Hizqiyo 34:1-31

  • Isroil cho‘ponlari haqida bashorat (1-10)

  • Yahova O‘z qo‘ylariga g‘amxo‘rlik qiladi (11-31)

    • «Xizmatkorim Dovud» ularning cho‘poni bo‘ladi (23)

    • «Tinchlik ahdi» (25)

34  Yahova yana menga so‘zini ayon qildi:  «Ey inson o‘g‘li, Isroil cho‘ponlariga qarshi bashorat qil. Bashorat qilib ularga shunday degin: “Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “O‘zlarini boqib yurgan Isroil cho‘ponlarining holiga voy!+ Cho‘ponlar suruvni boqishi kerak emasmi?!+  Sizlar hayvonlarning eng semizini so‘yasizlar, yog‘ini yeysizlar, junidan kiyim kiyasizlar-u+, suruvni boqmaysizlar+.  Sizlar zaiflarini mustahkamlamadingiz, kasallarini davolab, yaralarini bog‘lamadingiz, adashganlarini qaytarib kelmadingiz, yo‘qolganlarini izlamadingiz+. Aksincha, berahmlik va zolimlik qilib ularni boshqardingiz+.  Cho‘poni bo‘lmagani uchun ular tarqalib ketishdi+. Ular tarqalib, dashtdagi yovvoyi hayvonlarga yem bo‘lishdi.  Qo‘ylarim barcha tog‘laru baland tepaliklarda adashib yurishdi, butun yer yuzi bo‘ylab tarqalib ketishdi. Hech kim ularni qidirmadi, topishga harakat qilmadi.  Shuning uchun, ey cho‘ponlar, Yahovaning so‘zini tinglang:  “Hayotim bilan qasam ichib aytamanki, — demoqda Oliy Hukmdor Yahova — cho‘poni bo‘lmagani uchun qo‘ylarim dashtdagi yovvoyi hayvonlarga o‘lja va yem bo‘lishdi. Cho‘ponlarim qo‘ylarimni izlashmadi. Ular qo‘ylarimni emas o‘zlarini boqishdi”.  Shuning uchun, ey cho‘ponlar, Yahovaning so‘zini tinglang! 10  Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Men cho‘ponlarga qarshi chiqyapman, qo‘ylarim uchun ularni javobgarlikka tortaman va qo‘ylarimni boqishga ortiq izn bermayman+. Endi cho‘ponlar o‘zlarini boqishmaydi. Qo‘ylarimni ularning og‘zidan qutqaraman, bundan buyon ular cho‘ponlarga yem bo‘lishmaydi”. 11  Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Mana, Men O‘zim qo‘ylarimni qidirib topaman va ularga g‘amxo‘rlik qilaman+. 12  Cho‘pon tarqalib ketgan qo‘ylarini izlab topgani va ularni boqgani singari, Men ham qo‘ylarimga g‘amxo‘rlik qilaman+. Bulutlar va tim qorong‘ilik kunida+ ular tarqalib ketgan hamma joylardan ularni qutqaraman. 13  Men ularni xalqlar orasidan olib chiqaman, yurtlardan yig‘ib olaman. Ularni o‘z yurtlariga keltirib+, Isroil tog‘larida, anhorlar bo‘yida va yurtdagi odamlar yashaydigan barcha joylarda boqaman. 14  Ularni yaxshi yaylovlarda boqaman, o‘tlab yuradigan joylari Isroilning baland tog‘lari bo‘ladi+. Ular yam-yashil o‘tloqlarda yotishadi+ va Isroil tog‘laridagi sero‘t yaylovlarda oziqlanishadi”. 15  Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Men O‘zim qo‘ylarimni boqaman+ va O‘zim ularga orom beraman+. 16  Men yo‘qolganini izlab topaman+, adashib qolganini qaytarib olib kelaman, yaralanganining yarasini bog‘layman va zaifini mustahkamlayman. Semiz va kuchlisini esa yo‘q qilaman. Ularni hukm qilib, tegishli jazosini beraman”. 17  Sizlarga kelsak, ey qo‘ylarim, Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Men qo‘y bilan qo‘y, qo‘chqorlar bilan takalar o‘rtasida adolat o‘rnataman+. 18  Eng yaxshi yaylovlarda o‘tlab yurganingiz kamlik qilyaptimi? Qolgan yaylovlarni tuyoqlaringiz bilan payhon qilishingiz shartmi? Tiniq suvni ichgandan keyin nega suvni tuyoqlaringiz bilan loyqalatyapsizlar? 19  Endi qo‘ylarim sizlar payhon qilgan yaylovlarda o‘tlab, loyqalatgan suvingizni ichishlari kerakmi?” 20  Shuning uchun Oliy Hukmdor Yahova ularga demoqda: “Mana, Men O‘zim semiz va ozg‘in qo‘y o‘rtasida adolat o‘rnataman. 21  Chunki kasal qo‘ylarni biqiningiz va yelkangiz bilan itarib, shoxlaringiz bilan suzib, har yoqga tarqatib yubordingiz. 22  Men qo‘ylarimni himoya qilaman va bundan buyon ular hech kimga o‘lja bo‘lishmaydi+. Men bir qo‘y bilan boshqa qo‘y o‘rtasida adolat o‘rnataman. 23  Ularning ustidan bir cho‘ponni+, xizmatkorim Dovudni+ qo‘yaman va u qo‘ylarimni boqadi. Uning o‘zi ularni boqib, ularning cho‘poni bo‘ladi+. 24  Men — Yahova ularning Tangrisi bo‘laman+, xizmatkorim Dovud esa ularning yo‘lboshchisi bo‘ladi+. Buni Men — Yahova aytdim. 25  Men ular bilan tinchlik ahdini qilaman+ va yurtni yirtqich hayvonlardan ozod etaman+. Shunda ular sahroda xavfsiz hayot kechirib, o‘rmonlarda uxlashadi+. 26  Ularni va tepaligim atrofidagi yerlarni baraka manbaiga aylantiraman+. Yomg‘irlarni o‘z vaqtida yog‘diraman. Barakalar yomg‘ir kabi yog‘iladi+. 27  Daladagi daraxtlar o‘z mevasini, yer esa hosilini beradi+ va ular yurtda xavfsizlikda yashashadi. Ularning bo‘yinturug‘ini sindirib+, ularni qul qilib olganlardan xalos etganimda, Men Yahova ekanimni bilib olishadi. 28  Ortiq ular xalqlarga o‘lja, yovvoyi hayvonlarga yem bo‘lishmaydi. Xavfsizlikda yashashadi, hech kim ularni qo‘rqitmaydi+. 29  Ularga shuhrat keltiruvchi ekinzor beraman va ular hech qachon ocharchilikdan o‘lishmaydi+. Xalqlar ularni boshqa xo‘rlamaydi+. 30  Shunda Men — ularning Tangrisi Yahova — ular bilan ekanimni bilib olishadi. Ular, ya’ni Isroil xonadoni Mening xalqim+ ekanini anglashadi”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova”. 31  “Sizlar esa, ey qo‘ylarim+ — Men g‘amxo‘rlik qilayotgan qo‘ylar — oddiy odamsiz. Men esa sizlarning Xudoyingizman”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova».

Izohlar