Hizqiyo 36:1-38

  • Isroilning tog‘lari haqida bashorat (1-15)

  • Isroil qayta tiklanadi (16-38)

    • «Buyuk ismimni Men albatta muqaddas qilaman» (23)

    • «Adan bog‘iday» (35)

36  «Sen esa, ey inson o‘g‘li, Isroil tog‘lari haqida bashorat qilib, shunday degin: “Ey Isroil tog‘lari, Yahovaning so‘zini eshiting!  Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Dushman sizlar haqda: “Ajab bo‘pti! Endi qadimiy tepaliklar bizning mulkimizga aylandi!”+ — dedi”.  Shuning uchun bashorat qilib ayt: “Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Sizlarga har tomondan hujum qilib, huvullatib qo‘yishgani uchun, sizlar xalqlar orasidan omon qolganlarning mulkiga aylandingiz, odamlarning og‘ziga tushib, tuhmatga qoldingiz+.  Shu sababdan, ey Isroil tog‘lari, Oliy Hukmdor Yahovaning so‘zini eshiting! Oliy Hukmdor Yahova tog‘laru tepaliklarga, daryolaru vodiylarga, talon-toroj qilinib kimsasiz qoldirilgan+ va ularning atrofidagi xalqlarning omon qolganlari tomonidan masxara qilingan shaharlarga murojaat qilyapti”+.  Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Xalqlarning omon qolganlariga hamda butun Edomga qarshi rashkim o‘t olib+ gapiraman. Ular Mening yurtimni o‘zlariniki deya da’vo qilib, yaylovlarini o‘zlariga olib, uni talon-toroj qilishdan+ juda xursand bo‘lib, masxara qilishdi”+.  Isroil yurti haqida bashorat qilib, tog‘laru tepaliklarga, daryolaru vodiylarga qarata shunday degin: “Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Xalqlar sizlarni xo‘rlashiga chidaganingiz uchun, rashkim va qahrim kelib gapiraman”+.  Shu bois Oliy Hukmdor Yahova demoqda: “Qo‘limni ko‘tarib ont ichamanki, atrofdagi xalqlarning o‘zlari isnodga qolishadi+.  Sizlar esa, ey Isroil tog‘lari, butoq otib, xalqim Isroil uchun meva berasizlar+, chunki ular yaqinda qaytib kelishadi.  Zero, Men sizlar bilanman, sizlar tomonga yuz buraman. Shunda yerlaringiz haydalib, urug‘ ekiladi. 10  Men xalqingizni — butun Isroil xonadonini, ularning hammasini ko‘paytiraman. Shaharlarda odamlar yashaydi+, xarobazorlar yangidan quriladi+. 11  Ha, Men xalqingizu chorvangizni ko‘paytiraman+. Ularning soni oshib, serfarzand bo‘lishadi. Shunday qilamanki, ilgarigiday sizlarda odamlar istiqomat qiladi+, avvalgidan ham farovonroq hayot kechirasizlar+. Shunda Men Yahova ekanimni bilib olasizlar+. 12  Shunday qilamanki, odamlar — xalqim Isroil — sizlarni maskan qiladi, sizlarni mulk qilib oladi+. Ularning merosi bo‘lasizlar va bundan keyin hech qachon ularni farzandsiz qoldirmaysizlar”»+. 13  «Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Sizlar haqda: “Sen odamlarni yutib yuboradigan, o‘z xalqlarini farzandlaridan judo qiladigan yurtsan”,— deyishgan edi. 14  “Lekin bundan keyin odamlarni yutib yubormaysan, xalqlaringni farzandlaridan judo qilmaysan”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova. 15  “Xalqlar seni tahqirlashiga yoki masxara qilishiga yo‘l qo‘ymayman+. Bundan keyin hech qachon xalqlaringni qoqintirmaysan”,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova». 16  Yahova menga yana so‘zini ayon qildi: 17  «Inson o‘g‘li, Isroil xonadoni o‘z yurtida yashaganida, tutgan yo‘llari va qilgan ishlari bilan yurtni bulg‘agan edi+. Mening nazarimda hayz ko‘rgan paytda ayol qanday nopok bo‘lsa, ularning tutgan yo‘llari ham shunday nopok edi+. 18  Ular yurtda qon to‘kib, jirkanch butlari* bilan uni bulg‘ashgani uchun+, Men ularning ustiga qahrimni to‘kdim+. 19  Shunda ularni xalqlar orasiga tarqatib, yurtlar bo‘ylab to‘zg‘itib yubordim+. Tutgan yo‘llari va qilgan ishlariga yarasha ularni hukm qildim. 20  Lekin ular o‘sha xalqlar oldiga kelganda, odamlar ular haqda: “Bu Yahovaning xalqi-ku! Ular o‘z yurtini tark etishga majbur bo‘libdi-da”,— deb muqaddas ismimni bulg‘ashdi+. 21  Men muqaddas ismim uchun qayg‘uraman. Isroil xonadoni o‘zlari borgan xalqlar orasida ismimni bulg‘ashgan edi»+. 22  «Shuning uchun Isroil xonadoniga ayt: “Oliy Hukmdor Yahova aytmoqda: “Ey Isroil xonadoni, buni sizlar uchun emas, balki muqaddas ismim uchun qilyapman. Sizlar xalqlar orasiga borganda ismimni bulg‘agan edingiz”+. 23  “Xalqlar orasida bulg‘angan ismimni, sizlar ularning orasida bulg‘agan buyuk ismimni Men albatta muqaddas qilaman+. Sizlarning orangizda, xalqlarning ko‘z o‘ngida muqaddas Xudo ekanimni ko‘rsatganimda, Men Yahova ekanimni xalqlar bilib olishadi+, — demoqda Oliy Hukmdor Yahova. — 24  Sizlarni xalqlar orasidan, barcha yerlardan yig‘ib olib, o‘z yurtingizga qaytaraman+. 25  Ustingizga toza suvdan sachrataman, shunda pok bo‘lasizlar+. Sizlarni barcha nopokliklaringiz+ va hamma jirkanch butlaringizdan tozalayman+. 26  Sizlarga yangi yurak beraman+, ichingizga yangi ruhni solib qo‘yaman+. Badaningizdan tosh yurakni+ olib tashlab, o‘rniga muloyim yurak beraman*. 27  Ichingizga ruhimni solib qo‘yaman. Shunday qilamanki, qonun-qoidalarim bo‘yicha yo‘l tutadigan bo‘lasizlar+, hukmlarimga rioya qilib, ularni bajarasizlar. 28  Shunda Men ota-bobolaringizga bergan yurtda yashaysizlar. Sizlar Mening xalqim, Men esa sizlarning Xudoyingiz bo‘laman”+. 29  “Sizlarni barcha nopokliklaringizdan xalos qilaman, g‘allaga mo‘l hosil berishni buyuraman, sizlarga ocharchilik yubormayman+. 30  Bundan keyin xalqlar orasida ocharchilikdan azob chekib xor bo‘lmasligingiz uchun, daraxtlarni ko‘p meva beradigan, dalalarni mo‘l hosil keltiradigan qilaman+. 31  Shunda yovuz yo‘llardan yurganingizni va yomon ishlar qilganingizni eslaysizlar. Ayblaringiz va jirkanch ishlaringiz dastidan o‘zingizdan hazar qilasizlar+. 32  Lekin bilib qo‘yinglar: buni sizlar uchun qilayotganim yo‘q+, — demoqda Oliy Hukmdor Yahova. — Yaxshisi, ey Isroil xonadoni, tutgan yo‘llaringizdan uyalib, o‘zingizni xo‘rlangan his qiling”. 33  Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Sizlarni gunohlaringizdan tozalagan kunimda, shunday qilamanki, shaharlarda odamlar yashaydi+, xarobazorlar yangidan quriladi+. 34  Bu yo‘ldan o‘tib ketayotganlar huvullab yotgan xarobazorni ko‘rgan bo‘lsa ham, unga qayta ishlov beriladi. 35  Shunda odamlar: “Tashlandiq yurt Adan bog‘iday+ bo‘libdi. Vayron bo‘lgan, huvullagan va buzilib yotgan shaharlar mustahkamlanibdi, ularda odamlar istiqomat qilyapti”+,— deyishadi. 36  Atrofingdagi qolgan xalqlar Men — Yahova buzilib yotgan joyni bunyod etganimni, bo‘sh qolgan yerga daraxtlar ekkanimni bilib olishadi. Men O‘zim — Yahova buni aytdim va qildim”+. 37  Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Isroil xonadoni xalqini suruvday ko‘paytirishimni so‘rab Menga murojaat qilishiga izn beraman. 38  Bayramlar paytida Quddus muqaddas kishilarga va suruvlarga* to‘lganday+, buzilib yotgan shaharlar ham odamlar bilan liq to‘la bo‘ladi+. Shunda Men Yahova ekanimni ular bilib olishadi”».

Izohlar

Ibroniycha bu atama ehtimol, «go‘ng» so‘ziga yaqin bo‘lib, hazar qilishni ifodalash maqsadida qo‘llaniladi.
Ya’ni Xudoning yo‘l-yo‘riqlariga bo‘ysunuvchan yurak.
Boshqa variant «qurbonlikka keltiriladigan qo‘ylar suruviga».