Ibtido 44:1-34
44 Yusuf uy boshqaruvchisiga shunday buyruq berdi: «Bu kishilarning xurjunlarini, ular ko‘tara oladigan darajada oziq-ovqat bilan to‘ldiringlar va har birining pulini o‘z xurjunining og‘ziga solib qo‘yinglar+.
2 Kenjasining xurjunining og‘ziga esa, don uchun to‘lagan pullari bilan birga mening kumush qadahimni ham solib qo‘yinglar». U hammasini Yusuf buyurganidek qildi.
3 Tong yorishgach, Yusufning aka-ukalarini kuzatib qo‘yishdi. Shunday qilib, ular eshaklarini olib, yo‘lga chiqishdi.
4 Ular shahardan uzoqlashishga ulgurmasidan, Yusuf uy boshqaruvchisiga shunday deb tayinladi: «Tezroq bo‘l! Ularning ortidan quvib yetib, ularga: “Nega yaxshilik evaziga yomonlik qaytardilaring?
5 Xo‘jayinim ichimlik ichadigan va fol ochadigan* qadahini nimaga oldilaring? Senlar yomon ish qildilaring”,— deb ayt».
6 Uy boshqaruvchi ularga yetib oldi-da, Yusufning gaplarini aytdi.
7 Biroq ular shunday deyishdi: «Nima sababdan taqsirimiz bunday dedilar? Axir qullaringiz qanday qilib bunday ishga qo‘l urishi mumkin?
8 O‘tgan safar xurjunlarimizning og‘zidan topib olgan pullarni Kan’on yurtidan qaytarib olib keldik+. Shunday ekan, biz qanday qilib xo‘jayiningizning uyidan kumush yoki oltinni o‘g‘irlashimiz mumkin?
9 Agar o‘sha narsa birortamizdan topilsa, unga o‘lim jazosi berilsin, qolganlarimiz esa xo‘jayinimizga qul bo‘laylik».
10 Bunga u: «Sizlar aytgandek bo‘lishiga qarshi emasman. Ammo o‘sha narsa kimdan topilsa, u menga qul bo‘ladi, qolganlaringiz esa aybsiz bo‘lib chiqasizlar»,— dedi.
11 Ular xurjunlarini tezda yerga tushirib, ularning og‘zini ochishdi.
12 O‘sha kishi to‘ng‘ichidan tortib kenjasigacha, har birining xurjunini sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Oxiri qadah Benyaminning xurjunidan topildi+.
13 Buni ko‘rgach, aka-ukalar kiyimlarini yirtib, yuklarini eshaklariga ortishdi va shaharga qaytib borishdi.
14 Yahudo+ va uning aka-ukalari Yusufning uyiga qaytib borishganida, Yusuf hali ham o‘sha yerda edi. Ular Yusufning oldida muk tushishdi+.
15 Yusuf ularga: «Bu nima qilganlaring? Men kabi inson fol ochib, hammasidan xabardor bo‘lishimni bilmaganmidilaring?»+ — deb aytdi.
16 Yahudo shunday javob berdi: «Biz nima ham deya olardik, taqsirim? Odil inson ekanimizni qanday isbotlay olamiz? Haq Xudo qullaringizning xatosini oshkor etdi+. Taqsirim, endi biz ham, xurjunidan qadahingiz topilgan odam ham, sizning qullaringizmiz!»
17 Biroq Yusuf ularga: «Yo‘q, men unday qilmayman! Qadah kimning xurjunidan topilgan bo‘lsa, o‘sha mening qulim bo‘ladi+. Qolganingiz esa, otangizning oldiga tinchgina ketaveringlar»,— dedi.
18 Shunda Yahudo Yusufning yoniga kelib, unga quyidagilarni aytdi: «Yolvoraman, taqsirim, qulingizning gapirishiga ijozat bering, chunki siz fir’avn kabi qudratli kishisiz+, men qulingizdan jahlingiz chiqmasin.
19 Taqsirim, qullaringizdan: “Otangiz yoki aka-ukangiz bormi?” — deb so‘ragan edingiz.
20 O‘shanda biz taqsirimizga: “Bizning keksa otamiz va uning qarigan chog‘ida tug‘ilgan kenja o‘g‘li bor+. Uning onasi ikki o‘g‘il tuqqan, lekin akasi o‘lib+, u yolg‘iz qolgan+. Otasi uni juda ham yaxshi ko‘radi”,— deya javob bergan edik.
21 Bundan keyin siz qullaringizga: “Uni bu yerga olib kelinglar, uni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘ray”+,— degan edingiz.
22 Ammo biz taqsirimizga: “Bola otasini qoldirib keta olmaydi. Agar u otasini qoldirib ketsa, otasi o‘lib qoladi”+,— degan edik.
23 Siz esa qullaringizga: “Kenja ukangizsiz mening huzurimga kelmanglar”+,— deb aytgan edingiz.
24 O‘shanda biz, qulingiz otamning oldiga borib, taqsirimizning gaplarini u kishiga aytib bergandik.
25 Vaqt o‘tib, otamiz: “Yana borib, bir oz oziq-ovqat sotib olinglar”+,— deb aytdilar.
26 Lekin biz otamizga: “Agar kenja ukamizni biz bilan yubormasangiz, biz u yerga bora olmaymiz, chunki ukamiz bormasa, biz u kishining huzuriga kira olmaymiz”+,— dedik.
27 Sizning qulingiz, mening otam bizga shunday dedilar: “Xotinim Rohila menga ikki o‘g‘il tug‘ib berganini yaxshi bilasizlar+.
28 Keyinchalik ularning biridan ayrilib qolganimda, men: “Yirtqich hayvon uni tilka-pora qilibdi!”+ — dedim va o‘shandan buyon uni ko‘rganim yo‘q.
29 Agar bu o‘g‘limni ham olib ketsangizlar va u bilan biror falokat ro‘y bersa, sizlar oqargan boshimga qayg‘u keltirib, meni go‘rga*+ tiqasizlar”+.
30 Endi sizning qulingiz otamning oldiga, o‘z jonidan* ham ortiq yaxshi ko‘radigan bu bolasiz qaytib borsam,
31 otamiz bolaning biz bilan yo‘qligini ko‘rishi bilanoq, o‘lib qoladilar va biz — sizning qullaringiz, otamizning oqargan boshiga qayg‘u keltirib, u kishini go‘rga* tiqqan bo‘lamiz.
32 Men qulingiz, otamning yonidan ketayotganimda, u kishiga: “Ukamni yoningizga qaytarib olib kelmasam, sizga qarshi qilgan gunohimni hech qachon yuvolmayman”+,— deya, bolaga kafil bo‘lganman.
33 Shuning uchun yolvoraman, bola akalari bilan qaytib ketishiga, uning o‘rniga esa men taqsirimga qul bo‘lishimga ijozat bering.
34 Axir qanday qilib otamning oldiga bolasiz qaytib boraman? Otamning boshiga tushadigan bunday qayg‘uga qarab turolmayman!»
Izohlar
^ Muqaddas Yozuvlarda fol ochish qoralangan. Ehtimol, Yusuf kumush qadah yordamida fol ochaman, deya ularni chalg‘itmoqchi bo‘lgan.
^ Ibr. sheo‘l, ya’ni insoniyatning umumiy qabri. Lug‘atdagi «mozor» so‘ziga q.
^ Yoki «hayotidan».
^ Ibr. sheo‘l, ya’ni insoniyatning umumiy qabri. Lug‘atdagi «mozor» so‘ziga q.