Ibtido 31:1-55

  • Yoqub yashirincha Kan’onga ketadi (1-18)

  • Lobon Yoqubga yetib oladi (19-35)

  • Yoqub Lobon bilan ahd qiladi (36-55)

31  Vaqt o‘tib Lobonning o‘g‘illari: «Yoqub otamizning bor narsasini olib qo‘ydi va otamizga tegishli mol-mulk hisobidan boylik orttirdi»+,— deb aytgan so‘zlarini Yoqub eshitib qoldi.  Yoqub Lobonning yuziga qarab, uning munosabati o‘zgarib qolganini payqadi+.  Shunda Yahova Yoqubga: «Ota-bobolaring va qarindoshlaring yurtiga qayt+, Men sen bilan bo‘laman»,— dedi.  So‘ng Yoqub Rohila bilan Leaxni dalaga, mol boqib yurgan joyiga chaqirtirib,  ularga shunday dedi: «Otangizning munosabati menga ilgarigiday emasligini payqadim+, ammo otamning Xudosi meni tashlab qo‘ymadi+.  Axir otangizga bor kuchim bilan xizmat qilganimni o‘zlaringiz yaxshi bilasizlar+.  U meni aldamoqchi bo‘lib xizmat haqimni o‘n marta o‘zgartirdi. Lekin Alloh, u menga ziyon yetkazishiga yo‘l qo‘ymadi.  Lobon: “Chipor mollar xizmat haqing bo‘ladi”,— deb aytganda, barcha mollar chipor bo‘lib tug‘ildi, biroq: “Xoldor mollar xizmat haqing bo‘ladi”,— deganda, hamma mollar xoldor bo‘lib tug‘ildi+.  Shu yo‘sin, Xudo mollarni otangizdan tortib olib, menga berdi. 10  Bir kuni tushimda, mollar juftlashayotganini ko‘rdim. Qarasam, juftlashgan takalar chipor, xoldor va ola-bula ekan+. 11  Shunda haq Tangrining farishtasi tushimda menga: “Yoqub!” — dedi. Men: “Labbay”,— deb javob berdim. 12  Farishta shunday dedi: “Boshingni ko‘tarib qara, juftlashgan barcha takalar chipor, xoldor va ola-bula. Chunki Lobon sen bilan qanday yo‘l tutayotganini ko‘rdim+. 13  Men Baytilda+ senga zohir bo‘lgan haq Xudoman. U yerda bir toshni bag‘ishlab*, Menga va’da bergan eding+. Hozir bo‘lsa, bu yurtdan chiqib, tug‘ilgan yurtingga qayt”»+. 14  Rohila bilan Leax quyidagicha javob berishdi: «Otamizning uyida hech qanday meros yoki ulushimiz qolmagan. 15  Biz otamiz uchun xuddi begonalarday bo‘lib qolganmiz. Axir u bizni sotib, o‘sha pulga yashab yuribdi-ku+. 16  Xudo otamizdan tortib olgan hamma mol-mulk bizga va farzandlarimizga tegishli+. Shuning uchun, Allohning barcha aytganlarini bajaring»+. 17  So‘ng Yoqub o‘rnidan turdi-da, farzandlari va xotinlarini tuyalarga o‘tqazib+, 18  to‘plagan butun mulkini+ va Paddon-Oromda ega bo‘lgan barcha mollarini oldi-da, Kan’on yurtiga+, otasi Is’hoqnikiga yo‘l oldi. 19  Lobon qo‘ylarining junini qirqqani ketganidan foydalanib, Rohila otasining+ xonaki butlarini*+ o‘g‘irladi. 20  Yoqub bo‘lsa, ketayotgani haqida oromiy Lobonga hech narsa aytmay, uni aldab ketdi. 21  U butun mol-mulkini olib, qochib ketdi va Furot+ daryosiga yetib, uni kechib o‘tdi. So‘ng Giladning+ tog‘li hududiga qarab yo‘l oldi. 22  Uch kun o‘tgach, Lobonga Yoqubning qochib ketganini aytishdi. 23  Shunda u qarindoshlarini olib, Yoqubning orqasidan quvib ketdi. Yetti kundan keyin Giladning tog‘li hududida unga yetib oldi. 24  Ammo kechasi Alloh oromiy Lobonning+ tushiga kirib+: «Yoqubga yomon gapirib yurmagin»+,— deb aytdi. 25  Xullas Lobon Yoqubga yetib oldi. Yoqub chodirini Giladning tog‘li hududida o‘rnatgan edi. Lobon ham qarindoshlari bilan birga o‘sha joyga chodir tikdi. 26  Lobon Yoqubga shunday dedi: «Bu nima qilganing? Nega meni aldab, qizlarimni asirlarday olib ketding? 27  Nega menga hech narsa aytmay, yashirincha qochib ketding? Nima uchun meni aldading? Menga bir og‘iz aytganingda, seni xursandchilik va qo‘shiqlar bilan, childirma va arfa chalib kuzatardim. 28  Sen bo‘lsa, nevaralarim va qizlarimni o‘pib xayrlashishimga imkon bermading. Sen aqlsizlarcha yo‘l tutding. 29  Senga ziyon yetkazish qo‘limdan keladi, biroq o‘tgan kecha otangning Xudosi menga: “Yoqubga yomon gapirib yurmagin”+,— deb aytdi. 30  Ehtimol, sen otangning uyini sog‘inganing uchun qaytmoqchi bo‘lgandirsan. Lekin nega xudolarimni o‘g‘irlading?»+ 31  Yoqub Lobonga: «Qizlaringizni mendan tortib olasiz, deb qo‘rqqanim uchun shunday qildim. 32  Xudolaringizga kelsak, ularni kimdan topsangiz, u tirik qolmasin. Qarindoshlaringiz oldida hamma narsalarimni titkilab chiqing. Agar sizning narsalaringiz bo‘lsa, olib keting»,— dedi. Xudolarni Rohila o‘g‘irlaganini Yoqub bilmas edi. 33  Lobon Yoqubning, keyin Leaxning, so‘ng ikkita cho‘rining+ chodiriga kirdi, lekin hech narsa topmadi. Keyin u Leaxning chodiridan chiqib, Rohilaning chodiriga kirdi. 34  Bu orada Rohila xonaki butlarni olib, tuya egarining ichiga soldi va ustiga o‘tirib oldi. Lobon esa butun chodirning ichini axtarib chiqdi, ammo hech narsa topmadi. 35  Shunda Rohila otasiga: «O‘rnimdan turmaganimga taqsirimning jahllari chiqmasin, chunki men ayollarda bo‘lib turadigan odatiy kasallikka yo‘liqqanman»+,— dedi. Shunday qilib, Lobon hamma joyni sinchiklab axtardi, lekin butlarni topmadi+. 36  Yoqubning g‘azabi kelib, Lobonni tanqid qila boshladi. U Lobonga shunday dedi: «Qaysi jinoyatim, qaysi gunohim uchun meni bunchalar ta’qib qilyapsiz? 37  Mana, uyimni titkilab chiqdingiz, uyingizga tegishli biror narsa topdingizmi? Ularni o‘zingizning va mening qarindoshlarim oldiga qo‘ying, kim haq ekanini ular hal qilishsin. 38  So‘nggi 20 yil davomida siznikida yurdim. Qo‘y-echkilaringiz chala tug‘ib qo‘ymadi+, suruvingizdan birorta ham qo‘chqorni yemadim. 39  Yovvoyi hayvonlar+ g‘ajib tashlagan mollarni sizga olib kelmay, zararini o‘zim qoplaganman. Mol kunduzi o‘g‘irlanadimi yoki kechasimi, haqini mendan talab qilardingiz. 40  Kunduzi issiqdan, kechasi sovuqdan qiynalib, ko‘zlarimdan uyqu qochardi+. 41  Mana, uyingizda 20 yil shu ahvolda yashadim. Ikkita qizingiz uchun 14 yil, suruvingiz uchun esa 6 yil sizga ishlab berdim. Siz bo‘lsa xizmat haqimni o‘n marta o‘zgartirdingiz+. 42  Agar otamning Xudosi+, Ibrohimning Tangrisi va Is’hoq qo‘rqqan Zot+ men tomonda bo‘lmaganida, hozir meni bo‘sh qo‘l bilan jo‘natgan bo‘lardingiz. Alloh qayg‘ularimni va zahmat chekib mehnat qilganimni ko‘rgani uchun, o‘tgan kecha sizni ogohlantirdi»+. 43  Lobon Yoqubga dedi: «Bu ayollar mening qizlarim, bu bolalar mening nevaralarim, bu suruv ham meniki va sen ko‘rib turgan barcha narsa meniki hamda qizlarimniki. Nahotki, bugun men ularga yoki ular tuqqan bolalarga qarshi yomonlik qilsam? 44  Endi kel, ikkovimiz ahdlashaylik, u oramizda guvoh bo‘lib xizmat qilsin». 45  Shunda Yoqub toshni oldi-da, uni yodgorlik qilib o‘rnatdi+. 46  Yoqub qarindoshlariga: «Tosh to‘planglar!» — dedi. Ular toshlarni to‘plab, uyum hosil qilishdi. Keyin esa, o‘sha uyum ustida yeb-ichishdi. 47  Lobon uni Yogar-Saduto* deb, Yoqub bo‘lsa Galed* deb atadi. 48  Lobon: «Bugun bu tosh uyumi oramizda guvohdir»,— dedi. Shu bois, u Galed+ deb nomlandi. 49  Bundan tashqari, u Kuzatuv minorasi* deb ataldi, chunki Lobon: «Biz bir-birimizdan ayrilib ketganimizda, sen bilan men nima qilayotganimizni Yahova ko‘rib tursin. 50  Qizlarimga yomon munosabatda bo‘lsang va ularning ustiga yana xotin olsang, esingda bo‘lsin, hatto hech kim ko‘rmasa ham, oramizda shohid bo‘lgan Xudo ko‘rib turadi»,— deb aytdi. 51  Lobon Yoqubga yana quyidagilarni aytdi: «Mana bu yodgorlik toshi va tosh uyumi ikkovimizning o‘rtamizdadir. 52  Senga yomonlik qilish niyatida bu tosh uyumidan o‘tmasligimga, sen ham menga yomonlik qilish niyatida bu tosh uyumi va yodgorlik toshidan nari o‘tmasligingga, mana shu yodgorlik toshi bilan tosh uyumi shohiddir+. 53  Ibrohimning Xudosi+ va Naxo‘rning Tangrisi, ya’ni ota-bobolaring Xudosi bizni hukm qilsin». Yoqub esa, otasi Is’hoq qo‘rqadigan Zotning+ nomi bilan qasam ichdi. 54  Shundan keyin, Yoqub tog‘da qurbonlik keltirdi va qarindoshlarini dasturxonga taklif qildi. Ular yeb-ichib, tog‘da tunab qolishdi. 55  Lobon ertalab turib, nevaralari-yu+ qizlarini o‘pdi-da, ularni duo qilib+, uyiga qaytib ketdi+.

Izohlar

So‘zma-so‘z «moylab».
So‘zma-so‘z «terafimlarini». Lug‘atga q.
Oromiycha bu ibora «shohidlik uyumi» degan ma’noga ega.
Ibroniycha bu ibora «shohidlik uyumi» degan ma’noga ega.
Yoki «Mispax». Ibroniychada «Qo‘riqchi minorasi; kuzatuv joyi» degan ma’noga ega.