Ibtido 41:1-57
41 Oradan ikki yil o‘tgach, fir’avn tush ko‘rdi+. Tushida u Nil daryosining qirg‘og‘ida turgan edi.
2 Tushida, daryodan yettita chiroyli va semiz sigir chiqib, Nil sohilida o‘tlay boshladi+.
3 Shundan so‘ng, Nil daryosidan ko‘rinishi xunuk va oriq yettita sigir chiqib, qirg‘oqda o‘tlayotgan sigirlarning yoniga qo‘shildi.
4 Xunuk va oriq sigirlar, ko‘rinishi chiroyli va semiz yettita sigirni yeb qo‘ydi. Shunda fir’avn uyg‘onib ketdi.
5 Keyin u uxlab qoldi va yana bir tush ko‘rdi. Tushida bitta poyadan sara va to‘liq yettita boshoq o‘sib chiqdi+.
6 Ulardan so‘ng, sharqdan esgan garmsel dastidan kuygan va puchaygan yettita boshoq o‘sib chiqdi.
7 Bu puchaygan boshoqlar sara va to‘liq yettita boshoqni yutib yubordi. Shu payt, fir’avn uyg‘onib ketdi va tush ko‘rganini angladi.
8 Ammo ertalab fir’avn bezovta bo‘la boshladi. Shuning uchun u Misrdagi barcha kohinlarni hamda donishmandlarni chaqirtirib, ularga tushini aytib berdi, lekin hech kim uning tushini ta’birlay olmadi.
9 Shunda bosh soqiy gap boshlab, fir’avnga quyidagilarni aytdi: «Bugun men gunohimga iqror bo‘laman.
10 Ey, muhtaram fir’avn, siz xizmatkorlaringizdan achchiqlanib, meni va bosh novvoyni soqchilar boshlig‘ining zindoniga qamab qo‘ygan edingiz+.
11 Ikkimiz bir kechaning o‘zida tush ko‘rdik. Uning ham, mening ham ko‘rgan tushimiz o‘z ta’biriga ega edi+.
12 O‘shanda biz bilan birga soqchilar boshlig‘ining xizmatkori, ibroniy bir yigit bor edi+. Biz unga tushimizni aytib berdik+, u bo‘lsa har birimizga tushimizni ta’birlab berdi.
13 Hammasi u ta’birlaganidek ro‘yobga chiqdi. Men o‘z vazifamga qayta tiklandim, bosh novvoy esa ustunga osildi»+.
14 Shunda fir’avn, Yusufni tezda keltirish uchun zindonga+ odam yubordi+. Yusuf soch-soqolini olib, kiyimlarini almashtirdi-da, fir’avnning huzuriga bordi.
15 Fir’avn Yusufga: «Men tush ko‘rdim, biroq hech kim uni ta’birlay olmadi. Eshitishimcha, sen tushlarni ta’birlay olarkansan»+,— deb aytdi.
16 Bunga javoban Yusuf: «Fir’avnga yaxshilikni ta’birlab beradigan men emas, Xudodir»+,— dedi.
17 Fir’avn gap boshlab, Yusufga shunday dedi: «Tushimda Nil daryosining qirg‘og‘ida turgan edim.
18 Shu payt daryodan yettita chiroyli va semiz sigir chiqib, Nil sohilida o‘tlay boshladi+.
19 So‘ng Nil daryosidan nimjon, xunuk va oriq yettita sigir chiqdi. Butun Misr yurtida bunday turqi sovuq sigirlarni hali ko‘rmaganman.
20 O‘sha oriq, xunuk sigirlar yettita semiz sigirni yeya boshladi.
21 Biroq ularni yeb qo‘yishganidan keyin ham yeganlari bilinmadi, chunki ular avvalgidek oriqligicha qoldi. Shunda men uyg‘onib ketdim.
22 Keyin men yana bir tush ko‘rdim. Tushimda bitta poyadan sara hamda to‘liq yettita boshoq o‘sib chiqdi+.
23 Ulardan so‘ng, qurigan, puchaygan, sharqdan esgan garmsel dastidan kuygan yettita boshoq o‘sib chiqdi.
24 Keyin puchaygan boshoqlar yettita sara boshoqlarni yutib yubordi. Tushimni kohinlarga+ aytib berdim, lekin hech kim uning ma’nosini aytib bera olmadi»+.
25 Yusuf fir’avnga shunday dedi: «Fir’avn ko‘rgan tushlarning ma’nosi bir. Haq Xudo nima qilmoqchi ekanini fir’avnga ochib berdi+.
26 Yettita yaxshi sigir, yetti yil degani. Yettita yaxshi boshoq ham yetti yilni bildiradi. Tushlaringizning ma’nosi bir.
27 Ularning ketidan chiqqan yettita oriq va xunuk sigir, yetti yilni anglatadi; puchaygan va sharqdan esgan garmsel dastidan kuygan yettita boshoq esa yetti yil ocharchilik bo‘lishini bildiradi.
28 “Haq Tangri nima qilmoqchi ekanini fir’avnga ochib berdi”,— deganimda, shuni nazarda tutgan edim.
29 Butun Misr yurti bo‘ylab yetti yil mo‘l-ko‘lchilik bo‘ladi.
30 Ammo undan keyin yetti yil davom etadigan ocharchilik boshlanadi. Misr yurtida bo‘lgan yetti yil mo‘l-ko‘lchilik davri unutiladi va ocharchilik yurtni xarob qiladi+.
31 Ocharchilik shu qadar qattiq bo‘ladiki, yurtda hukm surgan mo‘l-ko‘lchilik davri unutiladi.
32 Ikki marta tush ko‘rganingiz esa, haq Xudo buni tez orada amalga oshirishga qat’iy qaror qilganini anglatadi.
33 Shuning uchun fir’avn aqlli va dono bir kishini topib, butun Misr yurti ustidan qo‘ysinlar.
34 Fir’avn yurt ustidan nozirlarni tayinlab, Misrda bo‘ladigan yetti yil mo‘l-ko‘lchilik davomida hosilning beshdan bir qismini yig‘ib olsinlar+.
35 Kelayotgan mo‘l-ko‘lchilik yillarida ular oziq-ovqat yig‘ishsin, don g‘amlashsin va ularni nazoratingiz ostidagi shaharlar omborxonalarida saqlashsin+.
36 Misr yurtida bo‘ladigan yetti yil ocharchilik davrida, bu oziq-ovqatlar yurtni ta’minlashda asqatadi. Shu yo‘sin, yurt ocharchilik dastidan xarob bo‘lmaydi»+.
37 Yusufning maslahati fir’avnga va uning barcha xizmatkorlariga ma’qul keldi.
38 Fir’avn xizmatkorlariga: «Xudoning ruhi bor bo‘lgan bu odamdan boshqa yana kimni ham topa olardik?» — deb aytdi.
39 Shundan so‘ng, u Yusufga: «Bularning barchasini Xudo senga ochib bergan ekan, demak, sen kabi aqlli va dono hech kim yo‘q.
40 Seni xonadonim ustidan tayinlayman, xalqim senga to‘liq itoat etadi+. Men faqat taxtim bilan sendan ustun turaman»,— deb aytdi.
41 So‘ng, fir’avn Yusufga: «Mana, men seni butun Misr yurti ustidan tayinladim»+,— dedi.
42 Keyin fir’avn barmog‘idan muhr uzugini yechib, uni Yusufning barmog‘iga taqdi-da, egniga sifatli zig‘ir matosidan tikilgan kiyimlarni kiygizdi, bo‘yniga esa oltin zanjir taqib qo‘ydi.
43 Bundan tashqari, Yusufni shohning ikkinchi aravasiga o‘tqazishni va oldida: «Avrek!»* — deya jar solishni buyurdi. Shunday qilib, u Yusufni butun Misr yurti ustidan bosh etib tayinladi.
44 Fir’avn unga: «Men fir’avn bo‘lsam-da, butun Misr yurtida biron kimsa sening ruxsatingsiz hech nima qila olmaydi»+,— dedi.
45 So‘ng fir’avn Yusufga Zofnat-Paniyox* deb ism qo‘ydi hamda On* shahrining kohini Po‘tiferoning qizi Osanatni+ xotin qilib olib berdi. Shunday qilib, Yusuf Misr yurtini nazorat qila boshladi+.
46 Yusuf Misr shohi fir’avnning huzurida turganda* 30 yoshda edi+.
Keyin Yusuf fir’avnning huzuridan chiqib, butun Misr yurtini ko‘zdan kechirish uchun yo‘lga otlandi.
47 Yetti yil mo‘l-ko‘lchilik davrida, yer juda ko‘p hosil berdi.
48 Yusuf yetti yil mobaynida Misr yurtidagi barcha oziq-ovqatlarni yig‘ib, shaharlarga g‘amlab qo‘ydi. Har bir shaharga, atrofdagi dalalardan yig‘ilgan hosilni jamladi.
49 U to‘plagan don dengiz qumi kabi nihoyatda ko‘payib ketdi. Hosil miqdori ko‘payib ketganidan, oxiri uni o‘lchamay qo‘yishdi.
50 Ocharchilik davri boshlanishidan avval, On shahrining kohini Po‘tiferoning qizi Osanat Yusufga ikkita o‘g‘il tug‘ib berdi+.
51 «Xudo mening barcha qayg‘ularimni, otamning uyini unuttirdi»,— deb, Yusuf to‘ng‘ich o‘g‘liga Manashe*+ deb ism qo‘ydi.
52 «Azob chekkan yerimda Xudo menga farzandlar berdi»+,— deb, u kenja o‘g‘lining ismini Efrayim*+ qo‘ydi.
53 Misr yurtidagi yetti yil mo‘l-ko‘lchilik davri o‘z nihoyasiga yetdi+.
54 So‘ng, Yusuf aytganidek, yetti yil ocharchilik davri boshlandi+. Ocharchilik barcha yurtlarni qamrab oldi, biroq Misr yurtidan non* arimadi+.
55 Ocharchilik dastidan azob chekkan butun Misr yurtidagi xalq fir’avndan non so‘rab yolvordi+. Shunda fir’avn misrliklarga: «Yusufning oldiga boringlar. U sizlarga nima desa, shuni qilinglar»+,— deb aytdi.
56 Butun yer yuzi bo‘ylab ocharchilik hukm surardi+. Shuning uchun Yusuf omborlarni ochib, misrliklarga don sota boshladi+, chunki Misr yurtida ham ocharchilik kuchaydi.
57 Bundan tashqari, butun yer yuzida qattiq ocharchilik bo‘lgani tufayli, odamlar don sotib olish uchun Misrga, Yusufning oldiga kelishardi+.
Izohlar
^ Ehtimol bu, shon-sharaf va hurmat ko‘rsatishga chorlaydigan so‘z bo‘lgan.
^ Ma’nosi «sirlarni oshkor etuvchi».
^ Ya’ni Geliopolis.
^ Yoki «xizmatiga kirishganda».
^ Ma’nosi «unuttiradigan».
^ Ma’nosi «ikki karra serhosil».
^ Yoki «oziq-ovqat».