Ibtido 21:1-34
21 Yahova O‘zi aytganiday, Soraga e’tiborini qaratdi. Yahova Soraga bergan va’dasini bajo keltirdi+.
2 Shu tariqa, Sora homilador bo‘lib+, keksayib qolgan Ibrohimga va’da qilingan vaqtda o‘g‘il tug‘ib berdi+.
3 Ibrohim, Sora unga tug‘ib bergan o‘g‘lining ismini Is’hoq qo‘ydi+.
4 Ibrohim Xudo buyurganiday, o‘g‘li Is’hoqni sakkiz kunligida sunnat qildi+.
5 O‘g‘li Is’hoq tug‘ilganida, Ibrohim 100 yoshda edi.
6 O‘shanda Sora: «Alloh kulishimga sababchi bo‘ldi. Bu haqda eshitgan har kim menga qo‘shilib kuladi*»,— deb aytdi.
7 U yana: «Ibrohimning xotini Sora bola emizadi, deb kim ham o‘ylardi? Ammo qarigan chog‘larida men u kishiga o‘g‘il tug‘ib berdim»,— dedi.
8 Vaqt o‘tgach, bola o‘sib, ko‘krakdan ayrildi. Is’hoq ko‘krakdan ayrilgan kuni Ibrohim katta ziyofat berdi.
9 Lekin Sora, Ibrohimning misrlik Hojardan+ tug‘ilgan o‘g‘li Is’hoqni masxara qilayotganini payqab qoldi+.
10 Shunda u Ibrohimga: «Mana bu cho‘ri bilan o‘g‘lini haydab yuboring. Chunki bu cho‘rining o‘g‘li mening o‘g‘lim Is’hoq bilan birga merosxo‘r bo‘lmaydi!»+ — dedi.
11 Ammo o‘g‘li haqida aytilgan bu so‘zlar Ibrohimga juda og‘ir botdi+.
12 Xudo esa Ibrohimga shunday dedi: «Bolang hamda cho‘ring haqida Soraning aytganlaridan ko‘ngling cho‘kmasin. Uning gaplariga quloq sol, chunki senga va’da qilingan zurriyot* Is’hoqdan kelib chiqadi+.
13 Cho‘rining o‘g‘liga kelsak+, u sening zurriyoting bo‘lgani bois, undan bir xalq keltirib chiqaraman»+.
14 Ibrohim sahar turib, nonni va suv quyilgan meshni oldi-da, Hojarning yelkasiga yuklab, o‘g‘li bilan birga jo‘natib yubordi+. Shu tariqa, Hojar yo‘lga ravona bo‘ldi va Bersheva cho‘lida adashib qoldi+.
15 Meshdagi suv tugagach, Hojar bolasini bir butaning tagida qoldirib ketdi.
16 O‘zi esa: «O‘g‘limning o‘lishini ko‘rishni istamayman»,— deya, bir o‘q otimi nariga borib o‘tirdi. U uzoqroq joyda o‘tirgancha, uvvos solib yig‘lay boshladi.
17 Tangri bolaning ovozini eshitdi+ va Uning farishtasi osmondan Hojarga murojaat qilib, shunday dedi+: «Hojar, nega yig‘layapsan? Qo‘rqma, Xudo bolaning yig‘isini uning yotgan joyidan eshitdi.
18 O‘rningdan turgin-da, bolani turg‘izib, qo‘lidan mahkam ushlab ol. Chunki men undan buyuk bir xalq keltirib chiqaraman»+.
19 So‘ng Alloh Hojarning ko‘zlarini ochdi va u bir quduqni ko‘rib qoldi. Shunda u meshga suv to‘ldirib kelib, bolaga ichirdi.
20 Bola+ o‘sib-ulg‘aygan sayin, Tangrining iltifotiga sazovor bo‘lib borardi. U cho‘lda yashab, kamonchi bo‘lib yetishdi.
21 U Poron cho‘lida+ yashardi va onasi unga Misr yurtidan xotin olib berdi.
22 O‘sha paytda Abumalek lashkarboshisi Pixol bilan kelib, Ibrohimga: «Siz nimaiki qilsangiz, Xudo doim siz bilan birga ekan+.
23 Shu bois, na men, na o‘g‘illarim, na o‘g‘illarimning o‘g‘illari bilan munofiqlarcha yo‘l tutmaslikka hamda men sizga sodiq bo‘lganimday*, siz ham menga va siz musofir bo‘lib yashayotgan shu yurt odamlariga sadoqatli bo‘lishga Alloh oldida qasam iching»+,— dedi.
24 Ibrohim: «Qasam ichaman»,— deb aytdi.
25 Biroq Ibrohim Abumalekka, uning xizmatkorlari zo‘rlik bilan tortib olgan quduq to‘g‘risida aytib, noroziligini bildirdi+.
26 Abumalek esa: «Kim bunday qilganidan xabarim yo‘q. Siz menga hech narsa demagan edingiz, o‘zim ham shu kungacha bu haqda eshitmagandim»,— deb aytdi.
27 Shundan so‘ng, Ibrohim Abumalekka qo‘ylari hamda qoramolidan berdi va ikkalasi ahd qildi.
28 Ibrohim suruvidan yettita urg‘ochi qo‘yni ajratib qo‘yganida,
29 Abumalek Ibrohimdan: «Bu yettita urg‘ochi qo‘yni nega ajratib qo‘ydingiz?» — deb so‘radi.
30 Ibrohim: «Bu quduqni men qaziganimning dalili sifatida, shu yettita urg‘ochi qo‘yni mendan qabul qiling»,— dedi.
31 U o‘sha joyni Bersheva*+ deb atadi, chunki ikkalasi ham o‘sha yerda qasam ichdi.
32 Ular Bershevada ahdlashgandan+ keyin, Abumalek lashkarboshisi Pixol bilan birga o‘rnidan turib, filistimliklarning yurtiga qaytdi+.
33 Bundan so‘ng, Ibrohim Bershevada yulg‘un daraxtini o‘tkazdi va o‘sha yerda u abadiyat Xudosi+ bo‘lmish Yahovaning ismini aytib chaqirdi+.
34 Ibrohim filistimliklarning yurtida uzoq vaqt yashadi*+.
Izohlar
^ Boshqa variant «ustimdan kuladi».
^ So‘zma-so‘z «urug‘».
^ Yoki «mehr-sadoqat ko‘rsatganimday».
^ Ma’nosi «qasam qudug‘i; yettilar qudug‘i».
^ Yoki «musofir bo‘lib yashadi».