Hakamlar 8:1-35

  • Efrayimliklar Gido‘n bilan janjallashadi (1-3)

  • Midiyonlik shohlar ta’qib etilib, o‘ldiriladi (4-21)

  • Gido‘n shohlik qilishdan bosh tortadi (22-27)

  • Gido‘nning hayoti (28-35)

8  Efrayim erkaklari Gido‘nga: «Bu nima qilganingiz? Midiyonliklar bilan jang qilgani ketayotganingizda, nega bizni chaqirmadingiz?»+ — deya, u bilan qattiq janjallashishdi+.  Ammo Gido‘n ularga dedi: «Sizlar bilan solishtirganda men nima qildim? Abuazar xonadonining uzum hosiliga qaraganda, Efrayim+ hosilining qoldiqlari a’loroq emasmi?+  Axir Xudo midiyonliklar beklari Oriv bilan Zayovni sizlarning qo‘lingizga berdi-ku!+ Sizlar bilan solishtirganda men nima ham qildim?» Gido‘n bu so‘zlarni aytgach, ular tinchlanib qolishdi.  Bundan keyin, Gido‘n 300 ta odami bilan Iordanga kelib, daryoni kechib o‘tdi. Ular charchaganiga qaramay, dushmanlarini ta’qib qilishda davom etishdi.  Gido‘n Suxo‘t aholisiga: «Iltimos, ortimdan kelayotgan odamlarimga non beringlar, ular juda charchashgan. Men midiyonlik shohlar Zevax bilan Zalmunoning ortidan quvib ketyapman»,— deb aytdi.  Biroq Suxo‘t beklari: «Zevax bilan Zalmuno sening qo‘lingdamidiki, askarlaringga non bersak?!» — deyishdi.  Ularga javoban Gido‘n: «Hali shunaqami, Yahova Zevax bilan Zalmunoni qo‘limga berganida, men sizlarni tikanaklar-u cho‘lda o‘sadigan tikanli butalar bilan savalayman»+,— deb aytdi.  So‘ngra u Suxo‘tdan Panuvalga bordi-da, ularga ham xuddi shunday iltimos bilan murojaat qildi. Lekin Panuval aholisi ham, Suxo‘t aholisi kabi javob qaytardi.  Gido‘n Panuval aholisiga: «G‘alaba qozonib qaytganimda, minorangizni yer bilan bitta qilaman»+,— dedi. 10  Zevax bilan Zalmuno 15 000 kishilik qo‘shini bilan Karxorda edi. Chunki Sharqda yashovchilarning+ qilich bilan qurollangan 120 000 kishilik qo‘shini halok bo‘lib, faqat shunchasi tirik qolgan edi. 11  Gido‘n Navah bilan Yohboxoning+ sharq tomonida, chodirda yashovchilarning yo‘li bo‘ylab bordi-da, dushmanlarini g‘aflatda qoldirib, qarorgohiga hujum qildi. 12  Midiyonliklarning ikkita shohi Zevax bilan Zalmuno qochib ketishdi. Gido‘n ularni ta’qib etib, qo‘lga tushirdi. Shunda butun qarorgohni vahima bosdi. 13  Yo‘shning o‘g‘li Gido‘n Xaresga ko‘tariladigan yo‘l bo‘ylab urushdan qaytib kelayotgan edi. 14  Yo‘lda u suxo‘tlik bir yigitni ushlab olib, uni so‘roqga tutdi. O‘sha yigit unga Suxo‘t beklari va oqsoqollarining, jami 77 kishining ismini yozib berdi. 15  Gido‘n Suxo‘t aholisi oldiga borib, ularga: «Sizlar: “Zevax bilan Zalmuno sening qo‘lingdamidiki, holdan toygan odamlaringga non bersak?!” — deya meni mazax qilgan edingizlar. Mana o‘sha Zevax bilan Zalmuno»+,— dedi. 16  Keyin u Suxo‘t oqsoqollarini tikanaklar-u cho‘lda o‘sadigan tikanli butalar bilan savalab, adabini berdi+. 17  Panuvaldagi minorani yer bilan yakson qilib, shahar aholisini esa qirib tashladi+. 18  Gido‘n Zevax bilan Zalmunodan: «Sizlar Tovurda o‘ldirgan kishilar qanday edi?» — deb so‘radi. Ular javoban: «Ular senga o‘xshagan, har biri ko‘rinishidan shohning o‘g‘li kabi edi»,— deyishdi. 19  Gido‘n: «Ular mening tug‘ishgan aka-ukalarim edi. Barhayot Xudo Yahova haqqi qasam ichib aytamanki, ularning jonini saqlab qolganingizda, men sizlarni o‘ldirmagan bo‘lardim»,— deb aytdi. 20  So‘ng to‘ng‘ich o‘g‘li Eterga: «Tur, ularni o‘ldir!» — dedi. Ammo Eter qo‘rqqanidan qilichini chiqarmadi. Chunki u hali yosh edi. 21  Zevax bilan Zalmuno Gido‘nga: «O‘rningdan turib, o‘zing bizni o‘ldir, chunki erkakka kuchiga qarab baho beriladi»,— deyishdi. Gido‘n turdi-da, Zevax bilan Zalmunoni o‘ldirib+, tuyalarining bo‘ynidagi oy shaklidagi taqinchoqlarni yechib oldi. 22  Keyinchalik isroilliklar Gido‘nga: «Bizning ustimizdan siz boshqaring, o‘g‘lingiz hamda nevarangiz boshqarsin. Chunki siz midiyonliklar qo‘lidan bizni qutqarib qoldingiz»+,— deb aytishdi. 23  Biroq Gido‘n: «Men ham, o‘g‘lim ham ustingizdan boshqarmaymiz. Faqat Yahova sizlarning ustingizdan boshqaradi»+,— deb aytdi. 24  Gido‘n davom etib, dedi: «Sizlardan bir iltimosim bor: har biringiz o‘z o‘ljangizdan burunga taqiladigan sirg‘adan bittadan beringlar». (Mag‘lub etilganlar ismoiliy bo‘lgani uchun, ularda burunga taqiladigan sirg‘alar bor edi.)+ 25  Ular: «Albatta beramiz»,— deyishdi-da, har biri o‘z o‘ljasidan burunga taqiladigan sirg‘alardan bittadan chiqarib, yerga to‘shalgan kiyimga tashlashdi. 26  Oy shaklidagi taqinchoqlar, sirg‘alar, Midiyon shohlarining to‘q qizilga bo‘yalgan jundan tayyorlangan kiyimlaridan va tuyalarning bo‘ynidagi taqinchoqlardan tashqari, Gido‘n so‘rab olgan, burunga taqiladigan oltin sirg‘alarning og‘irligi 1 700 oltin shekel* chiqdi+. 27  Gido‘n oltindan efod*+ yasab, uni o‘zining shahri O‘frada+ o‘rnatdi va butun Isroil xalqi o‘sha yerda efodga sig‘ina* boshladi+. Bu, Gido‘n va uning xonadoniga tuzoqga aylandi+. 28  Shunday qilib, midiyonliklar+ Isroil xalqiga bo‘ysundirildi va ular qayta bosh ko‘tarmadi. Gido‘n yashagan davrda, yurt bo‘ylab 40 yil tinchlik hukm surdi+. 29  Yo‘shning o‘g‘li Yerubbaal+ o‘z uyiga qaytib ketdi va o‘sha yerda yashadi. 30  Gido‘nning pushti kamaridan 70 ta o‘g‘il bunyod bo‘ldi. Chunki uning xotinlari ko‘p edi. 31  Shakamda yashaydigan cho‘risi ham unga o‘g‘il tug‘ib berdi. Gido‘n unga Abumalek+ deb ism qo‘ydi. 32  Yo‘shning o‘g‘li Gido‘n uzoq umr ko‘rib, nuroniy yoshda vafot etdi. Uni otasi Yo‘sh qo‘yilgan yerga, Abuazar avlodlari+ yashagan O‘frada dafn etishdi. 33  Gido‘nning vafotidan ko‘p o‘tmay, Isroil xalqi yana Baallarga sajda* qila boshladi+. Ular Baal-Beritni o‘z xudolari qilib olishdi+. 34  Isroilliklar ularni atroflaridagi barcha dushmanlari qo‘lidan qutqargan+ Tangrisi Yahovani eslashmadi+. 35  Ular Yerubbaalning, ya’ni Gido‘nning Isroil xalqi uchun qilgan barcha yaxshiliklarini unutib, uning xonadoniga mehr-sadoqat namoyon etishmadi+.

Izohlar

Bir shekel=11,4 g. Ilovaning B14 mavzusiga q.
Yoki «ma’naviy fohishalik qilishni».
Yoki «ma’naviy fohishalik».