Levilar 2:1-16

2  Agar biror kishi Yahovaga don nazrini+ keltirsa, oliy navli unni nazr qilsin. Unga moy quysin va ustiga xushbo‘y smolani* qo‘ysin+.  Keyin u nazrni ruhoniylar bo‘lmish Horunning o‘g‘illariga bersin va ruhoniy oliy navli unning bir hovuchini, moyni va xushbo‘y smolaning hammasini olib, qurbongohdan tutun ko‘tarilishi uchun ramz nazri* sifatida kuydirsin+. Bu — Yahova uchun olovda kuydiriladigan xush hidli nazr.  Don nazrining qolgan qismi esa, Yahova uchun olovda kuydiriladigan g‘oyat muqaddas nazrlar+ sifatida Horun va uning o‘g‘illariga tegishli bo‘lsin+.  Agarda tandirda yopiladigan don nazrini keltirmoqchi bo‘lsangiz, nazr oliy navli undan tayyorlanib, moy qo‘shilgan halqa shaklidagi xamirturushsiz nonlar yoki ustiga moy surtilgan lochiralar bo‘lsin+.  Bordi-yu, tovada tayyorlanadigan don nazrini keltirmoqchi bo‘lsangiz+, u moy qo‘shilgan, xamirturushsiz oliy navli undan qilinsin.  Nazrni bo‘laklarga bo‘lib, ustiga moy quying+. Bu — don nazri.  Agar qozonda tayyorlanadigan don nazrini keltirmoqchi bo‘lsangiz, u moy bilan oliy navli undan qilinsin.  Tayyorlangan don nazrini Yahovaga olib keling. Uni ruhoniyga bering va u nazrni qurbongohga olib borsin.  Ruhoniy don nazrining bir qismini olib, qurbongohdan tutun ko‘tarilishi uchun ramz nazri sifatida+ kuydiradi. Bu — Yahova uchun olovda kuydiriladigan xush hidli nazr+. 10  Don nazrining qolgan qismi esa, Yahova uchun olovda kuydiriladigan g‘oyat muqaddas nazrlar+ sifatida Horun va uning o‘g‘illariga tegishli bo‘lsin. 11  Yahovaga taqdim etiladigan don nazrining hech biriga xamirturush qo‘shilmasin+. Achitqini ham, asalni* ham Yahova uchun olovda kuydiriladigan nazr sifatida keltirmang. 12  Ularni birinchi hosil sifatida+ Yahovaga nazr qilishingiz mumkin, lekin xushbo‘y hid chiqarish uchun ular qurbongohda kuydirilmasin. 13  Har qanday don nazriga tuz seping. Don nazriga tuz qo‘shishni unutmang, chunki tuz sizga Xudoning ahdini eslatib turadi. Har turli nazrlar bilan birga tuzni ham olib keling+. 14  Bordi-yu, hosilingizning birinchi o‘rimini Yahovaga don nazri qilib keltirmoqchi bo‘lsangiz, unda yangi donni olovda qovurib, yirik qilib yanchib olib keling. Bu — birinchi o‘rimingizdan keltirilgan don nazri+. 15  Unga moy quyib, ustiga xushbo‘y smolani qo‘ying. Bu — don nazri. 16  Ruhoniy nazrni, ya’ni yirik yanchilgan don va moyning bir qismini olib, xushbo‘y smolaning hammasi bilan birga qurbongohdan tutun ko‘tarilishi uchun ramz nazri sifatida kuydirsin+. Bu — Yahova uchun olovda kuydiriladigan nazr.

Izohlar

Yoki «eslatma nazri». Lug‘atga q.
Ehtimol, asalarining asali emas, balki anjir yoki mevalarning shirasi yoki sharbati bo‘lishi mumkin.