Hakamlar 7:1-25

  • Gido‘n va 300 kishi (1-8)

  • Gido‘n qo‘shini midiyonliklarni mag‘lub etadi (9-25)

    • «Yahova bilan Gido‘nning qilichi!» (20)

    • Midiyonliklar qarorgohidagi sarosima (21, 22)

7  Keyin Yerubbaal, ya’ni Gido‘n+ va u bilan bo‘lgan butun xalq ertalab turib, Xaro‘d bulog‘i yonida qarorgoh qurdi. Midiyonliklarning qarorgohi esa ularning shimol tomonida, vodiydagi Mo‘re tepaligida joylashgan edi.  Yahova Gido‘nga shunday dedi: «Oldingdagi xalqning soni juda ko‘p. Isroil xalqi: “O‘z qo‘lim bilan g‘alabaga erishdim”+,— deb maqtanmasligi uchun, midiyonliklarni ularning qo‘liga bermayman+.  Xalqga: “Kimda-kim qo‘rquvdan dag‘-dag‘ qaltirayotgan bo‘lsa, u kishi uyiga qaytaversin”+,— deb e’lon qil». Shu tariqa, Gido‘n xalqni sinab ko‘rdi. Shunda 22 000 kishi uyiga qaytib ketib, 10 000 kishi qoldi.  Lekin Yahova Gido‘nga quyidagicha dedi: «Yoningda odamlaring hali ham ko‘p. Ularni suv yoniga olib bor. O‘sha yerda ularni sinab, senga yordam beraman. Agar senga: “Mana bu kishi sen bilan boradi”,— deb aytsam, o‘sha kishi sen bilan boradi. Bordi-yu, senga: “Mana bu kishi sen bilan bormaydi”,— deb aytsam, o‘sha kishi bormaydi».  Gido‘n odamlarini suv bo‘yiga olib tushdi. Yahova unga: «Cho‘kkalab suv ichgan kishilarni alohida, itga o‘xshab suvni yalab ichgan kishilarni alohida ajratib ol»,— deb aytdi.  Suvni hovuchiga olib, yalab ichgan kishilarning soni 300 ta chiqdi. Qolgan kishilar esa cho‘kkalab suv ichgan edi.  Yahova Gido‘nga dedi: «Suvni hovuchidan yalab ichgan 300 ta kishi bilan sizlarni qutqaraman. Midiyonliklarni sening qo‘lingga topshiraman+. Qolgan kishilarni esa uylariga qaytarib yubor».  Bundan so‘ng, ular xalqdan oziq-ovqat va burg‘ularni olishdi. Gido‘n boshqa barcha Isroil erkaklarini uylariga qaytarib yubordi. Faqatgina 300 ta kishini o‘zi bilan olib qoldi. Midiyonliklarning qarorgohi vodiyda, pastda joylashgan edi+.  O‘sha kuni kechasi, Yahova Gido‘nga shunday dedi: «O‘rningdan turib, qarorgohga hujum qil. Chunki ularni sening qo‘lingga topshirdim+. 10  Agar hujum qilishga qo‘rqayotgan bo‘lsang, xizmatkoring Purax bilan qarorgohga tushinglar. 11  U yerdagilar nima deyayotganiga quloq solinglar. Shunda qarorgohga hujum qilish uchun jasoratga to‘lasizlar». Gido‘n xizmatkori Purax bilan soqchilar guruhiga yaqinlashdi. 12  Midiyonliklar, omoleklar va Sharqda yashovchilar+ xuddi chigirtkalar galasi kabi vodiyni qoplab olgan edi. Tuyalarining sanog‘iga yetib bo‘lmas edi, ular xuddi dengiz sohilidagi qumday son-sanoqsiz edi+. 13  Gido‘n yetib kelganida, bir kishi sherigiga ko‘rgan tushini aytib berayotgan edi. O‘sha kishi: «Men shunday tush ko‘rdim: “Tushimda bitta dumaloq arpa non midiyonliklarning qarorgohiga yumalab kelib, chodirga urildi-da, zarbidan chodir qulab tushdi+. Chodir ag‘darilib, yer bilan bitta bo‘ldi”,— dedi». 14  Unga javoban sherigi: «Bu, isroillik Yo‘shning o‘g‘li, Gido‘nning qilichi ekani shubhasiz!+ Xudo midiyonliklarni va butun qarorgohni uning qo‘liga bergan»+,— deb aytdi. 15  Gido‘n o‘sha kishining tushini va ta’birini eshitishi bilanoq+, muk tushib Tangriga ta’zim qildi. Keyin u isroilliklarning qarorgohiga qaytib bordi-da, ularga: «Turinglar! Yahova midiyonliklar qarorgohini qo‘lingizga berdi»,— dedi. 16  So‘ng u 300 ta kishini uchta guruhga bo‘ldi-da, ularning har biriga burg‘u+ hamda bo‘sh katta ko‘za berdi. Har bir ko‘zaning ichida mash’al bor edi. 17  Gido‘n ularga quyidagilarni aytdi: «Meni kuzatib turinglar, men nima qilsam, shuni takrorlanglar. Qarorgohning chekkasiga yaqinlashganimda men nima qilsam, sizlar ham shunday qilinglar. 18  Men burg‘u chalganimda, men va yonimdagi barchangiz, sizlar ham qarorgoh atrofida burg‘u chalib: “Yahova uchun! Gido‘n uchun!” — deya baqiringlar». 19  Gido‘n bilan 100 ta kishi yarim tunda*, soqchilar endigina almashgan paytda, qarorgohning chekkasiga kelishdi. Ular burg‘u chalib+, qo‘llaridagi katta ko‘zalarni sindirishdi+. 20  Uchta guruh ham burg‘ularini chalib, katta ko‘zalarini sindirdi. Ular chap qo‘llarida mash’allarni ushlab turishdi. O‘ng qo‘llaridagi burg‘ularni chalib: «Yahova bilan Gido‘nning qilichi!» — deya baqirishdi. 21  Ularning har biri o‘z o‘rnida, qarorgoh atrofida turdi. Butun qo‘shin esa shovqin ko‘targancha, tumtaraqay qocha boshladi+. 22  O‘sha 300 ta kishi burg‘ularini chalib turdi. Yahova bo‘lsa qarorgohdagilarni bir-biriga qarshi qilib qo‘ydi va ular bir-birini qilichdan o‘tkaza boshladi+. Ularning qo‘shini Bayt-Shittaxgacha, keyin esa Zarirogacha va Tabbotning yonidagi Ovil-Maxlaning+ chegarasigacha qochib bordi. 23  Bu orada Naftali, Osher va butun Manashe qabilalaridan+ Isroil erkaklari chaqirildi. Ular midiyonliklarni ta’qib qilishdi. 24  Gido‘n Efrayimning butun tog‘li hududiga xabarchilarni yuborib: «Pastga tushinglar-da, midiyonliklarga qarshi chiqinglar. Ulardan oldin borib, Iordanning kechuv joylarini va Bayt-Borogacha bo‘lgan irmoqlarni bosib olinglar»,— dedi. Shunday qilib, Efrayimdagi hamma erkaklar birgalikda yig‘ildi va Iordanning kechuv joylarini hamda Bayt-Borogacha bo‘lgan irmoqlarni bosib olishdi. 25  Shuningdek, Midiyonning ikkita begini, Oriv bilan Zayovni qo‘lga tushirishdi. Orivni katta tosh oldida o‘ldirishdi, keyinchalik xalq bu toshni Oriv toshi deb atadi+. Zayovni esa, Zayovning uzum siqiladigan chuquri deb nomlangan joy yonida o‘ldirishdi. Ular midiyonliklarni ta’qib qilishni davom ettirib+, Oriv bilan Zayovning boshlarini Iordan hududiga, Gido‘nga keltirishdi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «yarim tungi qorovullik boshlanganda». Taxm. soat 22:00 dan 2:00 gacha davom etgan.