Xakkatanning o‘g‘li Yo‘xanon va u bilan birga 110 nafar erkak; 13  Odonixam o‘g‘illarining+ ismlari quyidagicha: Elifalet, Yaviyol va Shamayo va ular bilan birga 60 nafar erkak, ular oxirgi bo‘lib qaytib kelishgan; 14  Big‘vayning o‘g‘illaridan+ bo‘lgan Utay va Zabbud va ular bilan birga 70 nafar erkak. 15  Men ularni Oxabo tomonga oqadigan daryo bo‘yida+ yig‘dim. Biz o‘sha yerda chodir tikib, uch kun qoldik. Ammo xalq va ruhoniylarni sinchiklab ko‘rib chiqqanimda, ularning orasida levilar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. 16  Shundan keyin xabar yuborib, yo‘lboshchilar hisoblangan Eliazarni, Oriyolni, Shamayoni, Elnatanni, Yorivni, Elnatanni, Natanni, Zakariyo va Mashullomni hamda ustozlik qilgan Yo‘xariv va Elnatanni chaqirtirdim. 17  Ularga Kosifiyo deb atalgan joyning yo‘lboshchisi Iddoning oldiga borishni buyurdim. Kosifiyoda yashaydigan Iddoga hamda ma’bad* xizmatchilari* bo‘lmish birodarlarining yoniga borib, Tangrimizning uyi uchun xizmatkorlarni yuboringlar, deb aytishni ularga tayinladim. 18  Tangrimiz bizga yordam bergani uchun, ular Isroilning o‘g‘li, Levining nevarasi bo‘lmish Maxlining+ o‘g‘illarini, ya’ni aql-idrokli Sharaviyoni+ va uning o‘g‘illari bilan birodarlarini, 18 nafar erkakni yuborishdi. 19  Xashaviyo va u bilan birga Marorining+ o‘g‘illaridan Yeshayo, uning birodarlari va ularning o‘g‘illari, jami 20 nafar erkak. 20  Shuningdek, levilarga xizmat qilish uchun Dovud hamda beklar bergan ma’bad xizmatchilaridan 220 nafar xizmatchi. Ularning barchasi nomma-nom tilga olingan. 21  So‘ng Tangrimizning oldida o‘zimizni past tutib, safarimiz, o‘zimiz-u farzandlarimiz va butun mol-mulkimiz uchun Undan himoya so‘rash maqsadida, Oxabo daryosi bo‘yida ro‘za e’lon qildim. 22  Yo‘lda dushmanlardan bizni himoya qilishi uchun, shohdan askarlar va suvorilar berishni so‘rashga uyaldim. Chunki shohga: «Allohimiz O‘z qo‘li bilan Uni izlaganlarning barchasiga baraka beradi+, ammo Uni tark etganlarning bariga kuchli g‘azabini yog‘diradi»+,— deb aytgan edik. 23  Xullas, biz ro‘za tutib, Xudoyimizdan shu narsalar haqida so‘radik va U iltijoimizni eshitdi+. 24  Shundan keyin men 12 nafar bosh ruhoniyni, ya’ni Sharaviyo, Xashaviyo+ va ularning 10 ta birodarini tanlab oldim. 25  Shoh va uning maslahatchilari, beklari va o‘sha yerdagi barcha isroilliklar Xudoyimizning uyiga atab ehson qilgan kumush, oltin hamda anjomlarni taroziga tortib ularga berdim+. 26  Men ularning qo‘liga 650 talant* kumushni, qiymati 2 talantga teng 100 dona kumush anjomlarni, 100 talant oltinni tortib berdim. 27  Shuningdek, qiymati 1 000 darikka* teng bo‘lgan 20 ta oltin kosacha va bahosi oltinga teng bo‘lgan 2 dona a’lo sifatli yarqiroq qizil mis anjom berdim. 28  So‘ng ularga: «Sizlar Yahova uchun muqaddassizlar+. Anjomlar ham, ota-bobolaringiz Xudosi Yahovaga atab ko‘ngildan chiqarib ehson qilingan mana bu kumush va oltin ham muqaddasdir. 29  Bu narsalarni Quddusdagi ruhoniylar va levilarning boshliqlari, Isroildagi xonadonlar beklarining oldida taroziga tortib, Yahovaning uyidagi xonalarga* olib borib topshirmaguncha, ehtiyot qilib saqlanglar»+,— dedim. 30  Ruhoniylar-u levilar Quddusga, Xudoning uyiga olib borish uchun taroziga tortilgan kumush, oltin hamda anjomlarni qabul qilishdi. 31  Nihoyat, birinchi oyning+ 12- kuni biz Oxabo daryosi bo‘yidan+ Quddusga yo‘l oldik. Tangrimiz bizni himoya qilib, yo‘lda dushmanlardan hamda pistirma qo‘yganlardan qutqardi. 32  Shunday qilib, biz Quddusga yetib keldik+ va u yerda uch kun turdik. 33  To‘rtinchi kuni kumush, oltin va anjomlarni Xudoyimizning uyidagi tarozida tortdik+ va ularni Uriyoning o‘g‘li ruhoniy Miromo‘tga+, Finxazning o‘g‘li Elazarga hamda levilardan Yeshuvaning o‘g‘li Yo‘zabadga+, Binnuyning+ o‘g‘li Novadiyoning qo‘liga topshirdik. 34  Hammasini tarozida tortib, sanab chiqqanimizdan keyin, ularning og‘irligi qancha ekanligini yozib qo‘ydik. 35  Asirlikdan qaytib kelganlar Isroilning Xudosiga atab kuydiriladigan qurbonliklarni keltirishdi: butun Isroil uchun 12 ta buqa+, 96 ta qo‘chqor+, 77 ta qo‘zi va gunoh qurbonligi tariqasida 12 ta takani+ so‘yishdi. Bularning barchasini Yahovaga atab kuydiriladigan qurbonliklar sifatida keltirishdi+. 36  So‘ng shohning farmonlarini+ shohning satraplariga* hamda Furot daryosining+ g‘arbidagi* boshqaruvchilarga berdik. Shunda ular haq Tangrining uyini qurayotgan xalqga yordam ko‘rsata boshlashdi+.

Izohlar

Lug‘atga q.
Yoki «netinimlar» So‘zma-so‘z «berilganlar».
Bir talant=34,2 kg. Ilovaning B14 mavzusiga q.
Fors oltin tangasi. Ilovaning B14 mavzusiga q.
Yoki «oshxonalarga».
Bu unvon «shohlik himoyachilari» degan ma’noga ega. Bu yerda Fors imperiyasining viloyat hukmdorlariga nisbatan qo‘llanilgan.
Yoki «Furot daryosining naryog‘idagi».