Hizqiyo 8:1-18

  • Hizqiyo vahiyda Quddusga olib ketiladi (1-4)

  • Ma’baddagi jirkanch ishlar (5-18)

    • Xudo Tammuz uchun yig‘layotgan ayollar (14)

    • Quyoshga sajda qilayotgan erkaklar (16)

8  Oltinchi yilning* oltinchi oyida, oyning beshinchi kunida men o‘z uyimda o‘tirgan edim. Yonimda Yahudo oqsoqollari ham o‘tirishgan edi. Shunda Oliy Hukmdor Yahovaning qudrati meni qamrab oldi.  Qarasam, qiyofasi olovga o‘xshaydigan bir kishi ko‘rindi. Uning belga o‘xshaydigan qismining pasti olovday+, belning tepasi oltin va kumush qotishmasiday porlayotgan edi+.  U qo‘lga o‘xshash bir narsani uzatib meni sochimdan ushlab oldi va ruh meni osmonga ko‘tarib Xudodan kelgan vahiyda meni Quddusga, shimol tomonga qaragan ichki hovlining darvozasiga olib ketdi+. U yerda Allohning rashkini qo‘zg‘atadigan rashk buti turgan edi+.  O‘sha yerda Isroil Tangrisining ulug‘vorligi bor edi+. Bu ulug‘vorlik men vodiyda ko‘rgan ulug‘vorlikka o‘xshardi+.  U menga shunday dedi: «Ey inson o‘g‘li, shimol tomonga qara». Men shimol tomonga qaradim va u yerda, qurbongoh shimolidagi darvoza oldida rashk buti bor edi.  U menga: «Inson o‘g‘li, Isroil xonadoni bu yerda naqadar dahshatli, jirkanch ishlar qilayotganini ko‘ryapsanmi?+ Bu ishlarni deb Men muqaddas maskanimdan uzoqlashishga majburman+. Ammo sen bundan ham dahshatliroq narsalarga shohid bo‘lasan»,— dedi.  Keyin U meni ma’bad hovlisining kiraverishiga olib keldi. Qarasam, devorda teshik bor ekan.  U menga: «Inson o‘g‘li, devordagi teshikni kattalashtir»,— dedi. Men teshikni kattalashtirdim, shunda kirish joyi borligini ko‘rdim.  U menga: «Ichkariga kirib qanday yovuzliklar va jirkanch ishlar qilinayotganini ko‘rib qo‘y»,— dedi. 10  Men ichkariga kirdim. U yerda butun devor bo‘ylab har turli sudralib yuruvchi jonzotlar, jirkanch hayvonlar+ va Isroil xonadoni sig‘inadigan jirkanch butlarning* tasvirlari+ o‘yilgan edi. 11  Bu tasvirlar oldida Isroil xonadonining 70 ta oqsoqoli turardi. Oqsoqollar orasida Shofon+ o‘g‘li Yazaniyo ham bor edi. Har birining qo‘lida tutatqi tutatiladigan idish bor bo‘lib, undan xushbo‘y tutun ko‘tarilardi+. 12  U menga shunday dedi: «Inson o‘g‘li, Isroil xonadonining oqsoqollari qorong‘ilikda, har biri o‘z butining tasviri o‘yilgan xonalarda nima qilayotganini ko‘ryapsanmi? Ular: “Yahova bizni ko‘rmayapti. Yahova yurtni tark etgan”,— deyishyapti»+. 13  U tag‘in menga shunday dedi: «Sen ular qilayotgan ishlardan ham dahshatliroq jirkanch narsalarni ko‘rasan». 14  U meni Yahova uyining shimoliy darvozasi yoniga olib keldi. U yerda xudo Tammuz uchun yig‘lab o‘tirgan ayollarni ko‘rdim. 15  U yana menga shunday dedi: «Ey inson o‘g‘li, buni ko‘ryapsanmi? Sen bulardan ham dahshatliroq, yanada jirkanch narsalarni ko‘rasan»+. 16  So‘ng meni Yahova uyining ichki hovlisiga olib keldi+. Yahovaning ma’badiga kiraverishda, dahliz bilan qurbongoh orasida taxminan 25 kishi orqasini Yahovaning ma’badiga o‘girib, yuzi bilan sharq tomonga qarab turgan edi. Ular sharqga qarab quyoshga sajda qilayotgan edilar+. 17  U menga shunday dedi: «Inson o‘g‘li, buni ko‘ryapsanmi? Yahudo xonadoni uchun bu jirkanch ishlar kamlik qilganday, ular yurtni zo‘ravonlikka to‘ldirib+, g‘azabimni keltirishyapti. Ular daraxt shoxini* burnimga tiqishyapti-ku! 18  Shuning uchun qattiq g‘azablanib chora ko‘raman. Ularga achinmayman, rahm ham qilmayman+. Hatto baland ovozda Menga xitob qilishsa-da, ularga quloq solmayman»+.

Izohlar

Hizqiyo surgunda bo‘lganining oltinchi yili.
Ibroniycha bu atama ehtimol, «go‘ng» so‘ziga yaqin bo‘lib, hazar qilishni ifodalash maqsadida qo‘llaniladi.
Butga sig‘inganda ishlatilgan daraxt shoxi bo‘lishi mumkin.