Hizqiyo 5:1-17

  • Quddusning qulashi ko‘rsatiladi (1-17)

    • Payg‘ambar sochini qirib uni uch qismga ajratadi (1-4)

    • Quddus boshqa xalqlardan battar (7-9)

    • Isyonchilar uch turli jazoga yo‘liqadi (12)

5  Ey inson o‘g‘li, o‘tkir qilichni olgin-da, uni sartaroshning ustarasi sifatida ishlat. Soching bilan soqolingni qirib, sochlarni tarozida tort va uch qismga ajrat.  Qamal kunlari tugagach+, sochning bir qismini shahar ichida yoq. Boshqa qismini shahar atrofida qilich bilan maydalab chiq+. Uchinchi qismini esa shamolda uchirib yubor va Men ularning ortidan quvish uchun qilich yalang‘ochlayman+.  Bir tutam sochni olib, kiyiming etagiga tugib qo‘y.  Yana ozrog‘ini olovga tashlab yondir. Bu olov butun Isroil xonadoniga tarqaladi+.  Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Bu — Quddus. Men uni xalqlar orasiga joylashtirdim, uni yurtlar o‘rab turibdi.  Ammo u atrofidagi xalqlar va yurtlardan ham yovuzroq ishlar qilib, hukmlarimu nizomlarimga qarshi chiqdi+. U hukmlarimni rad etib, nizomlarim bo‘yicha yo‘l tutmadi”.  Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Atrofingdagi xalqlardan ham ko‘proq muammo tug‘dirding. Nizomlarim bo‘yicha yo‘l tutib, Mening hukmlarimni bajarish o‘rniga atrofingdagi xalqlarning hukmlarini bajarding+.  Shu bois, Oliy Hukmdor Yahova mana bunday demoqda: “Ey Quddus shahri, Men sening dushmaningman+. Senga qarshi chiqargan hukmlarimni xalqlarning ko‘z o‘ngida amalga oshiraman+.  Barcha jirkanch ishlaring tufayli, Men avval hech qilmagan va keyin ham qilmaydigan ishlarni senda amalga oshiraman+. 10  Ota-onalar bolalarining+, bolalar esa ota-onasining etini yeydi. Senga qarshi hukmimni amalga oshirib, omon qolganlarni har tarafga* tarqatib yuboraman”+. 11  Oliy Hukmdor Yahova shunday demoqda: “Hayotim bilan qasam ichib aytamanki, Mening muqaddas maskanimni jirkanch butlaring va razil ishlaring bilan bulg‘aganing uchun+, Men ham seni rad etaman. Senga achinmayman, rahm ham qilmayman+. 12  Shahardagi xalqning bir qismi o‘latdan halok bo‘ladi yoki ocharchilikdan qirilib ketadi. Boshqa qismi shahar atrofida qilichdan o‘ladi+. Qolganlarini esa har tarafga tarqatib yuboraman va Men ularning ortidan quvish uchun qilich yalang‘ochlayman+. 13  So‘ng g‘azabim bosilib, jahlimdan tushaman va taskin topaman+. Ularga qahrimni sochishdan to‘xtaganimda, Men — Yahova mutlaq sadoqatni talab qilganim uchun+ bularni aytganimni bilib olishadi. 14  Seni vayron qilaman va atrofdagi xalqlarga, yoningdan o‘tgan hammaga masxara bo‘lasan+. 15  Qahr-g‘azab ila sizlarga qarshi hukmimni ijro etib, qattiq jazolaganimda atrofdagi xalqlar oldida isnodga qolasizlar va sizlardan hazar qilishadi+, ular boshingizga tushgan ko‘rgiliklardan saboq olib, dahshatda qolishadi. Bularni Men — Yahova aytdim. 16  Sizlarni yo‘q qilish uchun ocharchilikning halokatli o‘qlarini yog‘diraman. Men yog‘dirgan o‘qlar sizlarni xarob qiladi+. Non zaxirangizni yo‘q qilib ocharchilikni yanada kuchaytiraman+. 17  Sizlarni ochlikka duchor qilib, ustingizga vahshiy hayvonlarni yuboraman+ va ular sizlarni farzandlaringizdan judo qiladi. O‘latu xunrezlikdan boshingiz chiqmaydi, Men sizlarga qarshi qilich keltiraman+. Bularni Men — Yahova aytdim”».

Izohlar

So‘zma-so‘z «har bir shamolga», ya’ni shamol esadigan har tomonga.