Hizqiyo 12:1-28
12 Yahova menga yana so‘zini ayon qildi:
2 «Inson o‘g‘li, sen isyonkor xalq orasida yashayapsan. Ularning ko‘zlari bor-u, lekin ko‘rmaydi. Ularning quloqlari bor-u, ammo eshitmaydi+. Chunki ular isyonkor xalqdir+.
3 Senga kelsak, ey inson o‘g‘li, surgunga ketayotgandek tuguningni hozirlab qo‘y. Kunduz kuni odamlar seni ko‘rib turganida, surgunga ketayotgandek yo‘lga chiq. Ular kuzatib turganida uyingdan boshqa joyga surgunga ketayotgandek chiqib ket. Ular isyonkor xalq bo‘lsa ham, balki bunga e’tibor berishar.
4 Kunduz kuni ular seni ko‘rib turganida, surgunga ketayotgandek tuguningni chiqarib qo‘y. So‘ng kechqurun ularning ko‘z o‘ngida surgunga olib ketilayotgan kishidek chiqib ket+.
5 Ularning ko‘z o‘ngida devorni teshib, tuguningni shu teshikdan olib chiq+.
6 Qorong‘ida ular seni kuzatib turganida, tuguningni yelkangga ortib tashqariga olib chiq. Yerni ko‘ra olmaydigan qilib yuzingni yopib ol. Chunki Men seni Isroil xonadoni uchun timsol qilaman»+.
7 Men xuddi aytilgandek qildim. Surgunga ketayotgandek kunduzi tugunimni chiqarib qo‘ydim. Kech tushganda qo‘llarim bilan devorni teshdim va qorong‘ida ularning ko‘z o‘ngida tugunimni yelkamga ortib tashqariga olib chiqdim.
8 Ertalab Yahova menga yana so‘zini ayon qildi:
9 «Ey inson o‘g‘li, isyonkor Isroil xalqi sendan: “Nima qilyapsan?” — deb so‘radimi?
10 Ularga shunday degin: “Oliy Hukmdor Yahova bunday demoqda: “Bu xabar Quddus yo‘lboshchisiga+ hamda shahardagi butun Isroil xalqiga taalluqli”.
11 Sen ular uchun timsol ekaningni ayt+. Sen nimaiki qilgan bo‘lsang, bu narsalar ularning boshiga tushadi. Ular surgun qilinadi, asirlikka tushadi+.
12 Ularning orasidagi yo‘lboshchi tugunini yelkasiga ortib, qorong‘ida chiqib ketadi. U devorni teshib, tugunini tashqariga olib chiqadi+. Yuzini yopib olganidan yerni ko‘ra olmaydi.
13 Men uning ustiga to‘r tashlayman va u to‘rimga tushadi+. So‘ng Men uni Bobilga, xaldeylar yurtiga olib boraman, ammo u Bobilni ko‘ra olmaydi. O‘sha yerda uning ajali yetadi+.
14 Uning yonidagi hamma odamlarni — yordamchilari va lashkarini har tomonga tarqatib yuboraman+. Men ularning ortidan quvish uchun qilich yalang‘ochlayman+.
15 Ularni xalqlar orasiga, yurtlar bo‘ylab tarqatib yuborganimda, Men Yahova ekanimni bilib olishadi.
16 Biroq ulardan ozchilikni qilich, ocharchilik va o‘latdan saqlab qolaman, toki ular o‘zlari surgun qilingan xalqlar orasida qilgan barcha qabih ishlari haqida aytib berishsin. Shunda ular Men Yahova ekanimni bilib olishadi».
17 Yahova menga yana so‘zini ayon qildi:
18 «Ey inson o‘g‘li, sen noningni qaltirab yegin, suvingni sarosima va xavotir bilan ichgin+.
19 Yurtdagi odamlarga ayt: “Oliy Hukmdor Yahova Isroil yurtidagi Quddus aholisi haqida bunday demoqda: “Ular xavotir ichida nonini yeyishadi, qo‘rquv ichida suvini ichishadi, chunki unda yashovchi barchaning zo‘ravonligi dastidan+ yurt butunlay vayron bo‘ladi+.
20 Gavjum shaharlar kimsasiz qoladi, yer tashlandiq ahvolga keladi+. Shunda Men Yahova ekanimni bilib olishadi”»+.
21 Yahova menga yana so‘zini ayon qildi:
22 «Ey inson o‘g‘li, Isroilda: “Kunlar o‘tar, vahiylar yo‘qga chiqar”,— degan maqolni aytib yurganingiz nimasi?+
23 Ularga ayt: “Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Isroilda bu maqol tilga olinmasligi uchun uni yo‘q qilib yuboraman”. Ularga aytib qo‘y: “O‘sha kunlar yaqin+, vahiylar amalga oshadi”.
24 Chunki bundan buyon Isroil xalqi orasida hech qanday soxta vahiy va yolg‘on bashorat bo‘lmaydi+.
25 “Men, Yahova gapiraman. Og‘zimdan chiqgan har qanday so‘z kechikmasdan amalga oshadi+. Ey isyonkor xalq, sizning kuningizda+ aytgan so‘zlarimni amalga oshiraman”,— deb aytmoqda Oliy Hukmdor Yahova”».
26 Yahova menga yana so‘zini ayon qildi:
27 «Ey inson o‘g‘li, Isroil xalqi mana bunday deyapti: “U ko‘rayotgan vahiy amalga oshishiga hali ancha vaqt bor, u uzoq kelajak haqida bashorat qilyapti”+.
28 Ularga aytib qo‘y: “Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Aytgan birorta so‘zim kechikmaydi, hammasi amalga oshadi”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova”».