Hakamlar 18:1-31

  • Dan qabilasi yer izlaydi (1-31)

    • Mixoning butlari va ruhoniysi olib ketiladi (14-20)

    • Layish bosib olinib, Dan deb ataladi (27-29)

    • Dandagi butparastlik (30, 31)

18  O‘sha vaqtda Isroilda shoh yo‘q edi+. Dan qabilasidagilar+ o‘zlariga meros bo‘lib tegadigan turar joy izlab yurishgandi. Chunki Isroil qabilalari orasida ularga haligacha meros tegmagan edi+.  Shunda Dan qabilasi o‘zlari orasidan, Zorox bilan Eshtoyo‘lda+ yashovchilardan besh nafar layoqatli kishini tanlashdi-da, yer topib, uni ko‘zdan kechirib kelish uchun yuborishdi. Ularga: «Borib, yer topib kelinglar»,— deb aytishdi. Bu kishilar Efrayim tog‘li hududiga yetib kelgach, o‘sha yerdagi Mixoning+ uyida tunab qolishdi.  Ular Mixoning uyi yonida turishganda, levi bo‘lmish yigitning ovozidan* tanib qolib, oldiga borishdi-da: «Seni bu yerga kim olib keldi? Bu yoqda nima qilyapsan? Bu yerlarda yurishdan maqsading nima?» — deb so‘rashdi.  U: «Mixo men bilan kelishib, meni o‘ziga ruhoniy etib yolladi»+,— deya javob berdi.  Shunda bu kishilar unga: «Iltimos, safarimiz muvaffaqiyatli bo‘lish-bo‘lmasligini Xudodan bilib ber»,— deb aytishdi.  Ruhoniy ularga: «Hech xavotirlanmay boraveringlar. Safaringiz davomida Yahova sizlar bilan bo‘ladi»,— dedi.  Bu besh nafar kishi yo‘l yurib, Layishga+ yetib kelishdi va u yerdagilar o‘ziga ishongan, sidonliklar singari hayot kechiradigan odamlar ekanini ko‘rishdi. Ular xotirjam va bamaylixotir yashar+ va shu kungacha ularga hech kim tajovuz qilib, zulm o‘tkazmagan edi. Ular sidonliklardan ancha yiroqda yashab, hech kim bilan ishlari yo‘q edi.  Ular Zorox va Eshtoyo‘lda+ yashovchi birodarlarining oldiga qaytishganda, birodarlari: «Qanday borib keldingiz?» — deb so‘rashdi.  Ular bunday javob berishdi: «Biz ko‘rib kelgan yer juda yaxshi ekan. Yuringlar, ularga qarshi chiqaylik. Ikkilanib o‘tirmanglar! Imillamay, tezroq borib, yerni mulk qilib olaylik. 10  Borganingizda, yer keng, odamlari esa bamaylixotir yashayotganini ko‘rasizlar+. Xudo sizlarga berayotgan joyda hech qanday kamchilik yo‘q»+. 11  So‘ng Dan qabilasidan 600 kishi qurollanib, Zorox va Eshtoyo‘ldan+ jangga otlanishdi. 12  Ular borib, Yahudodagi Xirat-Yorim+ yonida qarorgoh qurishdi. Shu sababli, Xirat-Yorimning g‘arbida joylashgan bu yer hozirgacha Maxonex-Dan*+ deb atalib keladi. 13  Bu yerdan ular Efrayim tog‘li hududiga yo‘l olib, Mixoning+ uyiga kelishdi. 14  Layish+ yerini ko‘rib kelgani borgan besh kishi birodarlariga: «Bilasizlarmi, bu uylarning birida efod, xonaki butlar*, o‘yma tasvir va quyma but bor+. Endi nima qilishni bir o‘ylab ko‘ringlar»,— deb aytdi. 15  Shunda ular o‘sha yerda to‘xtab, Mixoning uyi yonidagi levi bo‘lmish yigitning+ uyiga borishdi-da, undan hol-ahvol so‘rashdi. 16  Bu paytda, Dan qabilasidan qurollangan 600 kishi darvozaning oldida turishdi+. 17  Yerni ko‘rib kelgani borgan besh kishi esa efodni+, xonaki butlarni+, o‘yma tasvirni va quyma butni+ olgani ichkariga kirishdi+. (Ruhoniy+ bo‘lsa qurollangan 600 kishi bilan birga darvozaning oldida turgan edi.) 18  Ular Mixoning uyiga kirib, o‘yma tasvirni, efodni, xonaki butlarni va quyma butni olishdi. Ruhoniy ularga: «Nima qilyapsizlar?» — dedi. 19  Ular bo‘lsa ruhoniyga: «Jim. Ovozingni chiqarmay*, biz bilan yur. Bizga maslahatchi* va ruhoniy bo‘l. Sen uchun bitta odamning uyida ruhoniy bo‘lib yurgandan ko‘ra+, Isroildagi qabilaga, butun bir xonadonga ruhoniy bo‘lishing yaxshiroq emasmi?!»+ — deb aytishdi. 20  Bu, ruhoniyga yoqib tushdi va u efodni, xonaki butlarni va o‘yma tasvirni olib+, ular bilan birga jo‘nadi. 21  So‘ng ular bola-chaqalarini, chorvalarini va qimmatbaho narsalarini oldilariga solib, safarlarini davom ettirishdi. 22  Dan qabilasi Mixoning uyidan bir oz uzoqlashgach, Mixoning qo‘shnilari yig‘ilib, ularning orqasidan quvib ketishdi. 23  Ular Dan o‘g‘illarining orqasidan baqirganda, Dan o‘g‘illari ular tomonga o‘girilib, Mixoga: «Nima bo‘ldi? Nega bu odamlarni yig‘ib kelding?» — deyishdi. 24  U: «Men yasattirgan butlarni va ruhoniyni olib ketibsizlar. Meni hech narsasiz qoldiribsizlar. Tag‘in: “Nima bo‘ldi?” — deb so‘raganingiz nimasi?» — dedi. 25  Dan o‘g‘illari unga: «Bizga baqirma. Aks holda, qahri qaynab turgan mana bu kishilar sizlarga tashlanadi. Shunda sen ham, butun xonadoning ham hayotdan* mahrum bo‘lasizlar»,— deb aytishdi. 26  Mixo ularning o‘zidan ancha kuchli ekanini ko‘rib, uyiga qaytib ketdi. Dan o‘g‘illari esa o‘z yo‘llarida davom etishdi. 27  Dan o‘g‘illari Mixo yasattirgan butlar va ruhoniy bilan birga Layishga+, xotirjam va bamaylixotir yashayotgan xalqning+ oldiga borishdi-da, ularni qilichdan o‘tkazib, shaharga o‘t qo‘yib yuborishdi. 28  Yon-atrofda ularni qutqaradigan hech kim yo‘q edi, chunki ular Sidondan ancha yiroqda yashar va hech kim bilan ishlari yo‘q edi. Layish shahri Bayt-Rexob+ hududidagi vodiyda joylashgan edi. Dan o‘g‘illari shaharni qayta qurib, o‘sha yerga o‘rnashishdi. 29  Ular shaharni, o‘zlarining otasi, Isroilning+ o‘g‘li Danning ismi bilan Dan+ deb atashdi. Shaharning avvalgi nomi Layish edi+. 30  Keyin Dan o‘g‘illari o‘zlari uchun o‘yma but+ o‘rnatishdi. Musoning o‘g‘li bo‘lmish Gershom+ o‘g‘li Yo‘natan+ bilan uning o‘g‘illari esa, bu yurt aholisi surgun qilinmaguncha, Dan qabilasida ruhoniy bo‘lib xizmat qilishdi. 31  Haq Tangrining uyi Shilo‘da+ bo‘lgan vaqt davomida, Mixo yasattirgan o‘yma but o‘sha yerda turdi.

Izohlar

Yoki «talaffuzidan».
Ma’nosi «Dan qarorgohi».
So‘zma-so‘z «terafimlar». Lug‘atga q.
So‘zma-so‘z «Og‘zingni qo‘ling bilan yopib».
So‘zma-so‘z «ota».
Yoki «jondan».