Ibtido 11:1-32
11 O‘sha paytlar barcha odamlar* bitta tilda gaplashishardi va bir xil so‘zlarni qo‘llashardi.
2 Odamlar sharq tomonga yo‘l olib, Shinar+ diyoridagi vodiyga kelib qolishdi va o‘sha yerda yashay boshlashdi.
3 So‘ng ular bir-biriga: «Kelinglar, g‘isht quyib, uni olovda pishiraylik!» — deyishdi. Shunday qilib, ular tosh o‘rniga g‘isht, qorishma o‘rniga smolani* ishlatadigan bo‘lishdi.
4 Ular bunday deyishdi: «Qani kelinglar, butun yer yuziga tarqab ketmaslik uchun, o‘zimizga shahar va osmono‘par bir minora qurib, dovruq tarataylik»+.
5 Shunda Yahova, inson o‘g‘illari qurayotgan shaharni va minorani ko‘rish uchun e’tiborini qaratdi*.
6 Keyin Yahova bunday dedi: «Bitta tilda so‘zlashishgani uchun+, ular birlashib mana bu ishni boshlashgan. Endi ular xayoliga kelgan ishni qilishdan toyishmaydi.
7 Qani ularga bir e’tibor qaratib, bir-birining tilini tushuna olmasligi uchun, ularning tilini aralashtirib yuboraylik+».
8 Shunday qilib, Yahova ularni butun yer yuzi bo‘ylab tarqatib yubordi+ va ular asta-sekin shahar qurilishini to‘xtatishdi.
9 Shu bois, shaharning nomi Bobil*+ deb ataladigan bo‘ldi, chunki o‘sha yerda Yahova butun yer yuzidagilarning tilini aralashtirgan edi. Yahova ularni butun yer yuzi bo‘ylab tarqatib yubordi.
10 Somning+ tarixi haqidagi bayonot quyidagicha:
To‘fondan keyin ikki yil o‘tgach, Som 100 yoshga kirganida Arpaxshod+ tug‘ildi.
11 Arpaxshod tug‘ilganidan keyin, Som 500 yil umr ko‘rdi. Bu orada u ko‘pgina o‘g‘il-u qizlarning otasi bo‘ldi+.
12 Arpaxshod 35 yoshga kirganida, o‘g‘li Shilax+ tug‘ildi.
13 Shilax dunyoga kelganidan keyin, Arpaxshod yana 403 yil umr ko‘rdi. Bu orada, u ko‘pgina o‘g‘il-u qizlarning otasi bo‘ldi.
14 Shilax 30 yoshga kirganida, o‘g‘li Ibir+ dunyoga keldi.
15 Ibir tug‘ilganidan keyin, Shilax yana 403 yil umr ko‘rdi. Bu vaqt davomida, u ko‘pgina o‘g‘il-u qizlarning otasi bo‘ldi.
16 Ibir 34 yoshda bo‘lganida, o‘g‘li Palax tug‘ildi+.
17 Palax tug‘ilganidan so‘ng, Ibir yana 430 yil yashadi. Bu orada, u ko‘pgina o‘g‘il-u qizlarning otasi bo‘ldi.
18 Palax 30 yoshga kirganida, o‘g‘li Ravu dunyoga keldi+.
19 Ravu tug‘ilganidan keyin, Palax yana 209 yil umr ko‘rdi. Bu vaqt mobaynida, u ko‘pgina o‘g‘il-u qizlarning otasi bo‘ldi.
20 Ravu 32 yoshda bo‘lganida, o‘g‘li Sarug‘ tug‘ildi.
21 Sarug‘ dunyoga kelganidan so‘ng, Ravu yana 207 yil yashadi. Bu vaqt davomida, u ko‘pgina o‘g‘il-u qizlarning otasi bo‘ldi.
22 Sarug‘ 30 yoshga kirganida, o‘g‘li Naxo‘r dunyoga keldi.
23 Naxo‘r tug‘ilganidan keyin, Sarug‘ yana 200 yil umr ko‘rdi. Bu orada, u ko‘pgina o‘g‘il-u qizlarning otasi bo‘ldi.
24 Naxo‘r 29 yoshda bo‘lganida, o‘g‘li Terah+ tug‘ildi.
25 Terah dunyoga kelganidan so‘ng, Naxo‘r yana 119 yil yashadi. Bu vaqt mobaynida, u ko‘pgina o‘g‘il-u qizlarning otasi bo‘ldi.
26 Terah 70 yoshga kirganidan keyin, o‘g‘illari Ibrom+, Naxo‘r+ va Xoron dunyoga keldi.
27 Terahning tarixi haqidagi bayonot quyidagicha:
Terahdan Ibrom, Naxo‘r va Xoron tug‘ildi; Xoron esa Lut+ ismli o‘g‘il ko‘rdi.
28 Xoron o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtida, xaldeylarning Ur+ shahrida, otasi Terah hali tirikligida vafot etdi.
29 Ibrom bilan Naxo‘r uylanishdi. Ibromning xotinining ismi Soray+, Naxo‘rning xotininiki esa Milxo+ bo‘lib, u Xoronning qizi edi. Xoron Milxo bilan Iskaxning otasi bo‘lgan.
30 Soray bepusht bo‘lib+, farzandlari yo‘q edi.
31 So‘ng Terah o‘g‘li Ibromni, Xoronning o‘g‘li bo‘lmish nabirasi Lutni+ hamda kelini Sorayni, ya’ni Ibromning xotinini olib, xaldeylarning Ur shahridan chiqdi va Kan’on+ yurtiga yo‘l oldi. Bir muncha vaqtdan keyin, ular Xoronga+ borib, o‘sha yerda yashay boshlashdi.
32 Terah 205 yil umr ko‘rib, Xoronda hayotdan ko‘z yumdi.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «butun yer yuzi».
^ Yoki «asfalt, bitum»; tabiiy asfaltni bildiradi.
^ So‘zma-so‘z «pastga tushdi».
^ Ma’nosi «aralashuv».