Ibtido 47:1-31
47 So‘ng Yusuf fir’avnning oldiga borib+: «Mening otam va aka-ukalarim suruvlari, qoramollari hamda bor-budlari bilan Kan’on yurtidan kelishdi. Hozir ular Go‘shen yerida»+,— deb unga xabar berdi.
2 Yusuf beshta akasi bilan fir’avn oldiga keldi va fir’avnga ularni tanishtirdi+.
3 Fir’avn Yusufning akalaridan: «Kasbingiz nima?» — deb so‘radi. Ular: «Biz xizmatkorlaringiz, ota-bobolarimizga o‘xshab qo‘y boqamiz»+,— deyishdi
4 va davom etib: «Kan’on yurtida ocharchilik kuchayib ketdi+. Biz xizmatkorlaringiz suruvlarini boqish uchun yaylov topa olmagach, bu yerga yashash uchun musofir bo‘lib keldik+. Iltimos, xizmatkorlaringizga Go‘shen yerida+ yashashga ruxsat eting»,— deb aytishdi.
5 Fir’avn Yusufga qarata shunday dedi: «Sening oldingga otang va aka-ukalaring kelishgan ekan,
6 Misr yurti sening ixtiyoringda. Otang va aka-ukalaringni yurtning eng yaxshi yeriga joylashtir+. Ular Go‘shen yerida yashashsin. Agar ularning orasida o‘z ishini yaxshi biladiganlari bo‘lsa, ularni mening chorvamni boqishga tayinla».
7 Keyin Yusuf otasi Yoqubni fir’avnning huzuriga olib kirdi va uni fir’avnga tanishtirdi. Yoqub esa fir’avnni duo qildi.
8 Fir’avn Yoqubdan: «Yoshingiz nechada?» — deb so‘radi.
9 Yoqub fir’avnga: «U joydan bu joyga ko‘chib* yashayotganimga mana 130 yil bo‘ldi. Bir yerdan ikkinchi yerga ko‘chib yurib yashagan ota-bobolarimga nisbatan oz umr ko‘rdim+. Ko‘p azobli kunlarni boshdan kechirdim»,— deb javob berdi.
10 Shundan keyin Yoqub fir’avnni duo qildi va uning huzuridan chiqdi.
11 Yusuf fir’avn amr etganiday, otasi va aka-ukalarini Misr yurtiga joylashtirib, ularga Ramzes*+ o‘lkasining eng yaxshi yerini mulk qilib berdi.
12 Yusuf otasini, aka-ukalarini va otasining butun xonadonini, qay birining nechta farzandi borligiga qarab oziq-ovqat bilan ta’minladi.
13 Ocharchilik nihoyatda kuchayib ketganidan, butun yurtda oziq-ovqat qolmadi. Ochlik dastidan Misr bilan Kan’on yurtlari xarob holga kelib qoldi+.
14 Yusuf Misr va Kan’on yurtlaridagi pullarning hammasini — odamlar don sotib olish uchun keltirgan pullarni yig‘ib oldi+. U pullarni fir’avnning xazinasiga to‘plardi.
15 Vaqt o‘tgach, Misr hamda Kan’on yurtlarida pul tugab qoldi. Hamma misrliklar Yusufning oldiga kela boshlab: «Bizga non bering! Pulimiz tugab qolgani uchun ko‘z oldingizda ochlikdan o‘lib ketishimizdan nima foyda?» — deyishdi.
16 Shunda Yusuf ularga: «Agar pulingiz tugab qolgan bo‘lsa, chorvangizni olib keling va men chorvangiz evaziga sizlarga oziq-ovqat beraman»,— deb aytdi.
17 Ular chorvalarini Yusufga keltira boshlashdi. Yusuf ularning otlari, qo‘y-u echkilari, qoramollari va eshaklari evaziga oziq-ovqat berdi. O‘sha yil davomida ularning barcha chorvasi evaziga ularni oziq-ovqat bilan ta’minlab turdi.
18 O‘sha yil sekin-asta o‘z nihoyasiga yetib borardi. Keyingi yil boshlanganda, ular Yusufning oldiga kelib, mana bunday deyishdi: «Taqsir, sizdan yashiradigan hech narsamiz yo‘q. Pulimizni ham, chorvamizni ham allaqachon sizga berganmiz, taqsir. Endi o‘zimiz va yerlarimizdan bo‘lak, taqsirimizga beradigan hech vaqomiz yo‘q.
19 Ko‘z oldingizda o‘lib ketishimizdan, yerlarimiz esa tashlandiq holga kelib qolishidan nima foyda? O‘tinamiz, bizni va yerlarimizni sotib olib, evaziga oziq-ovqat bering. Biz fir’avnning qullari bo‘lamiz, yerlarimiz esa u kishiga tegishli bo‘ladi. O‘lmasligimiz va yerlarimiz tashlandiq holga kelib qolmasligi uchun, bizlarga ekkani urug‘ bering».
20 Ocharchilik nihoyatda kuchaygani sababli, har bir misrlik o‘z yerini sotdi. Yusuf misrliklarning hamma yerlarini fir’avn uchun sotib oldi. Yerlar fir’avnga tegishli bo‘lib qoldi.
21 So‘ng u Misrning turli hududlarida yashovchi odamlarning barini shaharlarga ko‘chirdi+.
22 Yusuf faqat kohinlarning yerini sotib olmadi+, chunki kohinlarni fir’avn oziq-ovqat bilan ta’minlardi. Shu sababli, ular o‘z yerlarini sotishmagan edi.
23 Keyin Yusuf xalqga bunday deb aytdi: «Men bugun sizlarni va yerlaringizni fir’avn uchun sotib oldim. Mana bu urug‘larni olinglar-da, dalalaringizga ekinglar.
24 Hosilni yig‘ib olganingizda, uning beshdan bir qismini fir’avnga berasizlar+. Qolgan to‘rt qismi dalaga ekish uchun hamda o‘zingiz, xonadon ahlingiz va bolalaringizga yemish bo‘lib qoladi».
25 Ular esa: «Taqsir, siz hayotimizni saqlab qoldingiz+. Iltifotingizga sazovor bo‘lib, fir’avnning qullari bo‘laylik»+,— deb aytishdi.
26 Bundan so‘ng, Yusuf butun Misr yurtida hosilning beshdan bir qismi fir’avnga tegishli bo‘lsin, deb farmon chiqardi. Bu farmon hozirgacha o‘z kuchini yo‘qotmagan. Faqatgina kohinlarning yerlari fir’avnga tegishli emas edi+.
27 Isroil Misr yurtining Go‘shen yerida+ yashar edi. Ular yurtda o‘rnashib olib, serfarzand bo‘lishdi va nihoyatda ko‘payib ketishdi+.
28 Yoqub Misr yurtida 17 yil yashadi. Jami bo‘lib Yoqub 147 yil umr ko‘rdi+.
29 Isroilning umri oxirlab borayotgan edi+. U o‘g‘li Yusufni chaqirtirib: «Agar sening nazaringda iltifot topgan bo‘lsam, qo‘lingni sonimning tagiga qo‘ygin-da, menga mehr-sadoqat va ishonch ko‘rsatishga qasam ich. Iltimos, meni Misrda dafn etma+.
30 Olamdan o‘tganimda meni Misrdan olib chiqib, ota-bobolarim qo‘yilgan xilxonaga dafn et»+,— deb aytdi. Yusuf otasiga: «Siz aytganday qilaman»,— deb javob berdi.
31 Shunda Isroil: «Qasam ich»,— dedi. Yusuf qasam ichdi+. So‘ng Isroil, to‘shakning bosh tomonida o‘tirgan joyidan Xudoga ta’zim qildi+.
Izohlar
^ Yoki «vaqtinchalik; musofir kabi».
^ Bu, Go‘shendagi viloyat yoki Go‘shenning boshqa nomi bo‘lishi mumkin.