Hakamlar 11:1-40

  • Hakam Yiftox haydaladi, so‘ng yo‘lboshchi bo‘ladi (1-11)

  • Yiftox ommonliklar bilan muzokara qiladi (12-28)

  • Yiftoxning va’dasi va qizi (29-40)

    • Qizi turmush qurmaydi (38-40)

11  Giladlik Yiftox+ qudratli jangchi edi. U bir fohisha ayolning o‘g‘li bo‘lib, otasining ismi Gilad edi.  Giladning xotini ham unga o‘g‘illar tug‘ib berdi. Xotinidan tug‘ilgan o‘g‘illari ulg‘aygach, Yiftoxga: «Sen boshqa ayoldan tug‘ilgansan, shuning uchun otamizning xonadonidan meros olmaysan»,— deb uni haydab yuborishdi.  Yiftox birodarlaridan qochib, Tov diyoriga borib o‘rnashdi. Ishsiz yurgan kishilar Yiftoxga sherik bo‘lishdi va unga qo‘shilib dushmanlariga qarshi bosqinchilik qilishardi.  Bir muncha vaqt o‘tgach, ommonliklar Isroil xalqiga qarshi urush boshlashdi+.  Ommonliklar Isroil xalqiga qarshi jang boshlaganida, Giladning oqsoqollari Yiftoxni qaytarib olib kelish uchun darhol Tov diyoriga yo‘l olishdi.  Ular Yiftoxga: «Ommonliklarga qarshi jang qilish uchun kelib bizga qo‘mondonlik qiling»,— deyishdi.  Yiftox bo‘lsa Gilad oqsoqollariga: «Mendan qattiq nafratlanib, otamning uyidan haydab chiqargan sizlar emasmi?!+ Endi boshingizga kulfat tushganda, nega oldimga keldingiz?!» — deb aytdi.  Gilad oqsoqollari Yiftoxga: «Gapingiz to‘g‘ri, shuning uchun ham sizga murojaat qilib keldik. Biz bilan borib ommonliklarga qarshi jang qilsangiz, butun Gilad aholisi ustidan yo‘lboshchimiz bo‘lasiz»+,— deb javob berishdi.  Yiftox bo‘lsa Gilad oqsoqollariga: «Sizlar bilan borib ommonliklarga qarshi jang qilsam va Yahova ularni qo‘limga topshirsa, yo‘lboshchingiz bo‘laman!» — deb aytdi. 10  Gilad oqsoqollari Yiftoxga: «Yahova oramizda shohid bo‘lsin, aytganingizday qilamiz»,— deyishdi. 11  Yiftox Gilad oqsoqollari bilan ketdi va xalq uni o‘z yo‘lboshchisi va qo‘mondoni etib tayinladi. Yiftox bo‘lsa aytgan hamma so‘zlarini Mispaxda+, Yahovaning oldida takrorladi. 12  So‘ng Yiftox ommonliklar+ shohi oldiga xabarchilar yuborib: «Menda biror qasdingiz bormidi, yurtimga hujum qilgani kelibsiz?» — deb so‘radi. 13  Ommonliklar shohi Yiftox jo‘natgan xabarchilarga: «Isroil xalqi Misrdan chiqib kelganida, Arnondan+ tortib Yavoqqacha hamda Iordan daryosigacha+ bo‘lgan yerlarimni tortib olgan edi+. Yaxshilikcha bu yerlarni qaytarib ber»,— deb javob qaytardi. 14  Ammo Yiftox xabarchilarni yana ommonliklar shohi oldiga yuborib, 15  shunday deyishni tayinladi: «Yiftox bunday deb aytyapti: “Isroil xalqi mo‘abliklarning+ ham, ommonliklarning+ ham yerini tortib olgani yo‘q. 16  Misrdan chiqqach, Isroil xalqi sahroni kezib Qizil dengizga+, undan keyin Kadeshga+ bordi. 17  So‘ngra Isroil xalqi Edom+ shohiga xabarchilar yuborib: “Iltimos, yurtingizdan o‘tib ketishimizga ruxsat bering”,— deb aytdi, Edom shohi esa quloq solmadi. Mo‘ab+ shohiga ham xabar yuborganida, u ham rozi bo‘lmadi. Shunda Isroil xalqi Kadeshda+ qoldi. 18  Sahro bo‘ylab yurishganida, ular Edom va Mo‘ab yurtlarini aylanib o‘tishdi+. Mo‘ab yurtining sharqiga borib+, Arnon hududida qarorgoh qurishdi. Arnon Mo‘abning chegarasi bo‘lgani bois, Mo‘ab chegarasiga oyoq bosishmadi+. 19  Bundan so‘ng, Isroil xalqi amoriylarning Xashbondagi shohi Sixo‘nga xabarchilar orqali: “Iltimos, manzilimizga yetib olish uchun yurtingizdan o‘tib ketishimizga ruxsat bering”+,— deb ayttirib yubordi. 20  Biroq Sixo‘n Isroil xalqiga ishonmagani uchun, o‘zining hududidan o‘tib ketishga ruxsat bermadi. Sixo‘n butun xalqini yig‘ib, Yaxazda qarorgoh qurdi va Isroilga qarshi jang qildi+. 21  Isroil xalqining Tangrisi Yahova Sixo‘nni va uning butun xalqini Isroilning qo‘liga berdi. Shu tariqa, Isroil xalqi ularni mag‘lub qilib, bu yurt aholisi bo‘lmish amoriylarning hamma yerlarini mulk qilib oldi+. 22  Ular amoriylarning butun hududini — Arnondan tortib Yavoqqacha hamda sahrodan boshlab Iordan daryosigacha bo‘lgan yerlarni mulk qilib olishdi+. 23  Isroilning Xudosi Yahova O‘z xalqi isroilliklar oldidan amoriylarni haydab chiqargan edi+. Endi siz bu xalqni quvib chiqarmoqchi bo‘lyapsizmi?! 24  Xudoyingiz Xamo‘sh+ kimning yerini sizlarga bergan bo‘lsa, o‘shaning yerini egallab olmaysizmi?! Biz ham Allohimiz Yahova kimni oldimizdan haydab chiqarsa, o‘shani quvib chiqaramiz+. 25  Nima, Mo‘abning shohi Zippur o‘g‘li Boloqdan+ ortiq joyingiz bormi? U qachondir Isroil xalqi bilan talashgan yoki jang qilganmidi? 26  Isroil xalqi Xashbonda va unga qarashli* shaharchalarda+, shuningdek, Aroyerda va unga qarashli shaharchalarda, Arnon sohili bo‘yidagi barcha shaharlarda 300 yil yashadi. Nega shu vaqt davomida bu yerlarni tortib olmadingiz?+ 27  Men sizga qarshi gunoh qilmadim. Siz bo‘lsangiz menga hujum uyushtirib, yaxshi ish qilmadingiz. Hakam bo‘lmish Yahova+, bugun Isroil xalqi bilan Ommon xalqi o‘rtasida ajrim qilsin”». 28  Biroq ommonliklar shohi Yiftox ayttirib yuborgan so‘zlarga quloq solmadi. 29  Yahovaning ruhi Yiftoxning ustiga tushdi+. U Gilad bilan Manashedan o‘tib, Giladdagi Mispaxga bordi+. Keyin o‘sha yerdan ommonliklar tomon yo‘l oldi. 30  Yiftox Yahovaga qasam ichib+: «Agar ommonliklarni qo‘limga topshirsang, 31  jangdan g‘alaba bilan qaytganimda, eshigimdan menga peshvoz chiqqan birinchi kishi Yahovaga tegishli bo‘ladi+. Uni kuydiriladigan qurbonlik qilib keltiraman*+»,— dedi. 32  Yiftox borib ommonliklarga qarshi jang qildi va Yahova ularni uning qo‘liga berdi. 33  U Aroyerdan tortib Minnitgacha ularni qirg‘in qilib, 20 ta shaharni bosib oldi. Ularni Ovil-Karomgacha qirdi, nihoyatda ko‘p odam halok bo‘ldi. Shu tariqa, ommonliklar isroilliklarga tobe bo‘ldi. 34  Nihoyat, Yiftox Mispaxdagi uyiga qaytdi+. Qizi childirma chalib, raqsga tushib unga peshvoz chiqdi! Qizi uning yakka-yu yagona farzandi edi. Undan boshqa o‘g‘li ham, qizi ham yo‘q edi. 35  Uni ko‘rishi bilan Yiftox kiyimlarini yirtib: «Voy, qizim! Yurak-bag‘rimni qon qilding-ku! Uydan badarg‘a qilishim kerak bo‘lgan odam sen bo‘lib chiqding. Men Yahovaga lafz qilgan edim, endi so‘zimni orqaga qaytarib ololmayman»+,— dedi. 36  Qizi bo‘lsa Yiftoxga: «Otajon, agar Yahovaga lafz qilgan bo‘lsangiz, lafzingizda turing+. Axir Yahova dushmanlaringiz bo‘lmish ommonliklardan o‘ch oldi-ku»,— deb aytdi. 37  So‘ngra otasiga: «Faqat bitta tilagim bor: menga ikki oyga ruxsat bering. Dugonalarim bilan tog‘larga chiqib, ko‘z yosh to‘kib kelayin. Chunki endi bokiraligimcha qolaman*»,— dedi. 38  Yiftox qiziga: «Mayli, boraqol»,— deb aytdi. U qiziga ikki oyga ruxsat berdi va qizi bokira qolayotgani uchun dugonalari bilan tog‘larga chiqib yig‘ladi. 39  Ikki oy o‘tgach, u otasining oldiga qaytdi. So‘ng Yiftox qiziga tegishli va’dasini bajardi+. Shunday qilib qiz erkak kishi bilan yashamadi*. Isroilda esa bir odat paydo bo‘ldi: 40  har yili Isroildagi qizlar giladlik Yiftoxning qizini vasf etgani borib, yilida to‘rt kun uning yonida bo‘lishardi.

Izohlar

Yoki «uning atrofidagi».
Ehtimol, Xudoga xizmat qilishga butunlay bag‘ishlanishni anglatadigan majoziy ibora.
Yoki «hech qachon turmushga chiqmayman».
Ya’ni jinsiy aloqada bo‘lmadi.