Levilar 19:1-37
-
Muqaddas bo‘lishga oid qonunlar (1-37)
19 Tag‘in Yahova Musoga shunday deb aytdi:
2 «Isroil o‘g‘illarining butun jamoasiga murojaat qilib, mana bu gaplarni yetkaz: “Muqaddas bo‘linglar, chunki Men, Xudoyingiz Yahova, muqaddasman+.
3 Har biringiz ota-onangizni hurmat qiling+. Mening Shabbatlarimga rioya qilinglar+. Men Tangringiz Yahovaman.
4 Foydasiz xudolarga murojaat qilmanglar+, o‘zlaringiz uchun quyma butlar yasamanglar+. Men Tangringiz Yahovaman.
5 Agar Yahovaga atab tinchlik qurbonligini keltirsangizlar+, qurbonlikni Xudoni mamnun qiladigan tarzda keltiringlar+.
6 Keltirgan qurbonligingizni o‘sha kuni va keyingi kun tanovul qilinglar. Uchinchi kunga ortib qolganini olovda kuydiringlar+.
7 Agar qurbonlikning biror qismi uchinchi kuni yeyilsa, bunday qurbonlik Xudoga ma’qul kelmaydi.
8 Qurbonlikni yegan kishi qilgan gunohi uchun javob beradi, chunki u Yahovaga tegishli muqaddas narsani harom qildi. Bunday kishi xalqi orasidan yo‘q qilinsin.
9 Dalangiz hosilini yig‘ayotganda uning chekkalaridagi hosilni to‘liq o‘rib olmanglar. O‘rim-yig‘imdan qolib ketgan boshoqlarni yig‘ib olmanglar+.
10 Uzumzoringizda qolib ketgan yoki yerga tushib qolgan uzum boshlarini yig‘ib olmanglar. Ularni kambag‘allar-u+ musofirlarga qoldiringlar. Men Tangringiz Yahovaman.
11 O‘g‘rilik qilmanglar+, aldamanglar+ va bir-biringizga qarshi hiyla ishlatmanglar.
12 Tangringizning ismiga dog‘ tushirmaslik uchun, Mening nomimni tilga olib yolg‘on qasam ichmanglar+. Men Yahovaman.
13 O‘z yaqiningizni aldamanglar+ va talonchilik qilmanglar+. Mardikorning ish haqini ertalabgacha saqlab qolmanglar+.
14 Kar odamni la’natlamanglar. Ko‘zi ojiz insonning yo‘liga to‘siq qo‘ymanglar+. Allohingizdan qo‘rqinglar+. Men Yahovaman.
15 Hukm chiqarganda nohaqlik qilmanglar. Kambag‘alga yuzxotirchilik qilmanglar tarafini olmanglar, boyga ham yon bosmanglar+. Yaqiningizni adolat bilan hukm qilinglar.
16 Xalqingiz orasida tuhmat qilib yurmanglar+. Yaqiningizning hayotiga* qasd qilmanglar*+. Men Yahovaman.
17 Ko‘nglingizda birodaringizdan nafratlanmanglar+. Yaqiningizning gunohiga sherik bo‘lmaslik uchun, unga tanbeh beringlar+.
18 Xalqingiz o‘g‘illaridan o‘ch olmanglar+ va ularga kek saqlamanglar. Yaqiningizni o‘zingizni sevganday sevinglar+. Men Yahovaman.
19 Mening nizomlarimga rioya qilinglar: ikki turdagi uy hayvonlarini chatishtirmanglar. Ikki xil urug‘ni dalangizga sepmanglar+. Ikki xil ip qo‘shib to‘qilgan kiyimni kiymanglar+.
20 Agar erkak kishi boshqa erkakka tegishli xizmatkor ayol bilan qovushsa, lekin o‘sha ayol uchun badal to‘lanmagan yoki u ozod etilmagan bo‘lsa, ular jazolansin. Biroq ular o‘limga mahkum etilmasin, chunki ayol hali ozodlikka chiqarilmagan.
21 O‘sha kishi Yahovaga atab ayb qurbonligi sifatida qo‘chqorni uchrashuv chodirining kiraverishiga olib kelsin+.
22 Ruhoniy qo‘chqorni ayb qurbonligi sifatida Yahovaning huzuriga keltirib gunohini yuvsin va uning qilgan gunohi kechiriladi.
23 Men sizlarga bermoqchi bo‘lgan yurtga borganingizda mevali daraxt eksangiz, boshida uning mevalarini nopok va taqiqlangan deb hisoblanglar. Uch yil mobaynida mevalari sizlar uchun taqiqlangan bo‘lsin. Ularni yeyish mumkin emas.
24 To‘rtinchi yili daraxtning hamma mevasi muqaddas bo‘ladi va Yahovaning oldida katta bayram shodiyonasi bo‘ladi+.
25 Beshinchi yili daraxtning mevalarini yeyishingiz mumkin, u sizlarga mo‘l-ko‘l hosil beradi. Men Tangringiz Yahovaman.
26 Hech qanday go‘shtni qoni bilan yemanglar+.
Fol ochmanglar, sehr-jodu bilan shug‘ullanmanglar+.
27 Boshingizning yon tomonlaridagi sochlarni qirmanglar. Soqolingizning uchini qirqmanglar*+.
28 Marhum* uchun badaningizni kesmanglar+, tanangizga surat* chizmanglar. Men Yahovaman.
29 Yurt fohishalik qilmasligi va axloqsizlikka to‘lib ketmasligi uchun, qizingizni fohishaga aylantirib sharmanda qilmanglar+.
30 Mening Shabbatlarimga rioya qilinglar+, muqaddas maskanimga ehtirom ko‘rsatinglar. Men Yahovaman.
31 Arvoh chaqiruvchilarga murojaat qilmanglar+ va folbinlarga maslahat solmanglar+. Ularning dastidan o‘zingizni bulg‘amanglar. Men Tangringiz Yahovaman.
32 Mo‘ysafid kishining oldida o‘rningizdan turinglar+ va keksa insonni hurmat qilinglar+. Xudoyingizdan qo‘rqinglar+. Men Yahovaman.
33 Agar yurtingizda sizlar bilan musofir yashayotgan bo‘lsa, unga yomon muomala qilmanglar+.
34 Sizlar bilan yashayotgan musofir, oralaringizda mahalliy aholi kabi bo‘lsin+. Uni o‘zlaringizni sevganday sevinglar. Chunki o‘zlaringiz ham Misr yurtida musofir edingizlar+. Men Tangringiz Yahovaman.
35 Uzunlik, og‘irlik yoki hajmni o‘lchaganda aldamanglar+.
36 Tarozingiz, tarozi toshlaringiz, quruq narsalar* va suyuqliklar* o‘lchovi to‘g‘ri bo‘lsin+. Men, sizlarni Misr yurtidan olib chiqqan Xudoyingiz Yahovaman.
37 Mening barcha nizomlarim-u hukmlarimga amal qilib, ularni bajaringlar+. Men Yahovaman”».
Izohlar
^ So‘zma-so‘z «qoniga».
^ Boshqa variant «Yaqiningizning hayoti xavf ostida qolganda chetda qarab turmanglar».
^ Bu, soqolni umuman tartibga keltirmaslikni anglatmaydi. Ehtimol, bu yerda butparastlarning odatlari nazarda tutilgan.
^ Yoki «jon». Bu yerdagi ibroniycha nefesh so‘zi o‘lgan odamni bildiradi.
^ Yoki «tatuirovka».
^ So‘zma-so‘z «to‘g‘ri efa». Ilovaning B14 mavzusiga q.
^ So‘zma-so‘z «to‘g‘ri xin». Ilovaning B14 mavzusiga q.