Hizqiyo 14:1-23
14 Isroilning ba’zi oqsoqollari kelib, oldimga o‘tirishdi+.
2 Shunda Yahova menga so‘zini ayon qildi:
3 «Ey inson o‘g‘li, bu kishilar jirkanch butlari* ortidan ergashishga qaror qilishgan. Ular xalqning oldiga qoqintiradigan tosh qo‘yib, gunohga yetaklashdi. Nega endi Menga murojaat qilganda ularga javob berishim kerak?!+
4 Ularga qarata shunday degin: “Oliy Hukmdor Yahova aytmoqda: “Isroillik odam jirkanch butlari ortidan ergashishga qaror qilib, xalqning oldiga qoqintiradigan tosh qo‘yib, gunohga yetaklasa va shu bilan birga payg‘ambarga murojaat qilsa, Men — Yahova jirkanch butlari ko‘pligiga qarab unga javob beraman.
5 Butun Isroil xonadoni Mendan uzoqlashib, jirkanch butlari orqasidan ergashgani uchun, Men ularning yuragiga qo‘rquv solaman”»+.
6 Shunday ekan, Isroil xonadoniga ayt: «Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Qaytinglar, jirkanch butlaringizdan voz kechib, barcha qabih ishlaringizni tashlanglar+.
7 Agar biror isroillik yoki Isroilda yashovchi chet ellik Mendan uzoqlashib, jirkanch butlari ortidan ergashishga qaror qilsa, xalqning oldiga qoqintiradigan tosh qo‘yib, gunohga yetaklasa va shu bilan birga payg‘ambarimga murojaat qilsa+, Men — Yahova unga O‘zim javob beraman.
8 Men o‘sha odamga qarshi yuzlanib, uni boshqalarga ogohlantiruvchi misol qilaman. U tillarda masal bo‘ladi. Uni xalqim orasidan yo‘q qilib yuboraman+. Shunda Men, Yahova ekanimni bilib olasizlar”.
9 “Ammo payg‘ambar aldanib unga javob bersa, payg‘ambarni aldagan Men — Yahova bo‘laman+. Qo‘limni unga qarshi uzatib, xalqim Isroil orasidan uni qirib tashlayman.
10 Ularning aybi o‘zining bo‘ynida bo‘ladi. Murojaat qilgan kishi ham, payg‘ambar ham birday aybdor hisoblanadi,
11 toki Isroil xonadoni boshqa Mendan uzoqlashmaydigan, qilmishlari bilan o‘zini bulg‘amaydigan bo‘lsin. Shunda ular Mening xalqim, Men esa ularning Xudosi bo‘laman”+,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova».
12 Yahova menga yana so‘zini ayon qildi:
13 «Ey inson o‘g‘li, bordi-yu yurt ahli bevafolarcha yo‘l tutib, Menga qarshi gunoh qilsa, Men ularga qarshi qo‘limni uzatib, ovqat zaxiralarini yo‘q qilaman+. Yurtga ocharchilik yuborib+, odam va hayvonlarni qirib tashlayman+.
14 “Hatto bu uch kishi, ya’ni Nuh+, Doniyor+ va Ayub+ shu yurtda bo‘lsa ham, ular odilligi tufayli faqatgina o‘z jonini saqlab qolgan bo‘lardi”+,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova.
15 “Aytaylik, Men yurtga yirtqich hayvonlarni yubordim. Ular bu yerning aholisini qirib, kimsasiz qoldirdi. Yirtqich hayvonlar dastidan u yerdan hech kim o‘ta olmaydigan bo‘ldi+.
16 Hayotim bilan qasam ichib aytamanki, hatto bu uch kishi shu yurtda bo‘lsa ham, ular na o‘g‘illarini, na qizlarini qutqara olardi. Ular faqatgina o‘z jonini saqlab qolgan bo‘lardi, bu yurt esa bo‘shab qolardi”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova.
17 Deylik, Men yurtga qilich yuborib+: “Butun yurtni qilich tor-mor etsin”,— dedim va u yerdagi odamlaru hayvonlarni qirib tashladim+.
18 “Hayotim bilan qasam ichib aytamanki, hatto bu uch kishi shu yurtda bo‘lsa ham, ular na o‘g‘illarini, na qizlarini qutqara olardi. Ular faqatgina o‘z jonini saqlab qolgan bo‘lardi”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova.
19 Aytaylik, Men bu yurtga o‘lat yubordim+ va odamlaru hayvonlarni qirib tashlash uchun qon to‘kib bu yerga g‘azabimni sochdim.
20 “Hayotim bilan qasam ichib aytamanki, hatto Nuh+, Doniyor+ va Ayub+ shu yurtda bo‘lishsa ham, ular na o‘g‘illarini, na qizlarini qutqara olishardi. Ular odilligi tufayli faqatgina o‘z jonini saqlab qolgan bo‘lishardi”+,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova.
21 Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Odamlaru hayvonlarni qirib tashlash uchun+ Men Quddusga qarshi to‘rtta jazo+ — qilich, ocharchilik, yirtqich hayvonlar va o‘lat+ yuborganimda bularning bari sodir bo‘ladi.
22 Ammo Quddusda ba’zilar — o‘g‘ilu qizlar omon qolib, u yerdan olib chiqiladi+. Ular oldingizga kelishadi. Sizlar ularning tutgan yo‘llari va qilgan ishlarini ko‘rib, nega Quddusga bu kulfatlarni keltirganimni tushunasizlar”.
23 “Ularning tutgan yo‘llari va qilgan ishlarini ko‘rib tasalli topasizlar. Shunda bu ishlarni besabab qilmaganimni bilib olasizlar”+,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova».
Izohlar
^ Ibroniycha bu atama ehtimol, «go‘ng» so‘ziga yaqin bo‘lib, hazar qilishni ifodalash maqsadida qo‘llaniladi.