Levilar 15:1-33
-
Jinsiy a’zodan ajralma oqqanda (1-33)
15 Yahova gapini davom ettirib, Muso bilan Horunga shunday dedi:
2 «Isroil o‘g‘illariga quyidagilarni aytinglar: “Agar biron kasallik dastidan erkak kishining jinsiy a’zosidan ajralma oqsa, bu ajralma tufayli u nopok bo‘ladi+.
3 Ajralma jinsiy a’zodan oqsa yoki ajralma jinsiy a’zoning yo‘lini to‘sib qo‘ysa, u kishi nopok bo‘ladi.
4 Bunday kishi yotgan to‘shak ham, u o‘tirgan har qanday narsa ham nopok bo‘ladi.
5 Uning to‘shagiga tekkan kishi kiyimlarini yuvsin va cho‘milsin. Bu kishi kechqurungacha nopok hisoblanadi+.
6 Kimki ajralmasi oqqan kishi o‘tirgan narsaga o‘tirsa, kiyimlarini yuvsin va cho‘milsin. Bu kishi kechqurungacha nopok hisoblanadi.
7 Kimki ajralmasi oqqan kishining badaniga tegsa, kiyimlarini yuvsin va cho‘milsin. Bu kishi kechqurungacha nopok hisoblanadi.
8 Ajralmasi oqqan kishi pok insonga tupursa, u kishi kiyimlarini yuvsin va cho‘milsin. U kechqurungacha nopok hisoblanadi.
9 Ajralmasi oqqan kishi mingan har qanday egar nopok bo‘ladi.
10 Bunday kishi o‘tirgan narsaga tekkan kishi kechqurunga qadar nopok hisoblanadi. Kim o‘sha kishi o‘tirgan narsalarni ko‘tarsa, kiyimlarini yuvsin va cho‘milsin. U kechqurungacha nopok hisoblanadi.
11 Bordi-yu, ajralmasi oqqan kishi+ qo‘llarini yuvmasdan biron kimga tegsa, o‘sha kishi kiyimlarini yuvsin va cho‘milsin. U kechqurungacha nopok hisoblanadi.
12 Ajralmasi oqqan kishi sopol idishga tegsa, bunday idish sindirilsin, har qanday yog‘och idish esa suvda yuvilsin+.
13 Ajralma oqishi to‘xtab, kishi undan tozalansa, poklanishi uchun yetti kun kutsin. Keyin kiyimlarini yuvib, oqar suvda cho‘milsin va u pok bo‘ladi+.
14 Sakkizinchi kuni u ikkita g‘urrak yoki ikkita kaptar palaponini olsin+ va Yahovaning huzuriga, uchrashuv chodirining kiraverishiga kelib ularni ruhoniyga bersin.
15 Ruhoniy bulardan birini gunoh qurbonligi, ikkinchisini esa kuydiriladigan qurbonlik sifatida keltirsin. Shu yo‘sin, ruhoniy Yahovaning huzurida o‘sha kishini nopoklikdan tozalasin*.
16 Bordi-yu, biror erkakdan maniy oqsa, u cho‘milsin. U kishi kechqurungacha nopok bo‘ladi+.
17 Maniy tekkan har qanday kiyimni va teridan qilingan har qanday narsani yuvsin. Bu narsalar kechqurungacha nopok bo‘ladi.
18 Erkak kishi ayol bilan yotganda, erkakdan maniy oqsa, ikkalasi ham cho‘milsin. Ular kechqurunga qadar nopok bo‘ladi+.
19 Bordi-yu, ayolning badanidan qon oqsa, u hayz ko‘rganligi bois yetti kun nopok hisoblanadi+. Unga tekkan kishi kechqurungacha nopok bo‘ladi+.
20 Hayz ko‘rganida u yotgan va o‘tirgan har qanday narsa nopok bo‘ladi+.
21 Kimki uning to‘shagiga tegsa, kiyimlarini yuvsin va cho‘milsin. U kishi kechqurunga qadar nopok bo‘ladi.
22 O‘sha ayol o‘tirgan narsaga tekkan kishi kiyimlarini yuvsin va cho‘milsin. U kishi kechqurungacha nopok bo‘ladi.
23 Bordi-yu, kimdir uning to‘shagiga yoki u o‘tirgan biron narsaga tegsa, kechqurunga qadar nopok bo‘ladi+.
24 Agar erkak hayz ko‘rgan ayol bilan yotib, uning qoni bilan bulg‘ansa+, erkak yetti kun nopok bo‘ladi va u yotgan to‘shak ham nopok bo‘ladi.
25 Hayz ko‘rgan vaqtdan tashqari+ boshqa kunlarda ham ayoldan qon oqsa+ yoki bu hayz ko‘rgan paytdagiga qaraganda uzoqroq davom etsa, hayz ko‘rgan kunlari nopok bo‘lganidek, bu kunlari ham u nopok bo‘ladi.
26 Hayz ko‘rgan kunlari ayolning to‘shagi nopok bo‘lganidek, qon oqayotgan kunlar davomida ham u yotgan har qanday to‘shak nopok bo‘ladi+. U o‘tirgan har qanday narsa, hayz ko‘rgan paytdagi singari nopok bo‘ladi.
27 Bu narsalarga tekkan kishi nopok bo‘ladi, u kiyimlarini yuvsin va cho‘milsin. U kechqurungacha nopok hisoblanadi+.
28 Biroq ayoldan qon oqishi to‘xtasa, u qon oqishi to‘xtagan kundan boshlab yetti kun kutsin. So‘ng u pok bo‘ladi+.
29 Sakkizinchi kuni u ikkita g‘urrak yoki ikkita kaptar palaponini olsin+ va uchrashuv chodirining kiraverishiga kelib, ularni ruhoniyga bersin+.
30 Ruhoniy bulardan birini gunoh qurbonligi, ikkinchisini esa kuydiriladigan qurbonlik sifatida keltirsin. Shu tariqa, ruhoniy Yahovaning huzurida o‘sha ayolni nopoklikdan tozalasin*+.
31 Isroil o‘g‘illari o‘zlarining orasidagi muqaddas chodirimni bulg‘ab, nopokliklari dastidan o‘lmasliklari uchun, ularni nopoklikdan saqlanglar+.
32 Bu qonun kasallik tufayli jinsiy a’zosidan ajralma oqqan erkakka, maniysi oqqani uchun nopok bo‘lgan erkakka+,
33 hayz ko‘rgan paytda nopok bo‘lgan ayolga+, shuningdek, ajralmasi oqqan har qanday erkag-u ayolga+ hamda nopok ayol bilan yotgan erkakka tegishlidir”».