Ibtido 32:1-32
32 Yoqub yo‘l yurib ketayotganida, Xudoning farishtalari unga uchrab qoldi.
2 Ularni ko‘rishi bilanoq, u: «Bu Tangrining qarorgohi!» — deb aytdi. Shuning uchun o‘sha joyni Moxanayim* deb atadi.
3 So‘ng Yoqub o‘zidan oldin Edom+ hududidagi* Seir+ yurtiga, akasi Esovning oldiga xabarchilarini yubordi.
4 Ularga shunday deb buyurdi: «Xo‘jayinim Esovga mana shularni aytasizlar: “Xizmatkoringiz Yoqub: “Men shu kungacha, ko‘p yillar mobaynida Lobonnikida musofir bo‘lib yashab keldim+.
5 Hozirga kelib buqalar, eshaklar, qo‘ylar hamda qul-cho‘rilar orttirdim+ va xo‘jayinim bo‘lmish sizning nazaringizda marhamat topish uchun, bu haqda sizni xabardor qilyapman”,— dedi”».
6 Bir oz vaqt o‘tgach, xabarchilar qaytib kelib, Yoqubga: «Akangiz Esov bilan uchrashdik, u siz bilan ko‘rishish uchun yo‘lga chiqdi, uning oldida 400 ta kishi ham bor»+,— deb aytishdi.
7 Yoqub qo‘rqib, vahimaga tushdi+. U o‘zining odamlarini, qo‘y-echkilarini, qoramollarini va tuyalarini ikkita qarorgohga ajratib qo‘ydi.
8 Keyin u: «Agar akam Esov bitta qarorgohga hujum qilsa, boshqasi omon qoladi»,— dedi.
9 So‘ng Yoqub shunday ibodat qildi: «Yo Xudo, bobom Ibrohimning va otam Is’hoqning Tangrisi, ey Yahova, Sen menga: “O‘z yurting va qarindoshlaring yoniga qayt, Men senga baraka ato etaman”+,— deb aytgan eding.
10 Lekin xizmatkoringga ko‘rsatgan mehr-sadoqatingga va xayrixohligingga+ loyiq emasman. Iordan daryosidan o‘tganimda, hassamdan boshqa hech narsam yo‘q edi. Endi esa xonadonim ikkita qarorgohni tashkil etadi+.
11 O‘tinib so‘rayman+, akam Esovning qo‘lidan meni qutqargin, chunki u kelib, menga va farzandlarim bilan onalariga hujum qiladi, deb qo‘rqyapman+.
12 Axir O‘zing: “Men senga baraka ato etaman va zurriyotingni* dengiz sohilidagi qumday son-sanoqsiz qilaman”+,— deb aytgan eding-ku».
13 Yoqub u yerda tunab qoldi. So‘ng akasi Esovga tortiq etish uchun mollarni ajratib qo‘ydi+.
14 Unga 200 ta urg‘ochi echki, 20 ta taka, 200 ta urg‘ochi qo‘y, 20 ta qo‘chqor,
15 bo‘taloqlari bilan birgalikda 30 ta sog‘in tuya, 40 ta sigir, 10 ta buqa, 20 ta urg‘ochi eshak va 10 ta hangi eshak ajratdi+.
16 Keyin ularni poda-poda qilib, xizmatkorlariga topshirdi-da: «Mendan oldin daryoni kechib o‘tinglar-da, har bir podaning orasida masofa qoldirib, haydab boringlar»,— dedi.
17 U xizmatkorining birinchisiga shunday dedi: «Agar akam Esov seni uchratib: “Xo‘jayining kim? Qayerga ketyapsan? Sen haydab kelayotgan poda kimniki?” — deb so‘rasa,
18 sen: “Xizmatkoringiz Yoqubniki. Bu, xo‘jayinim Esovga yuborilgan sovg‘adir+. Uning o‘zi ham orqamizdan kelyapti”,— deb ayt».
19 Yoqub shuningdek, xizmatkorining ikkinchisi, uchinchisi va podalarini haydab boradigan barchasiga shunday deb buyurdi: «Esovni uchratganingizda, shu so‘zlarni aytinglar.
20 Bundan tashqari: “Xizmatkoringiz Yoqub orqamizdan kelyapti”,— deb aytinglar». Chunki u: «Agar yuborgan sovg‘am bilan akamning qalbini yumshata olsam+, u bilan ko‘rishganimda, meni yaxshi kutib olar»,— deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
21 Shunday qilib, Yoqub tortiq qilmoqchi bo‘lgan mollar undan oldin daryoni kechib o‘tdi, o‘zi esa qarorgohda tunab qoldi.
22 O‘sha tunda Yoqub o‘rnidan turdi-da, ikkita xotinini+, ikkita cho‘risini+ va 11 ta o‘g‘lini olib, Yavoq+ soyini kechib o‘tdi.
23 Shunday qilib, Yoqub ularni hamda bor mol-mulkini soydan* o‘tkazdi.
24 Nihoyat, Yoqub yolg‘iz qoldi. O‘shanda bir kishi* kelib, u bilan tong otguncha kurashdi+.
25 U Yoqubni yenga olmasligini ko‘rib, uning bo‘ksasiga tegdi. Shu bois, ular kurashayotganda Yoqubning son suyagi joyidan chiqib ketdi+.
26 Keyin u: «Meni qo‘yib yubor, tong otay deb qoldi»,— dedi. Yoqub bo‘lsa: «Meni duo qilmaguningga qadar, seni qo‘yib yubormayman»+,— deb javob berdi.
27 Shunda u: «Isming nima?» — deb so‘radi. U: «Yoqub»,— dedi.
28 U: «Endi isming Yoqub emas, Isroil*+ bo‘ladi. Sababi, sen Xudo va odamlar bilan kurashib+, g‘olib chiqding»,— deb aytdi.
29 Yoqub unga: «Iltimos, menga ismingni ayt»,— dedi. Biroq u: «Nega ismimni so‘rayapsan?»+ — dedi-da, o‘sha yerda uni duo qildi.
30 Yoqub: «Xudo bilan yuzma-yuz ko‘rishdim, lekin jonim* omon qoldi»+,— deb, u joyni Paniyol*+ deb atadi.
31 U Panuvaldan* o‘tib ketayotganida, quyosh chiqqan edi. Uning bo‘ksasi jarohatlangani bois, u oqsab borardi+.
32 Yoqubning bo‘ksasi jarohatlangani sababli, hozirgacha Isroil o‘g‘illari molning chanoq-son qismidagi quymich payini yeyishmaydi.
Izohlar
^ Ma’nosi «ikkita qarorgoh».
^ So‘zma-so‘z «dalasidagi».
^ So‘zma-so‘z «urug‘ingni».
^ Yoki «vodiydan».
^ «Kishi» so‘zi inson qiyofasiga kirgan farishtani anglatadi.
^ Ma’nosi «Xudo bilan (zo‘r berib) kurashuvchi» yoki «Xudo kurashadi».
^ Yoki «hayotim».
^ Ma’nosi «Xudoning yuzi».
^ 30- oyatdagi Paniyol.