Havoriylar 2:1-47

  • Hosil bayramida muqaddas ruh tushadi (1-13)

  • Butrusning nutqi (14-36)

  • Olomon Butrusning nutqini qabul qiladi (37-41)

    • 3 000 kishi suvga cho‘madi  (41)

  • Masihiylar orasidagi birlik (42-47)

2  Hosil bayrami*+ nishonlanayotgan paytda, shogirdlarning hammasi bir joyda to‘planishgan edi.  To‘satdan osmondan kuchli shamol esganday bir shovqin keldi-yu, ular o‘tirgan uyni tamoman to‘ldirdi+.  Shunda ular alangalanib turgan tilga o‘xshash bir narsalar paydo bo‘lganini va bo‘linib har birining ustiga bittadan tushganini ko‘rishdi.  Natijada shogirdlarning bari muqaddas ruhga to‘lib+, har xil tillarda gapira boshladi. Ular ruh ato etgan qobiliyatga ko‘ra gapirishardi+.  O‘shanda Quddusda dunyoning turli chetlaridan kelgan dindor yahudiylar bor edi+.  Bu shovqinni eshitgach, ko‘pchilik u yerga yig‘ildi. Shogirdlar ularning tillarida gapirishayotganini eshitib, o‘sha odamlar dovdirab qolishdi.  Ular juda hayron bo‘lib, bir-biriga shunday deyishdi: «Buni qarang-a, axir bu gapirayotgan kishilar hammasi jalilalik+ emasmi?  Unday bo‘lsa, qanday qilib har birimiz ularning o‘z ona tilimizda gapirishayotganini eshityapmiz?  Parfiyaliklar, midiyaliklar+, elamliklar+, Mesopotamiya, Yahudiya, Kappadokiya, Pont, Osiyo* viloyatida yashovchilar+, 10  Frigiya, Pamfiliya, Misr va Liviyaning Kirineyaga yaqin o‘lkalarida istiqomat qiluvchilar, shuningdek, Rimdan kelgan yahudiylar va yahudiy diniga kirganlar+, 11  kritliklar va arablar — hammamiz ularning o‘z ona tilimizda Allohning ulug‘vor ishlari haqida gapirishayotganini eshityapmiz». 12  Bundan barcha hang-u mang bo‘lib bir-biridan: «Nima bo‘lyapti o‘zi?» — deya so‘rashar edi. 13  Boshqalar esa mazax qilib: «Bular sharobdan yaxshigina otib olishganga o‘xshaydi»,— deyishdi. 14  Shunda Butrus 11 havoriy+ bilan birga o‘rnidan turib, baland ovozda xitob qildi: «Ey yahudiyaliklar va Quddusda yashovchilar, gaplarimga diqqat bilan quloq solib, nimalar bo‘layotganini bilib olinglar. 15  Bu odamlar sizlar o‘ylagandek mast bo‘lishgani yo‘q, chunki hozir ertalab soat to‘qqiz-ku*. 16  Aslida bu voqea haqida Yo‘el payg‘ambar shunday deb bashorat qilgan edi: 17  “Oxirgi kunlarda,— demoqda Xudo,— Men har qanday inson ustiga O‘z ruhimni yog‘diraman. O‘g‘il-u qizlaringiz bashorat qiladi, yigitlaringizga vahiylar keladi, mo‘ysafidlaringiz tushlar ko‘radi+. 18  O‘sha kunlarda hatto qul-u cho‘rilarimga O‘z ruhimni yog‘diraman va ular bashorat qiladi+. 19  Osmon-u falakda g‘aroyibotlar, yer yuzida esa alomatlar yaratib, qon, olov va pag‘a-pag‘a tutun hosil qilaman. 20  Yahovaning* ulug‘ va ajoyib kuni kelishidan oldin, quyosh qorayib, oy qonga bulanganday qizarib qoladi. 21  O‘shanda Yahovaning* ismini aytib chaqirgan har bir odam qutqariladi”+. 22  Ey isroilliklar, gaplarimga quloq solinglar! O‘zlaringiz ham bilasizki, Alloh nosiralik Iso orqali orangizda qudratli ishlar, g‘aroyibot-u alomatlar ko‘rsatib+, uni sizlarga tanitdi. 23  Sizlar esa uni qonunsiz odamlarning qo‘liga topshirib, ustunga mixlatib o‘ldirdingizlar+. Aslida, Tangri O‘z irodasiga ko‘ra, bu kishining hibsga olinishini avvaldan belgilab qo‘ygan edi+. 24  Biroq Xudo uni o‘lim azobidan* xalos etib tiriltirdi+, chunki o‘lim bu kishini asirlikda ushlab turishga qodir emasdi+. 25  Dovud payg‘ambar u haqda shunday aytgan: “Yahova* hamisha ko‘z oldimda. U mening o‘ng tomonimda ekan, men hech qachon tebranmayman. 26  Bundan qalbim shodlikka, tilim quvonchga to‘ldi. Endi men umid bilan yashayman. 27  Zero Sen meni mozorda* tashlab ketmaysan, sadoqatli xizmatching chirishiga yo‘l qo‘ymaysan+. 28  Hayot yo‘llarini menga ko‘rsatding, huzuringda meni shod-xurram qilasan”+. 29  Birodarlar, bobokalonimiz Dovud vafot etib, dafn qilingani+ va uning maqbarasi hozirgacha shu yerda ekanligi haqida ochiqchasiga gapirishimga ruxsat etinglar. 30  U kishi payg‘ambar bo‘lgan va Alloh ont ichib, uning naslidan bo‘lgan bittasini taxtiga o‘tqazishni va’da qilgan+. 31  Shu bois Masihning tirilishini, ya’ni mozorda* tashlab ketilmasligini hamda badanining chirimasligini oldindan bilib, ma’lum qilgan+. 32  Alloh bu Isoni tiriltirdi va hammamiz bunga shohidmiz+. 33  U yuksaltirilib, Xudoning o‘ng tarafiga o‘tirdi+ va samoviy Otasi tomonidan va’da qilingan muqaddas ruhni+ oldi. O‘zingiz ko‘rganingiz va eshitganingizday, shu ruhni ustimizga yog‘dirdi. 34  Dovud osmonga ko‘tarilmagan bo‘lsa-da, shunday degan: “Yahova* Hazratimga aytdi: 35  “Dushmanlaringni oyog‘ing ostiga kursi qilmagunimcha, Mening o‘ng tomonimda o‘tirib tur”+. 36  Shunday ekan, sizlar ustunga mixlatgan Isoni+ Tangrimizning O‘zi Hazrat+ va Masih qilib tayinlaganini butun Isroil xonadoni yaxshilab uqib olsin». 37  Buni eshitganlarning yuragiga o‘q qadalganday bo‘ldi va ular Butrus bilan boshqa havoriylarga murojaat qilib: «Birodarlar, biz nima qilishimiz kerak?» — deb so‘rashdi. 38  Butrus esa ularga dedi: «Tavba qilinglar+ va gunohlaringiz kechirilishi uchun+ har biringiz Iso Masihning nomi ila suvga cho‘minglar+. Shu tariqa muqaddas ruh in’omini olasizlar. 39  Axir bu va’da+ sizlarga va farzandlaringizga, uzoqda bo‘lganlarning hammasiga, qolaversa, Allohimiz Yahova* kimni da’vat etgan bo‘lsa, shularning bariga beriladi»+. 40  Butrus yana boshqa so‘zlar bilan keng shohidlik berib, tinglovchilarni: «Bu buzuq nasldan+ ehtiyot bo‘linglar»,— deya ogohlantirardi. 41  Uning so‘zlarini chin yurakdan qabul qilganlar suvga cho‘mishdi+ va o‘sha kunning o‘zida shogirdlar safiga taxminan 3 000 kishi qo‘shildi+. 42  Ular havoriylardan ta’lim olishda davom etar, hamma narsalarini o‘zaro bo‘lishar va birga ovqatlanib+ ibodat qilishardi+. 43  Hamma dahshatga tushdi va havoriylar orqali ko‘pgina g‘aroyibot-u alomatlar sodir bo‘la boshladi+. 44  Isoning izdoshi bo‘lganlarning hammasi birgalashib, barcha narsalarini o‘zaro baham ko‘rishardi. 45  Ular mol-mulklarini sotib+, daromadni har kimning ehtiyojiga qarab taqsimlashardi+. 46  Ular har kuni ma’badda birdam bo‘lib yig‘ilishar va bir-birining uyiga borib, katta quvonch va samimiyat bilan birga ovqatlanishar edi. 47  Ular Xudoni ulug‘lab, xalqning hurmatiga sazovor bo‘lishardi. Yahova* esa kundan-kunga najot topayotganlarni ularning safiga qo‘shardi+.

Izohlar

Rim imperiyasining Kichik Osiyodagi viloyati.
So‘zma-so‘z «kunning uchinchi soati».
Boshqa variant «o‘lim kishanlaridan».
Yun. hades, ya’ni insoniyatning umumiy qabri. Lug‘atga q.
Yun. hades, ya’ni insoniyatning umumiy qabri. Lug‘atga q.