Galatiyaliklarga 3:1-29

  • Qonun talablarini bajarish va imon (1-14)

    • «Odil kishi imoni tufayli yashaydi» (11)

  • Ibrohimga va’da Qonun bo‘yicha berilmagan (15-18)

    • Masih Ibrohimning zurriyoti (16)

  • Tavrotning berilishi va maqsadi (19-25)

  • Imon orqali Xudoning o‘g‘illari bo‘lish (26-29)

    • Ibrohimning zurriyoti Masihga tegishli (29)

3  Ey aqlsiz galatiyaliklar, kim sizlarga bunday yomon ta’sir qildi?+ Axir Iso Masihning ustunga mixlanganini go‘yo o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rganday bo‘lgansiz-ku+.  Faqat bir narsani sizlardan bilib olmoqchiman: sizlar muqaddas ruhni qonunga rioya qilish orqali oldingizmi yoki eshitganingizga ishonganingiz orqalimi?+  Sizlar shunchalik befahmmisizlar? Muqaddas ruhga muvofiq tarzda yashashdan boshlab, tanaga muvofiq tarzda yashash bilan yakunlamoqchimisizlar?+  Bekorga shuncha azob chekkanmisizlar? Bekorga deb o‘ylamayman.  Sizlarga muqaddas ruhni beruvchi va oralaringizda qudratli ishlarni ko‘rsatuvchi+, buni qonunga rioya etayotganingiz tufayli qiladimi yoki eshitganingizga ishonganingiz tufaylimi?  Mana, Ibrohim ham «Yahovaga* ishondi va shuning uchun odil deb tan olindi»+.  Albatta sizlarga ma’lumki imonini mahkam tutganlar Ibrohim o‘g‘illaridir+.  Qadimda Muqaddas Yozuvlarda aytilganidek, Alloh barcha millatlardan bo‘lgan insonlarni imonlari tufayli odil deb e’lon qilishini oldindan ko‘ra bilib, Ibrohimga: «Sen orqali barcha xalqlar baraka topadi»+,— deb xabar qilgan.  Shu sababli, imonini mahkam tutganlar ham imonli bo‘lgan Ibrohim bilan birga baraka topishmoqda+. 10  Qonun talab qilgan ishlarga tayanganlarning barchasi la’nat ostidadirlar. Zero Muqaddas Yozuvlarga binoan: «Kimki Qonun kitobida yozilganlarning bariga doimo rioya qilmasa, la’nati bo‘lsin»+. 11  Hech kim qonun orqali Tangrining nazarida odil deb e’lon qilinmaydi+, chunki «odil kishi imoni tufayli yashaydi»+. 12  Tavrot esa imon bilan bog‘liq emas, aksincha, «ularga rioya qilgan kishi ular tufayli yashaydi»+. 13  Masih to‘lov berib+ Tavrotning la’natidan bizni ozod qildi+ va o‘zi bizning o‘rnimizga la’nati bo‘ldi. Chunki Muqaddas Yozuvlarga ko‘ra: «Ustunga osilgan har qanday kishi la’natidir»+. 14  Bu esa, Ibrohimga va’da qilingan barakalar Iso Masih orqali boshqa xalqlarga ham yoyilib+, imonimiz tufayli va’da etilgan muqaddas ruhni olishimiz uchun+ sodir bo‘ldi. 15  Birodarlar, insonlar hayotidan bir misol keltiray: ahd insonlar tomonidan qilinsa-da, uni hech kim bekor etolmaydi va unga qo‘shimcha ham kiritolmaydi. 16  Ibrohimga va uning zurriyotiga* va’dalar berilgandi+. «Zurriyotlariga» deya ko‘pchilik haqida aytilmagan, aksincha, «sening zurriyotingga beraman» deb bitta kishi, ya’ni Masih ko‘zda tutilgan+. 17  Shuni aytmoqchimanki, ilgari Xudo tomonidan qilingan ahd, undan 430 yil keyin paydo bo‘lgan+ Tavrot tomonidan bekor qilinmadi va berilgan va’dani yo‘qga chiqarmadi. 18  Agar meros qonun bo‘yicha berilsa, unda u va’da bo‘yicha berilgan bo‘lmaydi. Ammo Xudo merosni Ibrohimga va’da orqali bergan+. 19  Unda Tavrot nima uchun berilgan? Va’dani olgan zurriyot* kelmaguncha+ jinoyatlarni oshkor etish uchun+, farishtalar orqali+, vositachining qo‘li bilan berilgan+. 20  Faqat bitta taraf bo‘lganda vositachining keragi bo‘lmaydi. Bu ahdda yagona taraf Allohdir. 21  Unday bo‘lsa Tavrot Xudoning va’dalariga qarshimi? Aslo! Bordi-yu, hayot ato etadigan qonun berilganida edi, unda odillik aslida qonunga rioya qilish orqali erishilardi. 22  Iso Masihga bo‘lgan ishonchga asoslangan va’da imoni borlarga berilishi uchun, Muqaddas Yozuvlar hamma narsani gunohga bandi qildi. 23  Biroq imon paydo bo‘lishidan avval, bizlar qonunning nazorati ostida edik va bu imon ochilishini kutardik+. 24  Shu yo‘sin, Tavrot imon orqali odil deb e’lon qilinishimiz uchun+ Masihga yetaklaydigan tarbiyachimiz bo‘lgan+. 25  Endi esa imon paydo bo‘lganidan so‘ng+ biz tarbiyachining nazorati ostida emasmiz+. 26  Iso Masihga bo‘lgan imon orqali+ hammangiz Xudoning o‘g‘illarisiz+. 27  Masihga cho‘mdirilgan hammangiz Masih singari bo‘ldingiz*+. 28  Endi na yahudiy, na yunon+, na qul, na ozod+, na erkak va na ayol bor+. Chunki hammangiz Iso Masih bilan birlikdasiz+. 29  Agar Masihga tegishli bo‘lsangizlar, unda sizlar chinakamiga Ibrohimning zurriyoti*+, va’daga ko‘ra+ merosxo‘rsizlar+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «urug‘iga».
So‘zma-so‘z «urug‘».
Yoki «Masihga burkandingiz».
So‘zma-so‘z «urug‘i».