Ibtido 39:1-23

  • Yusuf Po‘tifarning uyida (1-6)

  • Yusuf Po‘tifarning xotinini rad etadi (7-20)

  • Yusuf qamoqda (21-23)

39  Ismoiliylar+ Yusufni Misrga olib kelishdi+. Fir’avn saroyi amaldori — soqchilar boshlig‘i misrlik Po‘tifar+, Yusufni ulardan sotib oldi.  Ammo Yahova Yusuf bilan edi+. Shu sababli, Yusufning ishlari yurishdi va u misrlik xo‘jayinining xonadoni ustidan bosh etib tayinlandi.  Yahova u bilan ekanini hamda qilgan har qanday ishiga Yahova baraka berayotganini xo‘jayini ko‘rdi.  Yusuf xo‘jayinining nazarida iltifot topdi va unga xizmat qiladigan bo‘ldi. Shunday qilib, xo‘jayini uni butun xonadoni ustidan bosh etib tayinladi va bor narsasini Yusufning qo‘liga topshirdi.  Xo‘jayini Yusufni butun xonadoni ustidan bosh etib tayinlab, bor narsasini uning qo‘liga topshirganidan keyin, Yahova Yusuf tufayli misrlikning xonadoniga baraka bera boshladi. Yahova uning xonadoni va dalasidagi barcha narsaga barakasini yog‘dirdi+.  Natijada, u o‘zining bor narsasini Yusufning izmiga topshirdi. Xo‘jayini yeydigan ovqatidan boshqa narsa haqida tashvishlanmasdi. Bu orada Yusuf qomatdor va chiroyli bo‘lib ulg‘aydi.  Bir muncha vaqt o‘tgach, xo‘jayinining xotini unga ehtiros bilan qaray boshladi va unga: «Men bilan yot»,— dedi.  Biroq Yusuf rad javobini berib, xo‘jayinining xotiniga: «Xo‘jayinim xonadon haqida tashvishlanmaydi. Bor-budini mening izmimga topshirgan.  Bu xonadonda mendan yuqori turgan odamning o‘zi yo‘q. Sizdan tashqari hamma narsani u menga topshirgan. Chunki siz u kishining xotinisiz. Qanday qilib men bunday qabihlikka qo‘l urib, Xudoga qarshi gunoh qilaman?!»+ — deb aytdi. 10  Xo‘jayinining xotini har kuni unga shu so‘zlarni takrorlab aytar edi. Ammo Yusuf u bilan yotishga ham ko‘nmasdi, u bilan yolg‘iz ham qolmasdi. 11  Kunlarning birida, Yusuf o‘z ishlarini bajarish uchun uyga kirdi. Uyda xizmatkorlarning hech biri yo‘q edi. 12  Shunda ayol Yusufning kiyimidan ushlab oldi-da: «Men bilan yot!» — dedi. Ammo u kiyimini uning qo‘lida qoldirib, tashqariga qochib chiqib ketdi. 13  Yusuf kiyimini uning qo‘lida qoldirib, tashqariga qochib chiqib ketganini ko‘rib, 14  ayol xizmatkorlarini chaqirdi-da, ularga: «Bunga qaranglar! Erim olib kelgan manavi ibroniy, ustimizdan kulmoqchi bo‘ldi. U men bilan yotmoqchi bo‘lib yonimga kelgan edi, men ovozim boricha baqira boshladim. 15  Baqirishimni ko‘rishi bilanoq, u kiyimini mening oldimda qoldirib, tashqariga qochib chiqib ketdi»,— dedi. 16  Xo‘jayini kelguniga qadar, ayol Yusufning kiyimini o‘zida saqlab turdi. 17  Xo‘jayini kelgach, bu gaplarning hammasini unga ham so‘zlab berdi: «Siz olib kelgan manavi ibroniy, mening ustimdan kulmoqchi bo‘lib oldimga keldi. 18  Ammo baqirishim bilanoq, u kiyimini mening oldimda qoldirib, tashqariga qochib chiqib ketdi». 19  Xo‘jayini esa xotinining: «Xizmatkoringiz menga mana shunday muomala qildi»,— degan gaplarini eshitishi bilanoq, g‘azabi qaynab ketdi. 20  Shunda xo‘jayini Yusufni, shohning mahbuslari saqlanadigan zindonga tashladi. Shu tariqa Yusuf zindonda qolaverdi+. 21  Ammo Yahova Yusuf bilan bo‘lib, unga mehribonlik* ko‘rsatib turdi va Yusuf zindon boshlig‘ining iltifotiga sazovor bo‘ldi+. 22  Zindon boshlig‘i zindondagi barcha mahbuslarni Yusufning ixtiyoriga topshirdi va ular Yusufning aytganlarini bitta qoldirmay bajarishardi+. 23  Zindon boshlig‘i Yusufning qo‘liga topshirgan hech bir narsasidan tashvishlanmas edi, chunki Yahova Yusuf bilan birga edi va Yahova uning har bir ishiga rivoj berardi+.

Izohlar

Yoki «mehr-sadoqat».