Ibtido 43:1-34
43 Yurtda ocharchilik nihoyatda kuchaydi+.
2 Misrdan olib kelgan donlarini yeb tugatishgach+, otasi ularga: «Yana borib, biroz oziq-ovqat sotib olinglar»,— deb aytdi.
3 Shunda Yahudo otasiga: «O‘sha kishi, ukangizsiz mening huzurimga kelmanglar, deb bizni ogohlantirgan edi+.
4 Agar ukamiz biz bilan ketishiga ruxsat bersangiz, biz borib oziq-ovqat sotib olib kelamiz.
5 Biroq uni biz bilan yubormasangiz, biz u yerga bormaymiz, chunki o‘sha kishi bizga: “Ukangizsiz mening huzurimga kelmanglar”+,— deb aytgan»,— dedi.
6 Isroil+ bo‘lsa: «Bizni yana bir ukamiz bor, deb nega boshimga muammo orttirdilaring?» — deya ulardan so‘radi.
7 Bunga ular shunday javob berishdi: «O‘sha kishi: “Otangiz hayotmi? Yana boshqa aka-ukangiz bormi?” — deb biz va qarindoshlarimiz haqida so‘ragani uchun, hammasini unga aytib bergandik+. U bizga: “Ukangizni mening oldimga olib kelinglar”,— deb aytishini qayerdan ham bilibmiz?»+
8 Yahudo, otasi Isroilga: «Bolani men bilan birga yuboring+, siz ham, biz ham, farzandlarimiz+ ham o‘lmasdan tirik qolishimiz uchun+, yo‘lga chiqaylik.
9 O‘zim unga kafil bo‘laman+. Agar unga biror nima bo‘lsa, meni jazolashingiz mumkin. Uni yoningizga qaytarib olib kelmasam, sizga qarshi qilgan gunohimni hech qachon yuvolmayman.
10 Bu ishni cho‘zib yurmaganimizda, shu paytgacha u yerga ikki marta borib kelgan bo‘lardik»,— deb aytdi.
11 Isroil o‘g‘illariga dedi: «Bo‘lmasam, mana bunday qilinglar: xurjunlaringizga yurtimizning eng sifatli mahsulotlaridan: oz-moz balzam+, oz-moz asal, xushbo‘y smola*, smolali daraxt po‘stlog‘i+ va pista-yu bodomlardan solinglar-da, o‘sha kishiga hadya qilinglar+.
12 Shuningdek, o‘zingiz bilan ikki hissa ko‘proq pul olinglar va o‘tgan safar xurjuningizga solib qo‘yilgan pullarni ham qaytarib beringlar+. Balki bu anglashilmovchilik bo‘lgandir.
13 Endi ukangizni olib, o‘sha kishining oldiga boringlar.
14 Qodir Alloh o‘sha kishining oldida sizlarga rahm qilsin. Toki u Shimo‘nni va Benyaminni ozod etsin. Menga kelsak, farzandlarimdan ayrilishim kerak bo‘lsa, mayli ayrilayin!»+
15 So‘ng ular hadyalarni va ikki hissa ko‘proq pulni olib, Benyamin bilan birgalikda Misrga jo‘nashdi. U yerga yetib borgach, yana Yusufning huzuriga kirishdi+.
16 Yusuf ular bilan Benyamin ham kelganini ko‘rib, uy boshqaruvchisiga: «Bularni uyga olib bor-da, mol so‘yib, taom tayyorla, chunki ular bugun men bilan birga tushlik qilishadi»,— deb aytdi.
17 Uy boshqaruvchi o‘sha zahotiyoq hammasini Yusuf aytganidek qilib+, ularni Yusufning uyiga olib bordi.
18 Ammo ularni Yusufning uyiga olib borishgach, ular qo‘rqib ketishdi va o‘zaro: «O‘tgan safar xurjunlarimizda ketib qolgan pullarni deb bizni bu yerga olib kelishdi. Hozir bizga hujum qilib, bizni qul qilib olishadi-da, eshaklarimizni esa tortib olishadi!»+ — deyishdi.
19 Shu sababli, ular Yusufning uy boshqaruvchisi oldiga borib, uyning ostonasida u bilan gaplashishdi.
20 Ular: «Kechirasiz, taqsir! Biz oldin ham bu yerga oziq-ovqat sotib olgani kelgan edik+.
21 Biz bir yerda tunash uchun to‘xtaganimizda, xurjunlarimizning og‘zini ochib qarasak, ustida pullarimiz to‘lig‘icha turgan ekan+. Mana, bu pullarni o‘z qo‘limiz bilan qaytarib bermoqchimiz.
22 Oziq-ovqat sotib olish uchun o‘zimiz bilan ko‘proq pul olib keldik. Pullarimizni xurjunimizga kim solib qo‘yganini bilmaymiz»+,— deb aytishdi.
23 Shunda uy boshqaruvchi: «Hammasi joyida. Qo‘rqmanglar. Sizlarning va otangizning Xudosi xurjuningizga xazina solib qo‘ygan. Pul berganingizdan xabarim bor»,— dedi. Keyin u Shimo‘nni olib keldi+.
24 Bundan so‘ng, ularni Yusufning uyiga olib kirib, oyoqlarini yuvishlari uchun suv keltirdi. Eshaklari uchun esa yem berdi.
25 Peshinda Yusuf bilan birga ovqat tanovul qilishlarini eshitib+, ular Yusuf uchun atalgan hadyalarni+ tayyorlab qo‘yishdi.
26 Yusuf uyga kelgach, akalari unga atalgan hadyalarni berishdi va yergacha egilib, unga ta’zim qilishdi+.
27 Yusuf ulardan hol-ahvol so‘ragach: «Sizlar keksa otamiz bor degan edingizlar. U kishi yaxshi yuribdilarmi? Hali ham hayotmilar?»+ — dedi.
28 Bunga ular: «Sizning qulingiz, bizning otamiz sog‘-omon yuribdilar, hanuz hayotlar»,— deb javob berishdi. So‘ng ular tiz cho‘kishdi-da, yergacha egilib Yusufga ta’zim qilishdi+.
29 Yusuf onasining+ o‘g‘lini, tug‘ishgan ukasi Benyaminni ko‘rdi-da: «Menga aytgan kenja ukangiz shumi?»+ — deb so‘radi va Benyaminga: «Xudoning O‘zi senga baraka bersin, o‘g‘lim»,— dedi.
30 Yusuf ukasini ko‘rgach, hayajonini bosolmay, shoshilib tashqariga chiqdi. Keyin ichkari xonaga kirib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi+.
31 Bundan so‘ng, u yuzini yuvdi-da, o‘zini qo‘lga olib, akalarining oldiga qaytib kirdi va xizmatkorlariga: «Ovqat keltiringlar»,— deb buyurdi.
32 Shunda Yusufga alohida, uning akalariga alohida va ular bilan ovqatlangan misrliklarga alohida qilib ovqat keltirishdi. Chunki misrliklar, ibroniylar bilan birgalikda ovqatlanishdan hazar qilishardi+.
33 Ularni Yusufning qarshisiga o‘tqazishdi: to‘ng‘ichlik huquqiga ega bo‘lgani o‘z o‘rniga+, kenjasi o‘z o‘rniga o‘tqazildi. Aka-ukalar hayron qolishganidan, bir-biriga qarab turishardi.
34 Yusuf o‘zi o‘tirgan xontaxtadan ularga ovqat uzatib turdi. U boshqalarga qaraganda, Benyaminning ulushini besh hissa ko‘proq qilib berdi+. Shu tariqa, ular bazm qilib, Yusuf bilan to‘yguncha yeb-ichishdi.
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «ladan».