Hakamlar 6:1-40

  • Midiyonliklar Isroilga zulm o‘tkazadi (1-10)

  • Farishta hakam Gido‘nni qo‘llab-quvvatlaydi (11-24)

  • Gido‘n Baal qurbongohini sindirib tashlaydi (25-32)

  • Gido‘nning ustiga Yahovaning ruhi tushadi (33-35)

  • Jun va shudring (36-40)

6  Isroilliklar Yahovaning nazarida yana yomon ishlarni qila boshlashdi+. Shu bois, Yahova ularni yetti yilga midiyonliklarning qo‘liga topshirdi+.  Midiyonliklar isroilliklarga jabr-zulm qila boshlashdi+. Midiyonliklarni deb, ular o‘zlari uchun tog‘lar, g‘orlar va yetish qiyin bo‘lgan yerlarda yashirinadigan joylar* tayyorlashdi+.  Isroilliklar ekin ekkanda midiyonliklar, omoleklar+ va Sharqda yashovchilar+ kelib, ularga hujum qilishardi.  Ular isroilliklarga qarshi chiqish uchun qarorgoh o‘rnatib, G‘azogacha bo‘lgan yerlardagi hosilni yo‘q qilishardi. Ular Isroil xalqiga na biron ozuqa, na qo‘y, na qoramol, na eshak qoldirishardi+.  Ular chigirtkalar kabi behisob chorva-yu chodirlari bilan kelishardi+. O‘zlarining ham, tuyalarining ham hisobiga yetib bo‘lmas edi+. Ular yurtni xarob qilish uchun kelishardi.  Midiyonliklar dastidan o‘ta nochor ahvolga tushib qolgan Isroil xalqi Yahovadan yordam so‘rab yolvordi+.  Isroilliklar midiyonliklarni deb Yahovadan yordam so‘rashganida+,  Yahova bir payg‘ambarni quyidagi xabar bilan yubordi: «Isroilning Tangrisi Yahova bunday deyapti: “Men sizlarni Misrdan, sizlar qul bo‘lgan yurtdan olib chiqdim+.  Men sizlarni Misrdan, sizlarga jabr-zulm qilganlarning qo‘lidan qutqardim. Oldingizdan dushmanlaringizni quvib chiqarib, ularning yurtini sizlarga berdim+. 10  Sizlarga: “Men Xudoyingiz Yahovaman+. O‘zingiz yashayotgan yurtdagi amoriylarning xudolaridan qo‘rqmanglar”+,— deb aytganimda, Menga quloq solmadingiz”+». 11  Vaqt o‘tib, Yahovaning farishtasi+ O‘fraga kelib, Abuazar+ avlodlaridan bo‘lgan Yo‘shga tegishli katta daraxtning tagida o‘tirdi. Bu payt Yo‘shning o‘g‘li Gido‘n+ midiyonliklardan yashirib qo‘yish uchun uzum siqiladigan chuqurda bug‘doy yanchayotgan edi. 12  Yahovaning farishtasi unga zohir bo‘lib: «Ey, qudratli jangchi, Yahova sen bilan»+,— dedi. 13  Gido‘n unga shunday deb aytdi: «Meni avf eting, taqsirim, agar Yahova biz bilan bo‘lsa, unda nega boshimizga bu savdolar tushdi?!+ Ota-bobolarimiz: “Yahova bizni Misrdan olib chiqqan”+,— deya, Uning ajoyib ishlarini aytib berishgan edi+. Uning ajoyib ishlari qayerda qoldi? Endi esa, Yahova bizni tark etib+, midiyonliklar qo‘liga topshirdi». 14  Yahova unga qarab: «Kuchingni to‘plagin-da, bor. Isroil xalqini midiyonliklar qo‘lidan xalos qilasan+, chunki seni Men yuboryapman»,— deb aytdi. 15  Gido‘n javoban: «Ey Yahova, meni kechir. Men qanday qilib Isroilni qutqaraman? Axir Manashe qabilasi ichida mening xonadonim kichik bo‘lsa, otamning uyida ham eng kichigiman»,— dedi. 16  Lekin Yahova unga: «Men sen bilan bo‘lganim uchun+, midiyonliklarni bir kishini yo‘q qilganday, yo‘q qilib yuborasan»,— deb aytdi. 17  Gido‘n bo‘lsa: «Agar Sening nazaringda marhamat topgan bo‘lsam, men bilan haqiqatan ham Sen gaplashayotganingni ko‘rsatadigan biror belgi ber. 18  Iltimos, men nazrimni olib kelib, oldingga qo‘ymagunimcha ketib qolma»+,— dedi. U javoban: «Qaytib kelguningcha, shu yerda turaman»,— deb aytdi. 19  Gido‘n bordi-da, bitta uloqchani so‘yib go‘shtini tayyorladi va bir efa* undan xamirturushsiz non pishirdi+. U go‘shtni savatga soldi, qaynatma sho‘rvasini esa xumchaga quydi. Keyin bularni uning oldiga olib borib, katta daraxtning tagida tortiq etdi. 20  Haq Xudoning farishtasi unga: «Go‘shtni va xamirturushsiz nonni olgin-da, anavi yerdagi katta toshning ustiga qo‘y va ustidan qaynatma sho‘rvani quy»,— dedi. Gido‘n shunday qildi. 21  Yahovaning farishtasi toshning ustidagi go‘sht va xamirturushsiz nonga qo‘lidagi hassasining uchini tekkizgan edi, toshdan olov chiqib, go‘sht bilan xamirturushsiz nonni yutib yubordi+. Yahovaning farishtasi esa ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. 22  Gido‘n bu Yahovaning farishtasi bo‘lganini fahmladi+. U: «Evoh, Oliy Hukmdor Yahova! Men farishtang bilan yuzma-yuz ko‘rishdim, ey Yahova!»+ — dedi. 23  Biroq Yahova unga: «Tinchlan, qo‘rqma+. Sen o‘lmaysan»,— dedi. 24  Gido‘n o‘sha yerda Yahovaga atab qurbongoh bunyod etdi va uni Yahova-Shalom*+ deb nomladi. Bu qurbongoh, Abuazarning avlodlari yashagan O‘frada joylashgan bo‘lib, bugungacha shunday ataladi. 25  O‘sha kechasi Yahova unga dedi: «Otangga tegishli bitta yosh buqani, yetti yashar yosh buqani* ol. Otangga qarashli Baalning qurbongohini sindirib, muqaddas ustunni* kesib tashla+. 26  Keyin esa bu balandlik ustida toshlarni terib chiqib, Xudoying Yahovaga atab qurbongoh qur. Yetti yashar yosh buqani olib, uni kuydiriladigan qurbonlik qilib keltir. O‘zing kesib tashlagan muqaddas ustunni o‘tin qilib ishlat». 27  Gido‘n xizmatkorlaridan o‘ntasini yoniga oldi-da, hammasini Yahova aytgandek qildi. Ammo otasining xonadon ahlidan va shahar aholisidan qo‘rqib, bu ishni kunduzi emas, tunda bajardi. 28  Shahar aholisi ertalab uyg‘onib, Baalning qurbongohi buzilganini, uning yonidagi muqaddas ustun esa kesib tashlanganini ko‘rdi. Shuningdek, ular yangi qurbongoh qurilib, ustida yosh buqa qurbonlikka keltirilganini ko‘rishdi. 29  Ular bir-biridan: «Bu kimning ishi ekan?» — deya so‘ray boshlashdi. Tekshirib ko‘rishgach, ular: «Yo‘shning o‘g‘li Gido‘n bu ishni qilibdi»,— deyishdi. 30  Ular Yo‘shga: «O‘g‘lingni bu yoqga olib chiq! Baalning qurbongohini buzib, yonidagi muqaddas ustunni kesib tashlagani uchun, u o‘lishi kerak»,— deyishdi. 31  Yo‘sh+ unga qarshi chiqayotgan barchaga shunday dedi: «Sizlar Baalning himoyachilarimisiz? Sizlar uni qutqarmoqchimisiz? Baalni himoya qilayotgan har bir kishi hozir, shu tongdayoq o‘lishi kerak+. Agar Baal xudo bo‘lsa, o‘zini o‘zi himoya qilsin+. Chunki kimdir uning qurbongohini buzib tashlabdi». 32  O‘sha kuni u Gido‘nga Yerubbaal* deb ism berdi-da: «Baal o‘zini o‘zi himoya qilsin. Chunki kimdir Baalning qurbongohini buzib tashlabdi»,— dedi. 33  Barcha midiyonliklar+, omoleklar+ va Sharqda yashovchilar kuchlarini birlashtirishdi+. Ular daryoni kechib o‘tib, Yizril vodiysida qarorgoh qurishdi. 34  Shunda Yahovaning ruhi Gido‘nning ustiga tushdi+. Gido‘n burg‘u chaldi+ va Abuazar avlodlari+ yig‘ilib, uning ortidan ergashdi. 35  U Manashe qabilasi bo‘ylab xabarchilar yubordi va ular ham uning ortidan ergashishdi. Gido‘n shuningdek, Osher, Zabulun va Naftali qabilalariga ham xabarchilar yuborgan edi, ular ham yetib kelishdi. 36  Gido‘n haq Xudoga dedi: «Agar Sen, O‘zing va’da berganingday, men orqali Isroil xalqini qutqarmoqchi bo‘lsang+, 37  menga shunday belgi ber: men xirmonning ustiga jun qo‘yaman. Agar shudring faqat junning ustida bo‘lib, atrofidagi yer quruq bo‘lsa, unda O‘zing va’da berganingday, Isroil xalqini men orqali qutqarishingni bilib olaman». 38  Xuddi shunday bo‘ldi. Gido‘n ertasi kuni barvaqt uyg‘onib, junni siqqan edi, bir shokosa suv chiqdi. 39  Biroq Gido‘n haq Xudoga: «Mendan jahling chiqmasin, Sendan yana bir nima so‘ramoqchiman. Yolvoraman, menga ruxsat ber, yana bir bor jun bilan sinov o‘tkazay. Iltimos, endi jun quruq bo‘lsin-da, yerning ustida esa shudring paydo bo‘lsin»,— dedi. 40  Xudo o‘sha tuni xuddi shunday qildi. Faqatgina jun quruq bo‘lib, yerning ustida esa shudring paydo bo‘lgan edi.

Izohlar

Boshqa variant «yer osti omborlari».
Ma’nosi «Yahova —tinchlik».
So‘zma-so‘z «ikkinchi yosh buqani».
Ma’nosi «Baal o‘zini himoya qilsin».