Hakamlar 17:1-13

  • Mixoning butlari va ruhoniysi (1-13)

17  Efrayim tog‘li hududida+ Mixo ismli kishi yashardi.  U onasiga: «Esingizda bo‘lsa, 1 100 shekel kumushingizni o‘g‘irlatib qo‘yganingizda, siz mening oldimda o‘g‘rini qarg‘agan edingiz. O‘sha kumushlar menda, ularni men olgan edim»,— deb aytdi. Shunda onasi unga: «O‘g‘limni Yahova muborak qilsin»,— dedi.  Mixo 1 100 shekel kumushni onasiga berganida, onasi: «Men albatta ularni o‘g‘lim uchun Yahovaga bag‘ishlab, o‘yma tasvir bilan quyma but yasattiraman+. Shuning uchun bu kumush seniki bo‘ladi»,— deb aytdi.  Mixo kumushlarni onasiga bergach, onasi 200 shekel kumushni olib, zargarga berdi. Zargar ulardan o‘yma tasvir bilan quyma but yasadi va ular Mixoning uyiga o‘rnatildi.  Mixoning uyida xudolar uchun ajratilgan joy bor edi. U efod+ bilan xonaki butlar*+ yasadi-da, o‘g‘illaridan birini o‘ziga ruhoniy etib tayinladi+.  O‘sha paytda Isroilda shoh yo‘q edi+. Har kim o‘z nazarida to‘g‘ri bo‘lib ko‘ringan ishni qilar edi+.  Yahudo hududidagi Baytlahmda+ bir levi yigit+ bor edi. U Yahudo xonadonidan bo‘lib, o‘sha yerda bir muncha vaqtdan buyon yashab kelardi.  Keyin bu yigit yashash uchun boshqa joy izlab, Yahudo hududidagi Baytlahmni tark etdi. U yo‘l yurib, Efrayim tog‘li hududidagi Mixoning uyiga keldi+.  Mixo undan: «Qayerdan kelyapsan?» — deb so‘radi. U: «Men leviman. Yashash uchun joy izlab Yahudo hududidagi Baytlahmdan kelyapman»,— deya javob berdi. 10  Shunda Mixo unga: «Menikida qolib, maslahatchi* va ruhoniy bo‘l. Men senga yiliga o‘n shekel kumushdan berib, kiyim-kechag-u oziq-ovqat bilan ta’minlab turaman»,— dedi. Shunday qilib, levi uning uyiga kirdi. 11  Levi unikida qolishga rozi bo‘ldi va o‘g‘illarining biriday bo‘lib qoldi. 12  Bundan tashqari, Mixo uni o‘ziga ruhoniy etib tayinladi+ va u Mixoning uyida yashab qoldi. 13  Mixo: «Endi Yahova menga barakasini yog‘diradi, chunki menikida levi ruhoniy bo‘lib xizmat qilyapti»,— dedi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «terafimlar». Lug‘atga q.
So‘zma-so‘z «ota».