Hakamlar 19:1-30

  • Benyamin qabilasining Givodagi qilmishi (1-30)

19  O‘sha vaqtda Isroilda shoh yo‘q edi+. Efrayim tog‘li hududining+ olis chekkasida bir levi yashardi. U Yahudo hududidagi Baytlahmdan+ bir cho‘rini o‘ziga xotin qilib olgan edi.  Ammo cho‘risi unga xiyonat qilib, Yahudo hududidagi Baytlahmda yashovchi otasinikiga ketib qoldi va to‘rt oy o‘sha yerda yurdi.  Keyin bo‘lsa eri uni qaytib kelishga ko‘ndirish uchun, uning oldiga yo‘l oldi. Yonida xizmatkori bilan ikkita eshagi bor edi. Yetib borgach, cho‘risi uni otasining uyiga boshlab kirdi. Otasi kuyovini ko‘rib, xursand bo‘lib ketdi.  Qaynatasi, ya’ni qizning otasi uni qolishga ko‘ndirdi va u qaynatasinikida uch kun turdi. Ular yeb-ichishdi va u o‘sha yerda tunab qoldi.  To‘rtinchi kuni ular yo‘lga otlanish uchun barvaqt turishdi. Ammo qaynatasi kuyoviga: «Ketishdan avval tamaddi qilib oling»,— deb aytdi.  Ular o‘tirib, yeb-ichishgandan so‘ng, qaynatasi unga: «Iltimos, bugun ham tunab, ko‘nglingizni chog‘ qiling»,— dedi.  Levi o‘rnidan turib, ketishga shaylanganda, qaynatasi qo‘yarda-qo‘ymay uni olib qoldi. Shunday qilib, u bu kecha ham o‘sha yerda tunadi.  Beshinchi kuni, u sahar turib, yo‘lga otlanganida, qaynatasi unga: «Iltimos, ketishdan avval tamaddi qilib oling»,— deb aytdi. Ular peshingacha yeb-ichib o‘tirishdi.  So‘ng o‘sha kishi o‘rnidan turib, cho‘risi va xizmatkori bilan birga yo‘lga otlana boshladi. Ammo qaynatasi, ya’ni qizning otasi unga: «Qarang, kech tushay deb qoldi. Iltimos, tunab qolinglar. Mana, kun ham oxirlab qoldi. Bu kecha ham yotib, ko‘nglingizni chog‘ qilinglar. Ertaga barvaqt turasizlar-da, yo‘lga tushib, uyingizga borasizlar»,— dedi. 10  Lekin u yana bir kecha tunab qolishga ko‘nmadi. U o‘rnidan turib, yo‘lga otlandi va Yobusgacha, ya’ni Quddusgacha+ bordi. Yonida ikkita eshagi, cho‘risi va xizmatkori bor edi. 11  Ular Yobusga yaqinlashganda, kech kiray deb qolgan edi. Shunda xizmatkori xo‘jayiniga: «Yobusiylarning bu shahriga kirib, shu yerda tunab qolsakmikan?» — deb aytdi. 12  Ammo xo‘jayini unga: «Isroillik bo‘lmagan begonalarning shahriga kirmaymiz. Givogacha+ boramiz»,— dedi. 13  Keyin esa xizmatkoriga: «Kel, Givo yoki Ramagacha+ borishga harakat qilaylik, shu joylarning birida tunab qolamiz»,— deb aytdi. 14  Ular yo‘l yurishda davom etishdi va quyosh botay deganda, Benyamin qabilasiga tegishli Givoga yetib kelishdi. 15  Ular tunab qolish uchun Givoga kirishdi-da, shahar maydoniga kelib o‘tirishdi. Lekin hech kim ularni tunash uchun uyiga taklif qilmadi+. 16  Oxiri kech tushganda, bir mo‘ysafid daladagi ishini tugatib, uyiga qaytib qoldi. U Efrayim tog‘li hududidan+ bo‘lib, bir muncha vaqtdan buyon Givoda yashardi. Givo aholisi esa Benyamin qabilasidan edi+. 17  Mo‘ysafid shahar maydonida o‘tirgan yo‘lovchilarni ko‘rib: «Qayerga ketyapsizlar? Hozir qayerdan keldingizlar?» — deb so‘radi. 18  Levi bunday javob berdi: «Biz Yahudodagi Baytlahmdan+ Efrayim tog‘li hududining olis bir chekkasiga ketyapmiz. Men o‘sha yerlikman. Yahudodagi Baytlahmga borgan edim, endi bo‘lsa Yahovaning uyiga qaytyapman*, ammo bu yerda meni hech kim uyiga taklif qilmadi. 19  Eshaklarimizga berish uchun somonimiz ham, yemimiz ham bor+. O‘zim, cho‘rim va xizmatkorimga yetadigan non+ bilan sharob ham bor. Hech narsada kam-ko‘stimiz yo‘q». 20  Lekin mo‘ysafid: «Xush kelibsiz!* Kam-ko‘stingizga men g‘am chekay. Faqat kechasi shahar maydonida qolib ketmanglar»,— dedi. 21  Shunday qilib mo‘ysafid uni uyiga boshlab kelib, eshaklariga yem-xashak berdi. So‘ng ular oyoqlarini yuvib, yeb-ichib o‘tirishdi. 22  Ular vaqtichog‘lik qilib o‘tirishganda, shaharning ba’zi yaramas odamlari uyni o‘rab olishdi-da, eshikni zo‘r berib itarib, uy egasi bo‘lmish mo‘ysafidga: «Uyingga kelgan kishini tashqariga chiqar, u bilan qovushamiz»+,— deya boshlashdi. 23  Uy egasi tashqariga chiqib, ularga dedi: «Birodarlarim, yolvoraman, yovuz ishga qo‘l urmanglar. Axir bu kishi uyimga kelgan mehmon-ku. Bunday sharmandalik qilmanglar. 24  Uyda bokira qizim bilan bu kishining cho‘risi bor. Sizlarga o‘shalarni chiqarib berayin, istasangiz ularni xo‘rlanglar+. Faqat bu kishi bilan bunday hayosiz ishni qila ko‘rmanglar». 25  Odamlar esa uni tinglashni istamadi. Shunda o‘sha kishi cho‘risini+ ularga chiqarib berdi. Ular cho‘risini zo‘rlab, kechasi bilan xo‘rlab chiqishdi va tongotarda uni qo‘yib yuborishdi. 26  Ayol erta tongda xo‘jayini tunab qolgan uyning kiraverishiga kelib, yiqildi-da, tong yorishguncha o‘sha yerda yotdi. 27  Xo‘jayini yo‘lga chiqish uchun ertalab turib, uyning eshiklarini ochganda, cho‘risi uyning kiraverishida qo‘llarini ostonaga qo‘yib yotganini ko‘rdi. 28  Xo‘jayini unga: «Turaqol, ketdik»,— dedi. Lekin hech qanday javob bo‘lmadi. Shunda u cho‘risini eshakka ortib, uyiga jo‘nadi. 29  Uyiga yetib kelgach, u mol so‘yadigan pichoqni oldi-da, cho‘risining jasadini 12 qismga bo‘lib, Isroilning har bir hududiga bittadan bo‘lagini yubordi. 30  Buni ko‘rganlarning bari: «Isroil xalqi Misr yurtidan chiqqandan to shu vaqtgacha bunday hol yuz bermagan, bunaqasini ko‘rmagan edik. Bu haqda yaxshilab o‘ylab, muhokama qilinglar+ va qaroringizni aytinglar»,— dedi.

Izohlar

Boshqa variant «Yahovaning uyida xizmat qilaman».
So‘zma-so‘z «Sizga tinchlik bo‘lsin!»