Hizqiyo 47:1-23
47 Keyin u meni ma’badning kiraverishiga+ qaytarib olib keldi. Bu yerda ma’badning ostonasi tagidan, sharq tomonga suv oqib chiqayotganini ko‘rdim+. Chunki ma’bad sharqga qaragan edi. Suv ma’badning o‘ng tomonidan oqib chiqib, pastdan, qurbongohning janubidan oqib o‘tayotgan edi.
2 U meni shimoliy darvozaxona+ orqali tashqariga olib chiqdi va biz aylanib sharqga qaragan darvozaxona oldiga keldik+. Men o‘ng tomondan jildirab oqayotgan suvni ko‘rdim.
3 O‘sha odam qo‘lidagi o‘lchov ipi+ bilan sharq tomonga yurib, 1 000 tirsak* o‘lchadi va meni suvdan o‘tkazdi. Suv to‘piqgacha kelar edi.
4 U yana 1 000 tirsak o‘lchadi va meni suvdan o‘tkazdi. Suv tizzagacha kelar edi.
U yana 1 000 tirsak o‘lchadi va meni suvdan o‘tkazdi. Suv belgacha kelar edi.
5 U yana 1 000 tirsak o‘lchaganda men daryoni kechib o‘ta olmadim. Chunki daryo shunchalik chuqur ediki, undan suzib o‘tish kerak edi. Undan yurib o‘tib bo‘lmasdi.
6 U mendan: «Ey inson o‘g‘li, buni ko‘rdingmi?» — deb so‘radi.
Keyin u meni boshlab bordi va daryoning qirg‘og‘iga qaytarib chiqardi.
7 Qaytib chiqganimda daryoning ikkala qirg‘og‘ida ko‘plab daraxtlar borligini ko‘rdim+.
8 U menga shunday dedi: «Suv sharqiy hudud tomonga oqib, Arabadan+ o‘tadi va dengizga* quyiladi. U dengizga quyilganda+, dengiz suvi shirin bo‘ladi*.
9 Bu suvlar oqib o‘tgan hamma joyda g‘uj-g‘uj tirik mavjudotlar yashaydi. Dengizga shu suvlar quyilgani uchun, u yerda baliq ko‘p bo‘ladi. Dengiz suvi shirin bo‘ladi va daryo oqib o‘tgan joyda hamma narsa jonlanadi.
10 En-Gedidan+ En-Exlayimgacha dengiz bo‘yida baliqchilar turadi. Bu yerda to‘rlarni quritadigan joy bo‘ladi. Buyuk dengizda*+ bo‘lgani kabi bu dengizda ham ko‘plab turli baliqlar yashaydi.
11 Unda botqoqlar va balchiq joylar ham bo‘ladi va bu joylarning suvi shirin bo‘lmaydi. Ularni tuz bosib yotaveradi+.
12 Daryoning ikkala qirg‘og‘ida ham turli-tuman mevali daraxtlar o‘sadi. Ularning barglari qurimaydi, mevalari tugamaydi. Daraxtlarni sug‘orayotgan suv muqaddas maskandan oqib kelayotgani uchun+, ular har oy yangi meva beradi. Ularning mevalari ozuqa, barglari esa shifo bo‘ladi»+.
13 Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: «Isroilning 12 qabilasiga shu hududni meros sifatida bo‘lib beringlar. Yusufga ikki ulush berilsin+.
14 Bu yurt sizlarning merosingiz bo‘ladi va har biringiz teng ulush olasizlar. Bu yurtni ota-bobolaringizga beraman deb qasam ichgandim+ va endi u sizlarga meros sifatida berildi.
15 Yurtning shimoldagi chegarasi quyidagicha: Buyuk dengizdan boshlanib Xetlon yo‘li+ orqali Zadodga+,
16 Xomatga+, Baro‘tayga+ va Damashq bilan Xomat oralig‘idagi Sivrayimga yetib, Xavron+ chegarasidagi Xazer-Xatikongacha cho‘ziladi.
17 Shu yo‘sin chegara dengizdan Xazor-Enongacha+, shimol tomonda Damashq chegarasi bo‘ylab o‘tib, Xomat+ chegarasigacha boradi. Bu — shimoliy chegara.
18 Sharqiy chegara Xavron bilan Damashq oralab, Gilad+ bilan Isroil yurti o‘rtasidagi Iordan bo‘ylab cho‘ziladi. Chegaradan* sharqiy dengiz* tomonga qarab o‘lchashingiz kerak. Bu — sharqiy chegara.
19 Janubiy chegara esa Tamaradan boshlanib Mariva-Kadesh+ suvlarigacha, so‘ng vodiydan* Buyuk dengizgacha cho‘ziladi+. Bu — janubiy chegara.
20 Buyuk dengiz g‘arbiy chegara bo‘lib xizmat qiladi. U janubiy chegaradan to Levo-Xomat*+ qarshisidagi yergacha cho‘ziladi. Bu — g‘arbiy chegara».
21 «Bu yurtni o‘zaro — Isroilning 12 qabilasi o‘rtasida bo‘lishib olinglar.
22 Merosni o‘zaro hamda orangizda yashaganda farzandli bo‘lgan musofirlar o‘rtasida taqsimlanglar. Ular sizlar uchun mahalliy isroilliklar kabi bo‘lishadi. Ular sizlar bilan birga Isroil qabilalari orasida meros olishadi.
23 Musofir kishiga o‘zi yashayotgan qabila hududida meros beringlar»,— demoqda Oliy Hukmdor Yahova.
Izohlar
^ Bu yerda uzun tirsak nazarda tutilgan. Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ Ya’ni O‘lik dengiz.
^ So‘zma-so‘z «shifo topadi».
^ Ya’ni O‘rta dengiz.
^ Ya’ni shimoliy chegaradan.
^ Ya’ni O‘lik dengiz.
^ Ya’ni Misr vodiysi.
^ Yoki «Xomatning ostonasi».