Hakamlar 9:1-57

  • Abumalek Shakamda shoh bo‘ladi (1-6)

  • Yo‘tomning masali (7-21)

  • Shafqatsiz Abumalekning boshqaruvi (22-33)

  • Abumalek Shakamga hujum qiladi (34-49)

  • Ayol Abumalekni jarohatlaydi, u o‘ladi (50-57)

9  Vaqt o‘tgach, Yerubbaalning o‘g‘li Abumalek+ Shakamga, tog‘alarining oldiga borib, ularga va onasi tomonidan bobosining butun xonadoniga shunday dedi:  «Iltimos, Shakamning barcha rahbarlariga*: “Sizlarning ustingizdan Yerubbaalning 70 ta o‘g‘li+ boshqargani yaxshimi yoki bitta kishi boshqargani yaxshiroqmi? Men sizlarning qon-qardoshingiz* ekanimni unutmanglar”,— deb aytinglar».  Tog‘alari Shakamning barcha rahbarlariga uning gaplarini aytishganda, ular: «Axir u bizning birodarimiz-ku»,— deya Abumalekka ergashishga moyil bo‘ldilar.  Ular Baal-Beritning ibodatxonasidan+ 70 shekel kumush olib berishdi. Abumalek bu kumushlarga o‘ziga sherik qilib olish uchun bekorchi va yaramas kishilarni yolladi.  Bundan so‘ng, u O‘fraga+ otasining uyiga bordi-da, Yerubbaalning 70 ta o‘g‘lini, o‘z aka-ukalarini bitta toshning ustida o‘ldirdi+. Faqat Yerubbaalning kenja o‘g‘li Yo‘tom omon qoldi, chunki u yashirinib olgan edi.  Shakamning barcha rahbarlari va Bayt-Millodagilar Shakamdagi katta daraxt yonidagi ustun oldida yig‘ilib, Abumalekni shoh etib tayinladi+.  Yo‘tomga bu haqda aytishgach, u o‘sha zahotiyoq Garizim tog‘ining+ tepasiga chiqdi-da, baland ovozda ularga dedi: «Ey, Shakamning rahbarlari, menga quloq solinglar, shunda Xudo ham sizlarni eshitadi.  Bir kuni daraxtlar o‘zlarining ustidan shoh tayinlamoqchi* bo‘lib, zaytun daraxtiga: “Shohimiz bo‘l”+,— debdi.  Biroq zaytun daraxti ularga: “Xudoni va odamlarni sharaflash uchun ishlatiladigan moy berishni tashlab, boshqa daraxtlar ustidan tebranib nima qilaman?!” — deb aytibdi. 10  Keyin ular anjir daraxtiga: “Kel, shohimiz bo‘l”,— debdi. 11  Ammo anjir daraxti ularga: “Shirin mevalar solishdan to‘xtab, boshqa daraxtlar ustidan tebranib nima qilaman?!” — deb aytibdi. 12  So‘ng daraxtlar tokka: “Kel, shohimiz bo‘l”,— debdi. 13  Tok ularga javoban: “Xudo va insonlarning dimog‘ini chog‘ qiladigan yangi sharobimni bermay qo‘yib, daraxtlar ustidan tebranib nima qilaman?!” — deb aytibdi. 14  Oxiri hamma daraxtlar tikanli butaga: “Kel, shohimiz bo‘l”+,— debdi. 15  Tikanli buta ularga: “Agar meni o‘z ustingizdan shoh etib tayinlamoqchi bo‘lsangizlar, kelib mening soyamda panoh topinglar. Aks holda, mendan olov chiqib, Livanning kedr daraxtlarini yutib yuboradi”,— deya javob beribdi. 16  Sizlar Abumalekni shoh qilib tayinlaganda+, vijdonan va oliyjanoblik ila yo‘l tutdingizmi? Yerubbaal hamda uning xonadoniga himmat ko‘rsatib, qilgan yaxshiliklariga yaxshilik bilan javob berdingizmi? 17  Otam sizlarni midiyonliklar qo‘lidan qutqarish+ uchun jang qilib+, hayotini* xavf ostiga qo‘ygan edi. 18  Lekin bugun sizlar otamning xonadoniga qarshi chiqib, uning o‘g‘illarini — 70 kishini bitta toshning ustida o‘ldirdingiz+. Otamning cho‘risidan tug‘ilgan o‘g‘li Abumalekni+ esa birodaringiz bo‘lgani uchun, Shakam rahbarlari ustidan shoh etib tayinladingiz. 19  Agar Yerubbaal va uning xonadoniga nisbatan vijdonan va oliyjanoblik ila yo‘l tutgan bo‘lsangiz, unda Abumalek bilan birga quvoninglar, u ham sizlar bilan birga quvonsin. 20  Aks holda, Abumalekdan olov chiqsin-da, Shakam rahbarlarini-yu Bayt-Millodagilarni+ yutib yuborsin. Shakam rahbarlari va Bayt-Millodagilardan ham olov chiqib, Abumalekni+ yutib yuborsin». 21  Keyin Yo‘tom+ Berga qochib ketdi. Birodari Abumalekdan qo‘rqqani uchun o‘sha yerda yashab qoldi. 22  Abumalek Isroil ustidan uch yil hukmronlik qildi. 23  So‘ng Xudo Abumalek bilan Shakam rahbarlari o‘rtasida adovat uyg‘otdi. Shakam rahbarlari Abumalekka xiyonat qila boshlashdi. 24  Bu voqea Yerubbaalning 70 ta o‘g‘liga nisbatan qilingan zo‘ravonlik uchun o‘ch olinib, o‘z birodarlarini o‘ldirib qonini to‘kkani uchun Abumalekning va bu ishda unga yordam bergan Shakam rahbarlarining zimmasiga yuklanishi uchun sodir bo‘ldi+. 25  Shakam rahbarlari tog‘ning tepasida Abumalekka qarshi pistirma qo‘yishdi. Pistirmada o‘tirganlar bu yo‘ldan o‘tgan-ketganlarning barini talon-toroj qila boshlashdi. Bu haqda Abumalekka xabar berishdi. 26  Evidning o‘g‘li Gal birodarlari bilan Shakamga+ keldi. Shakam rahbarlari unga ishona boshlashdi. 27  Ular dalaga borishdi-da, uzumzorlaridan uzumlarni terib, sharob tayyorlashdi va bayram qilishdi. Keyin esa ular o‘z xudosining+ uyiga borib, o‘sha yerda yeb-ichib, Abumalekni la’natlashdi. 28  Evidning o‘g‘li Gal quyidagicha dedi: «Abumalek bilan Shakam kim bo‘libdiki, biz ularga xizmat qilsak?! Abumalek Yerubbaalning+ o‘g‘li, Zabul esa uning yordamchisi emasmi? Nega unga xizmat qilishimiz kerak? Shakamning otasi, Xamo‘r o‘g‘illariga xizmat qilinglar! 29  Agar bu xalq menga ergashsa, Abumalekni taxtdan tushirar edim». U Abumalekni mazax qilib: «Lashkaringni to‘plab, jangga chiq»,— dedi. 30  Shahar begi Zabul Evidning o‘g‘li Galning so‘zlarini eshitgach, g‘azabi qaynadi. 31  U Abumalekka yashirincha xabar yuborib, dedi: «Evidning o‘g‘li Gal bilan uning birodarlari hozir Shakamda. Ular shahar aholisini sizga qarshi chiqishga undashyapti. 32  Shuning uchun kechasi odamlaringiz bilan kelib, dalada pistirma qo‘ying. 33  Ertalab quyosh chiqishi bilanoq, barvaqt turib shaharga hujum qiling. Gal odamlari bilan sizga qarshi chiqqanda, uni mag‘lub etish uchun qo‘lingizdan kelganicha harakat qiling». 34  Abumalek barcha odamlari bilan kechasi turdi-da, to‘rtta guruhga bo‘linib, Shakamga qarshi pistirma qo‘ydi. 35  Evidning o‘g‘li Gal shahar darvozasining oldida turganida, Abumalek odamlari bilan pistirmadan chiqdi. 36  Gal odamlarni ko‘rib, Zabulga: «Qarang, tog‘ning tepasidan odamlar tushib kelyapti»,— dedi. Biroq Zabul: «Tog‘larning soyasi senga odamlarday ko‘rinayotgan bo‘lsa kerak»,— dedi. 37  Bir ozdan so‘ng Gal: «Qarang, yerimizning o‘rtasidagi tepalikdan odamlar tushib kelyapti. Mo‘nanim degan katta daraxt tomonidan ham bir guruh odamlar kelyapti»,— deb aytdi. 38  Zabul unga javoban dedi: «Sen: “Abumalek kim bo‘libdiki, biz unga xizmat qilsak?!”+ — deb aytganingni unutdingmi? Sen shu odamlarga qarshi gapirmaganmiding?! Endi borib, ularga qarshi jang qil». 39  Shunda Gal Shakam rahbarlarini boshlab borib, Abumalekka qarshi jang qildi. 40  Abumalek esa Galni ta’qib etdi va Gal undan qochdi. Shahar darvozasining oldiga borguncha, ko‘pchilik qirilib ketdi. 41  Jangdan so‘ng, Abumalek Armaxda yashab qoldi. Zabul+ esa Gal bilan uning birodarlarini Shakamdan quvib chiqardi. 42  Ertasi kuni xalq shahar tashqarisiga chiqdi. Bu haqda Abumalekka xabar berishdi. 43  U odamlarini yoniga olib, ularni uchta guruhga bo‘ldi-da, dalada pistirma qo‘ydi. Xalq shahar tashqarisiga chiqayotganini ko‘rgach, ularga hujum qilib qirib tashladi. 44  Abumalek yonidagi guruhlar bilan bostirib borib, shahar darvozasining oldiga turdi. Bu paytda ikkita guruh daladagilarga hujum qilib, ularni yo‘q qilib tashladi. 45  Abumalek kuni bilan shaharga qarshi jang qilib, uni bosib oldi. U shahar aholisini o‘ldirib, shaharni yer bilan yakson qildi+ va ustidan tuz sepib tashladi. 46  Shakam minorasidagi barcha rahbarlar bu haqda eshitishi bilanoq, El-Berit ibodatxonasidagi+ yerto‘laga tushib olishdi. 47  Abumalek Shakam minorasidagi barcha rahbarlar birgalikda yig‘ilganini eshitgan zahotiyoq, 48  yonidagi hamma odamlari bilan Zalmon tog‘iga chiqdi. Abumalek qo‘liga bolta olib, daraxt shoxlarini kesib oldi-da, yelkasiga ortdi. So‘ngra yonidagi odamlariga: «Nima qilganimni ko‘rdingizmi? Sizlar ham tezda shunday qilinglar»,— deb aytdi. 49  Ular ham shoxlarni kesib olib, Abumalekning orqasidan borishdi. Keyin shoxlarni yerto‘la atrofiga terib chiqib, yerto‘lani yoqib yuborishdi. Shakam minorasidagi barcha odamlar — taxminan 1 000 nafar erkak va ayol halok bo‘ldi. 50  So‘ng Abumalek Tavozga bordi va o‘sha yerda qarorgoh qurib, Tavozni bosib oldi. 51  Shaharning o‘rtasida mustahkam minora bor edi. Barcha erkaklar-u ayollar va shaharning rahbarlari o‘sha yerga qochib borishdi. Ular orqalaridan eshikni yopib, minoraning tomiga chiqib olishdi. 52  Abumalek borib minoraga hujum qildi. U minorani yoqib yuborish uchun minoraning eshigiga yaqinlashdi. 53  Shu payt bitta ayol qo‘l tegirmonining ustki toshini Abumalekning boshiga uloqtirdi va tosh uning boshini yorib yubordi+. 54  U tezda qurolbardorini chaqirib, unga: «Qilichingni sug‘urib meni o‘ldir. Bo‘lmasa: “Abumalekni ayol kishi o‘ldiribdi”,— deb aytishadi»,— dedi. Qurolbardor unga qilichini suqib o‘ldirdi. 55  Abumalekning o‘lganini ko‘rib, isroilliklar uylariga qaytib ketishdi. 56  Shu yo‘sin Xudo 70 ta aka-ukasini o‘ldirib, otasiga qilgan yovuzlikni Abumalekning o‘ziga qaytardi+. 57  Alloh Shakam aholisining qilgan barcha yovuzliklarini o‘zlarining boshiga soldi. Shunday qilib, Yerubbaalning+ o‘g‘li Yo‘tomning aytgan la’nati ularning boshiga tushdi+.

Izohlar

Boshqa variant «yer egalariga».
So‘zma-so‘z «etu suyagingiz».
So‘zma-so‘z «moylamoqchi».
Yoki «jonini».