Levilar 25:1-55

  • Shabbat yili (1-7)

  • Ozodlik yili (8-22)

  • Mulkni qaytarib olish (23-34)

  • Kambag‘alga muomala qilish (35-38)

  • Qullikka oid qonunlar (39-55)

25  Sinay tog‘ida Yahova Musoga yana quyidagilarni aytdi:  «Isroil o‘g‘illariga shunday deb ayt: “Men sizlarga berayotgan yurtga yetib borganingizda+, Yahovaning Shabbatga taalluqli qonuniga rioya qilib, yerga dam beringlar+.  Olti yil dalangizga urug‘ ekib, olti yil uzumzoringizni xomtok qilinglar va yerning hosilini yig‘inglar+.  Yettinchi yil esa, yer to‘liq dam oladigan Shabbat, Yahovaga atalgan Shabbat bo‘lsin. Bu yili dalangizga urug‘ ekmanglar, uzumzoringizni ham xomtok qilmanglar.  Oxirgi o‘rim-yig‘imdan to‘kilgan dondan o‘sib chiqqan ekinlarni o‘rmanglar, xomtok qilinmagan uzumzoringiz hosilini ham yig‘manglar. O‘sha yil, yer to‘liq dam oladigan yil bo‘lsin.  Shabbat yili o‘zi o‘sib chiqqan narsalarning hosili sizlar uchun yegulik bo‘lsin. O‘zlaringiz, qul-u cho‘rilaringiz, yollanma ishchilaringiz, orangizda yashayotgan musofirlar,  shuningdek, yurtingizdagi uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlar uchun yegulik bo‘lsin. Yer o‘stirgan har qanday hosildan yeyishingiz mumkin.  Yettita Shabbat yilni, yetti karra yetti yilni hisoblab chiqinglar. Shunda yettita Shabbat yili 49 yilni tashkil etadi.  Yettinchi oyning o‘ninchi kuni burg‘u chalinglar, uning tovushi baland chiqsin. Gunohni yuvish kuni+ burg‘u tovushi butun yurtingiz bo‘ylab eshitilsin. 10  Allohning nazarida elliginchi yil muqaddas bo‘lib, yurtingizning butun aholisiga ozodlik e’lon qilinglar+. O‘sha yil sizlar uchun Ozodlik yili bo‘lsin va har kim o‘z yer-mulkiga hamda o‘z oilasiga qaytsin+. 11  Sizlar uchun elliginchi yil Ozodlik yili bo‘lsin. Urug‘ ekmanglar, to‘kilgan donlardan o‘sib chiqqan ekinlarni o‘rmanglar, xomtok qilinmagan uzumzoringiz hosilini ham yig‘manglar+. 12  Chunki bu, Ozodlik yili bo‘lib, sizlar uchun muqaddasdir. Sizlar faqat yerdan o‘zi o‘sib chiqqan narsalardan yeyishingiz mumkin+. 13  Ozodlik yili har biringiz o‘z yer-mulkingizga qaytinglar+. 14  Yaqiningizga biron narsa sotmoqchi yoki undan biron narsa sotib olmoqchi bo‘lsangizlar, bir-biringizdan foyda ko‘rishga intilmanglar+. 15  Yaqiningizdan yer sotib olmoqchi bo‘lsangizlar, Ozodlik yilidan necha yil o‘tganini hisoblab chiqinglar. Sotayotgan kishi yerning bahosini qolgan hosilli yillarning miqdoriga qarab belgilasin+. 16  Yillar miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, yerning bahosi qimmatroq bo‘ladi, qancha kam bo‘lsa, yer shuncha arzon bo‘ladi. Boisi, u sizga o‘sha yillarning hosilini sotadi. 17  Yaqiningiz hisobidan foyda ko‘rishga intilmanglar+. Tangringizdan qo‘rqinglar+, chunki Men Allohingiz Yahovaman+. 18  Mening barcha nizomlarimga va barcha hukmlarimga rioya qilib, ularni bajaringlar. Shunda yurtingizda xavf-xatarsiz yashaysizlar+. 19  Yer o‘z hosilini beradi+, sizlar esa ulardan to‘yguncha yeysizlar va yurtingizda xavf-xatarsiz yashaysizlar+. 20  Ammo sizlar: “Yettinchi yili urug‘ ekmasak, hosil yig‘masak, nima yeymiz?” — deb xavotirlanmanglar+. 21  Sababi, oltinchi yili sizlarga barakamni yog‘diraman va yer uch yilga yetadigan hosil beradi+. 22  Sakkizinchi yili urug‘ ekasizlar, ammo to‘qqizinchi yilgacha eski hosildan yeysizlar. Hosil yetilmaguncha eski hosildan yeb turasizlar. 23  Yerni faqat vaqtinchaga sotsa bo‘ladi+, chunki yer Menikidir+. Sizlar Mening nazarimda musofirlar-u kelgindilarsiz+. 24  Sizlar egalik qiladigan butun yurt bo‘ylab, yerini sotgan kishi uni qaytarib sotib olish huquqiga ega bo‘lsin. 25  Agar birodaringiz kambag‘allik dastidan yerining muayyan qismini sotib yuborsa, uning yaqin qarindoshlaridan biri kelib, u sotgan yerni qaytarib sotib olsin+. 26  Bordi-yu, yerini qaytarib sotib oladigan qarindoshi bo‘lmasa, lekin o‘zining ishlari yurishib, yerini qaytarib sotib olish uchun yetarlicha mablag‘ ishlab topsa, 27  yerini sotgan yildan keyingi hosilli yillar ichida yerdan tushgan foydani hisoblab, uni dastlabki bahodan ayirsin va qancha qolsa, o‘sha narxni yerni sotib olgan kishiga to‘lasin. Bundan so‘ng, u yerini qaytarib olishi mumkin+. 28  Agar yerini qaytarib sotib olishga mablag‘ topa olmasa, unda yer Ozodlik yiligacha uni sotib olgan kishiniki bo‘ladi+. Ozodlik yili kelganda, yer egasiga qaytarib beriladi. Shu tariqa, yer ilgarigi egasiga qaytariladi+. 29  Bordi-yu, biron kishi devor bilan o‘ralgan shahar ichidagi uyini sotsa, sotgan kundan boshlab bir yil davomida uni qaytarib sotib olishga haqli bo‘ladi. Uning qaytarib sotib olish huquqi+ to‘liq bir yil amal qiladi. 30  Agar bir yil ichida sotib olmasa, devor bilan o‘ralgan shahar ichidagi uy uni sotib olgan kishiga va uning avlodlariga tegishli mulk bo‘lib qoladi. Ozodlik yili kelganda ham u ilgarigi egasiga qaytarilmaydi. 31  Ammo devor bilan o‘ralmagan joylardagi uylar dalaning bir qismi hisoblanadi. Bunday uyni qaytarib sotib olsa bo‘ladi va Ozodlik yili u ilgarigi egasiga qaytariladi. 32  Levilar o‘zlariga tegishli shaharlardagi uylarni+ har qachon qaytarib sotib olishga haqli bo‘lishadi. 33  Agar levining mulki qaytarib sotib olinmasa, levilarga tegishli shaharda sotilgan uy Ozodlik yili egasiga qaytarib beriladi+. Chunki levilarga tegishli shaharlardagi uylar, Isroil xalqi orasidagi ularning mulkidir+. 34  Ularning shaharlari atrofidagi yaylovlar+ ham sotilmaydi, chunki bu, avlodlari osha ularga tegishli mulkdir. 35  Bordi-yu, yoningizda yashaydigan birodaringiz kambag‘allashib, o‘zini boqa olmay qolsa, musofir va kelgindini+ qo‘llab-quvvatlaganingiz kabi, unga ham yordam beringlar+, toki u orangizda yashashni davom ettirsin. 36  Undan foiz talab qilmanglar, uning orqasidan foyda ko‘rishga ham intilmanglar+. Xudodan qo‘rqinglar+. Shunda birodaringiz orangizda yashashni davom ettiradi. 37  Unga foizga qarz bermanglar+, yegulikni ham foyda ko‘rish uchun bermanglar. 38  Men Allohingiz Yahovaman. Sizlarga Kan’on yurtini berib, Tangringiz ekanimni ko‘rsatish uchun+, sizlarni Misr yurtidan olib chiqqan Xudoyingizman+. 39  Bordi-yu, yoningizda yashaydigan birodaringiz kambag‘allikka giriftor bo‘lib, o‘zini sizga sotsa+, uni qulday ishlatmang+. 40  Siz unga yollanma ishchiga+ yoki kelgindi kishiga muomala qilganday munosabatda bo‘ling. Ozodlik yiligacha u siznikida ishlasin. 41  Keyin u sizni tark etib, farzandlari bilan birga o‘z oilasiga, ota-bobolarining yeriga qaytsin+. 42  Chunki Isroil o‘g‘illari, Men Misr yurtidan olib chiqqan qullarimdir+. Ular oddiy qullarday birovning mulkiga aylanmasligi kerak*. 43  Ularga qo‘pol muomala qilmanglar+. Tangringizdan qo‘rqinglar+. 44  Qul-u cho‘rilarni atrofingizda yashayotgan xalqlardan olinglar, ulardan qul yoki cho‘ri sotib olsangiz bo‘ladi. 45  Shuningdek, orangizda musofir bo‘lib yashayotganlardan+, ularning yurtingizda paydo bo‘lgan oilalaridan qul sotib olishingiz mumkin. Ular sizlarning mulkingizga aylanadi. 46  Bu qullarni o‘g‘illaringizga meros qilib qoldirsangiz bo‘ladi va asrlar osha ularga tegishli bo‘lib qoladi. Ularni qul qilib ishlatishingiz mumkin, lekin Isroil o‘g‘illari bo‘lmish birodarlaringizga zulm o‘tkazmanglar+. 47  Bordi-yu, orangizda yashayotgan musofir yoki kelgindi boyib ketsa, uning yonida yashayotgan birodaringiz esa kambag‘allashib, o‘zini musofir yoki kelgindiga yoki musofirning oila a’zosiga sotsa, 48  sotilganidan keyin uning qaytarib sotib olinish huquqi saqlanib qoladi. Uning aka-ukalaridan biri uni qaytarib sotib olishi mumkin+. 49  Amakisi, amakisining o‘g‘li yoki yaqin qon-qarindoshlaridan, ya’ni oila a’zolaridan biri uni qaytarib sotib olishi mumkin. Yoki o‘zi boyib ketsa, o‘zini qaytarib sotib olsa bo‘ladi+. 50  O‘zini sotgan kishi uni sotib olgan kishi bilan birga, o‘zi sotilgan yildan Ozodlik yiligacha+ qolgan yillarni hisoblab chiqsin. To‘lanadigan baho, o‘sha yillarning soniga teng bo‘lsin+. Bu vaqt mobaynida, uning ish kunlari yollanma ishchiniki kabi baholansin+. 51  Agar Ozodlik yiligacha hali ko‘p yil bo‘lsa, o‘zini qaytarib sotib olish uchun o‘sha yillarga teng bahoni to‘lasin. 52  Bordi-yu, Ozodlik yiligacha oz yil qolgan bo‘lsa, u hisoblab chiqsin-da, shu yillarga teng bahoni to‘lab, o‘zini qaytarib sotib olsin. 53  Uning xo‘jayini esa, yillar davomida unga yollangan ishchi qatori qarasin. Unga zulm o‘tkazmasligiga e’tiborli bo‘linglar+. 54  Keltirilgan shartlar asosida o‘zini qaytarib sotib ololmasa, Ozodlik yili o‘zi ham, bolalari ham erkinlikka chiqsin+. 55  Chunki Isroil xalqi Mening qullarim, Men Misr yurtidan olib chiqqan qullarimdir+. Men Tangringiz Yahovaman.

Izohlar

So‘zma-so‘z «Ular o‘zlarini oddiy qul kabi sotmasliklari kerak».