Havoriylar 23:1-35
23 Pavlus Oliy Kengash a’zolariga tikilib qarab, shunday dedi: «Birodarlar, men shu kungacha Alloh oldida top-toza vijdon+ bilan yashab kelyapman».
2 Shunda oliy ruhoniy Hananiya, Pavlusning yonida turgan kishilarga uning og‘ziga urishlarini buyurdi.
3 Pavlus esa unga: «Ey oqlangan devor, Xudo seni uradi! Sen meni Qonun bo‘yicha hukm qila turib, tag‘in Qonunga zid ravishda meni urishlarini buyurasanmi?» — deb aytdi.
4 Uning yonida turganlar: «Sen hali Tangrining oliy ruhoniysini haqorat qilyapsanmi?» — deyishdi.
5 Shunda Pavlus dedi: «Birodarlar, men uning oliy ruhoniy ekanligini bilmabman. Axir, Muqaddas Yozuvlarda: “Xalq yo‘lboshchisini yomonlamang”+,— deyilgan-ku».
6 Oliy Kengash a’zolarining bir qismi sadduqiy, yana bir qismi farziylar ekanini payqagach, Pavlus baland ovozda quyidagilarni aytdi: «Birodarlar, men farziyman+, farziy o‘g‘liman. Hozir esa tirilishga bo‘lgan umidim uchun hukm qilinyapman».
7 Bu gapdan so‘ng farziylar bilan sadduqiylar orasida kelishmovchilik yuzaga kelib, yig‘ilganlar ikki qismga bo‘lindi.
8 Boisi, sadduqiylar tirilish, farishtalar va ruhiy mavjudotlar yo‘q deyishadi, farziylar esa bularning bariga ishonishadi+.
9 Shundan keyin baqir-chaqir boshlanib ketdi. Farziylar orasidan chiqqan ba’zi ulamolar o‘rinlaridan turib, qattiq bahs-munozara ko‘tarishdi. Ular shunday deyishardi: «Bizningcha, bu odamning hech qanday aybi yo‘q. Agar u bilan biron-bir ruh yoki farishta gaplashgan bo‘lsa+, unda...».
10 Janjal kuchayib borgach, mingboshi Pavlusni tilka-pora qilib yuborishlaridan qo‘rqib, askarlarga pastga tushishni va uni oralaridan chiqarib, harbiy qismga olib ketishlarini buyurdi.
11 O‘sha kechaning o‘zida Hazratimiz Pavlusga zohir bo‘lib: «Dadil bo‘l!+ Quddusda men haqimda qanday shahodat bergan bo‘lsang, Rimda ham shunday qilishing kerak»+,— deb aytdi.
12 Kun yorishgach, yahudiylar fitna uyushtirib, Pavlusni o‘ldirmaguncha yeb-ichmaslikka qasamyod qilishdi.
13 Qasam ichganlarning soni 40 kishidan ziyod edi.
14 Ular bosh ruhoniy va oqsoqollarning yoniga borib, quyidagicha deyishdi: «Biz Pavlusni o‘ldirmaguncha biror narsa yeb-ichsak la’nati bo‘laylik, deb qasam ichdik.
15 Endi sizlar Oliy Kengash a’zolari bilan birga mingboshining oldiga boringlar. Go‘yo Pavlusga oid masalani hal qilmoqchi bo‘lgandek, uni yoningizga olib kelishi kerakligini aytinglar. Pavlus bu yerga yaqinlashib qolganda, biz uni o‘ldirishga tayyor turamiz».
16 Biroq Pavlusning jiyani uni o‘ldirishmoqchi ekanini eshitib harbiy qismga keldi-da, Pavlusni ogohlantirib qo‘ydi.
17 So‘ng Pavlus yuzboshilardan birini chaqirib unga: «Bu yigitni mingboshining oldiga olib boring, chunki unga aytadigan gapi bor ekan»,— dedi.
18 Shunda bu odam uni o‘zi bilan oldi-da, mingboshining oldiga keltirib: «Mahbus Pavlus meni chaqirib, bu yigitni oldingizga keltirishni iltimos qildi. Uning sizga aytadigan gapi bor ekan»,— deb aytdi.
19 Mingboshi uni qo‘lidan ushlab, chetga olib chiqdi-da: «Xo‘sh, menga nima demoqchisan?» — deb so‘radi.
20 Yigit unga javoban dedi: «Yahudiylar til biriktirib, Pavlusning ishini aniqroq surishtiramiz deb, ertaga uni Oliy Kengashga keltirishingizni sizdan iltimos qilishmoqchi+.
21 Siz ularga ishonmang, chunki 40 dan ziyod kishi Pavlusni poylab o‘tiribdi. Ular uni o‘ldirmaguncha yeb-ichmaslikka qasamyod qilishgan+. Endi ular sizning ruxsatingizni kutib tayyor turishibdi».
22 Mingboshi: «Bularni menga aytganingni hech kim bilmasin»,— deya buyruq berib, yigitni qo‘yib yubordi.
23 Keyin yuzboshilardan ikkitasini chaqirib, shunday dedi: «Kechki soat to‘qqizda* Kesariyaga jo‘nash uchun 200 ta askar, 70 ta otliq va 200 ta nayzabardor tayyorlanglar.
24 Shuningdek, Pavlusni hokim Feliksning oldiga sog‘-salomat yetkazish uchun ot-ulov hozirlanglar».
25 So‘ng u quyidagicha maktub yozdi:
26 «Klavdiy Lusiydan muhtaram hokim Feliksga salom!
27 Bu kishini yahudiylar tutib, o‘ldirishmoqchi edi. Men esa uning Rim fuqarosi ekanidan xabar topib+, askarlar bilan yetib keldim-da, uni qutqarib qoldim+.
28 Uning nimada ayblanayotganini bilish uchun yahudiylarning Oliy Kengashiga boshlab keldim+.
29 Uni o‘zlarining Qonuniga oid masalada ayblashayotganini bilib oldim+. Biroq unda o‘limga yoki kishanga loyiq hech qanday ayb topmadim.
30 Bu kishiga qarshi fitna uyushtirilganidan xabar topib+, uni darhol oldingizga yubordim. Ayblovchilariga ham o‘z arzlari bilan sizga murojaat qilishlarini buyurdim».
31 Shunday qilib, askarlar mingboshining buyrug‘iga binoan kechasi Pavlusni Antipatrisning qoshiga olib borishdi+.
32 Ertasiga uni otliqlar bilan birga jo‘natib, o‘zlari harbiy qismga qaytishdi.
33 Otliqlar Kesariyaga yetib kelgach, maktubni hokimga berishdi-da, Pavlusni uning izmiga topshirishdi.
34 Hokim maktubni o‘qidi va Pavlusning qaysi viloyatdan ekanligini so‘radi. Uning Kilikiyadan ekanligini+ bilgach:
35 «Ishingni ayblovchilaring kelganida ko‘rib chiqaman»+,— deb uni Hirod saroyidagi soqchilarning qo‘liga topshirdi.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «tunning uchinchi soatida».