Hizqiyo 29:1-21
29 O‘ninchi yil, o‘ninchi oyning o‘n ikkinchi kunida Yahova menga so‘zini ayon qildi:
2 «Ey inson o‘g‘li, Misr fir’avniga yuzlanib, unga va butun Misrga qarshi bashorat qil+.
3 Ularga shunday deb ayt: “Oliy Hukmdor Yahova demoqda:
“Ey Misr fir’avni, Men senga qarshi chiqaman+.Ey, Nil anhorlarida* yotgan ulkan dengiz maxluqi+,Sen: “Nil daryosi meniki,
Men uni o‘zim uchun yaratganman”+,— deysan.
4 Ammo Men jag‘ingga ilgak solaman, Nil daryongdagi jamiki baliqlarni tangachalaringga yopishtiraman.
Seni va tangachalaringga yopishgan hamma baliqlarni Nildan chiqarib olaman.
5 Seni va Nil daryongdagi barcha baliqlarni sahroga uloqtiraman.
Sen dashtda yotasan va hech kim seni olib ko‘mmaydi+.
Seni yer yuzidagi yovvoyi hayvonlarga hamda osmondagi qushlarga yem qilaman+.
6 Shunda Misrda yashovchi barcha odamlar Men Yahova ekanimni bilib olishadi,Zero, ular Isroil xonadoni uchun poxolpoyadek* ishonchsiz tirgak bo‘lishdi+.
7 Isroilliklar qo‘lingni ushlaganda, sen maydalanib ketding,Ularning yelkasini yaralading.
Ular senga tayanganida, sen sinib qolding.Bundan ularning oyoqlari qaltirab ketdi”+.
8 Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Mana, Men ustingga qilich keltirib+, sendagi odamlarni va hayvonlarni qirib tashlayman.
9 Misr yurtini kimsasiz joy va xarobazorga aylantiraman+. Shunda Men Yahova ekanimni bilib olishadi. Chunki sen: “Nil daryosi meniki, uni o‘zim yaratganman”+,— deding.
10 Mana, Men senga va Nil daryongga qarshi chiqaman. Migdoldan+ to Habashiston chegarasidagi Savanaygacha+ Misr yurtini tashlandiq, qaqragan va kimsasiz yerga aylantiraman+.
11 Bu yerdan na inson, na chorva o‘tadi+, 40 yil davomida unda hech kim yashamaydi.
12 Men Misr yurtini eng kimsasiz yurtga aylantiraman. Uning shaharlari 40 yil davomida huvullab yotadi+. Men misrliklarni xalqlar orasiga, yurtlar bo‘ylab tarqatib yuboraman”+.
13 Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “40 yildan keyin, Men misrliklarni ular tarqalib ketgan xalqlar orasidan yig‘ib olaman+.
14 Men asirga olingan misrliklarni ona yurtiga — Patro‘sga+ qaytaraman. O‘sha yerda ularning shohligi kuchsiz bir shohlik bo‘ladi.
15 Misr boshqa shohliklarga qaraganda zaifroq bo‘ladi. Endi u boshqa xalqlar ustidan hukmronlik qilmaydi+. Men ularni shu qadar kuchsiz qilamanki, ular boshqa xalqlarni bo‘ysundira olishmaydi+.
16 Endi u hech qachon Isroil xonadoni uchun tayanch bo‘lmaydi+. Aksincha, Misr ularga undan yordam so‘rab gunoh qilishganini eslatib turadi. Shunda isroilliklar Men Oliy Hukmdor Yahova ekanimni bilib olishadi”».
17 Yigirma yettinchi yil, birinchi oyning birinchi kunida Yahova menga so‘zini ayon qildi:
18 «Ey inson o‘g‘li, Bobil shohi Navuxodonosor+ Tirga hujum qilish uchun lashkarini ayamay ishga soldi+. Barchaning boshi kal bo‘lib, yelkalari shilinib ketdi. Biroq shoh va uning lashkari Tirda bajargan ishlari evaziga hech qanday haq olmadilar.
19 Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Mana, Men Misr yurtini shoh Navuxodonosor qo‘liga beryapman+. U Misrning boyligini tortib olib, uni talon-toroj qiladi va ko‘p o‘ljaga ega bo‘ladi. Bu, uning lashkari uchun ish haqi bo‘ladi”.
20 “U Men uchun Tirga qarshi urush olib bordi. Shu bois, Misr yurtini unga to‘lov sifatida beraman”+,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova.
21 O‘sha kuni Isroil xonadoni uchun bir shox o‘stiraman+. Senga ularning orasida gapirishga imkon beraman. Shunda ular Men Yahova ekanimni bilib olishadi».
Izohlar
^ Bu va keyingi oyatlarda «Nil» so‘zi ostida ushbu daryo va irmoqlari nazarda tutilgan.
^ So‘zma-so‘z «qamishdek».