Hizqiyo 13:1-23
13 Yahova menga yana so‘zini ayon qildi:
2 «Ey inson o‘g‘li, Isroildagi payg‘ambarlarga+ va bashoratlarni to‘qib chiqaruvchilarga+ qarshi bashorat qilib ayt: “Yahovaning so‘zini tinglang.
3 Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Ahmoq payg‘ambarlarning holiga voy! Ular hech qanday vahiy ko‘rmasdan turib, o‘z istaklari bo‘yicha yo‘l tutishadi+.
4 Ey Isroil, payg‘ambarlaring xarobalar orasida yurgan tulkilarga o‘xshaydi.
5 Yahovaning kunida+ Isroil jangda turib bera olishi uchun, sizlar Isroil xonadoni uchun tosh devorlarning qulagan joylarini qayta tiklamaysizlar”+.
6 “Ular soxta vahiylar ko‘rib, yolg‘onni bashorat qilishadi. Yahova ularni yubormagan bo‘lsa-da: “Yahova mana shunday demoqda”,— deya aytganlari amalga oshishini kutishadi+.
7 Men hech narsa aytmagan bo‘lsam ham, sizlar: “Yahova mana shunday demoqda”,— deysiz. Ko‘rgan vahiylaringiz soxta, aytgan bashoratlaringiz yolg‘on emasmi?”
8 “Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Yolg‘on gapirganingiz va soxta vahiylaringiz uchun sizlarga qarshi chiqaman”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova+.
9 Soxta vahiylar ko‘rib, yolg‘onni bashorat qiladiganlarga qarshi qo‘l ko‘taraman+. Ular na Menga yaqin bo‘lgan xalq orasida, na Isroil xonadoni ro‘yxatida bo‘lishadi. Ular Isroil yurtiga ham qaytmaydi. Shunda Men Oliy Hukmdor Yahova ekanimni bilib olasizlar+.
10 Tinchlik bo‘lmagan paytda ular: “Tinchlik”,— deya xalqimni yo‘ldan urgani sababli bularning bari sodir bo‘lyapti+. Nomigagina qurilgan devorni ular ohak bilan suvayapti*+”.
11 Devorni ohak bilan suvayotganlarga uning qulashini ayt. Jala quyadi, do‘l yog‘adi, kuchli bo‘ron ko‘tariladi va devor qulaydi+.
12 Devor qulaganda sizlardan: “Devorning suvog‘i qani?” — deb so‘rashadi+.
13 Shuning uchun Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Men jahl ichida kuchli bo‘ron yuboraman, g‘azabga minib jala quydiraman, qahr bilan do‘l yog‘diraman.
14 Ohak bilan suvalgan devoringizni buzib yer bilan bitta qilaman va uning poydevori ko‘rinib qoladi. Shahar vayron bo‘lganida, sizlar ham uning ichida yo‘q bo‘lib ketasizlar. Shunda Men Yahova ekanimni bilib olasizlar”.
15 “G‘azabimni devorga hamda uni ohak bilan suvaganlarga sochganimda, sizlarga shunday deyman: “Devor ham, uni suvaganlar ham endi yo‘q+.
16 Quddus to‘g‘risida bashorat qilib, tinchlik bo‘lmasa ham shaharda tinchlik o‘rnatilganini vahiyda ko‘rgan Isroil payg‘ambarlari yo‘q bo‘lib ketdi”+,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova.
17 Sen esa, ey inson o‘g‘li, bashoratlarni to‘qib chiqaruvchi xalqing qizlariga yuzlanib, ularga qarshi bashorat qil.
18 Ularga shunday degin: “Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Xalqimning jonini ovlash uchun qo‘lga taqiladigan tasmalarni* tikadigan, bo‘yi past va baland kishilarning boshlariga yopinchiq tayyorlaydigan ayollarning holiga voy!” Sizlar xalqimning jonini ovlab turib, o‘z joningizni saqlab qolmoqchimisiz?
19 Bir hovuch arpa va bir burda non uchun xalqim orasida Meni sharmanda qilyapsizlar+. Yolg‘oningizga quloq tutayotgan xalqimni aldab, o‘limga mahkum etilmaganlarni o‘ldiryapsizlar. Yashashi kerak bo‘lmaganlarni esa tirik qoldiryapsizlar”+.
20 Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Ey ayollar, xuddi qushlarni ovlaganday xalqimni ovlash uchun ishlatayotgan tasmalaringizdan nafratlanaman. Men tasmalaringizni qo‘llaringizdan yulib olib, qushlarday ovlangan kishilarni ozod qilaman.
21 Men yopinchiqlaringizni yirtib tashlab, xalqimni changalingizdan ozod qilaman. Bundan buyon ular sizlarga o‘lja bo‘lmaydi. Shunda Men Yahova ekanimni bilib olasizlar+.
22 Odil kishilar azob chekishini istamasam ham, sizlar yolg‘oningiz bilan ularning qalbiga ozor beryapsiz+. Yovuzlar yomon yo‘lidan qaytib, tirik qolmasligi uchun+ sizlar ularning qo‘liga quvvat beryapsiz+.
23 Shu sababli, ey ayollar, endi soxta vahiylar ko‘rib, fol ochmaysizlar+. Men xalqimni qo‘lingizdan qutqaraman. Shunda Men Yahova ekanimni bilib olasizlar”».
Izohlar
^ Ya’ni ular nomigagina ichki devor qurib, uni mustahkam ko‘rsatish uchun ohak bilan oqlashgan.
^ Bu tasmalar sehr-joduda qo‘llanilib, tirsak yoki bilakka taqilgan.