Levilar 6:1-30

  • Ayb qurbonligi keltiriladigan boshqa vaziyatlar (1–7)

  • Qurbonliklar borasida yo‘l-yo‘riqlar (8–30)

6  Yahova Musoga yana quyidagilarni aytdi:  «Bordi-yu, kimdir Yahovaga nisbatan bevafolik qilib+, unga ishonib topshirilgan yoki garov sifatida berilgan yoki o‘g‘irlagan narsasi haqida yaqiniga yolg‘on gapirsa yoki uni aldasa+  yoki yo‘qolgan biron narsani topib olib, u haqda yolg‘on gapirsa va bu kabi gunoh ishlarni qilmaganlikda yolg‘ondan qasam ichsa+,  u gunoh qilgan bo‘lib, aybdor hisoblanadi. Shu bois, u o‘g‘irlagan yoki do‘q-po‘pisa yo aldov yo‘li bilan tortib olgan yoki unga ishonib topshirilgan yoki topib olgan narsani egasiga qaytarib bersin.  Agar u foyda ko‘rish niyatida birovning narsasi borasida yolg‘ondan qasam ichgan bo‘lsa, unda keltirilgan ziyonning o‘rnini to‘ldirib+, u qanchaga baholansa, o‘sha bahoning beshdan bir qismini ustiga qo‘shib bersin. Uning aybi ochilgan kuni o‘sha narsani egasiga qaytarib bersin.  Keyin belgilangan bahoga binoan, suruvidan nuqsonsiz bir qo‘chqorni Yahovaga atab olib kelsin. Uni ayb qurbonligi sifatida ruhoniyga bersin+.  Ruhoniy Yahovaning oldida uning gunohini yuvsin va u qaysi qilmishda aybdor bo‘lishiga qaramay, uning gunohi kechiriladi»+.  Yahova so‘zida davom etib, Musoga dedi:  «Horun bilan o‘g‘illariga shunday qilishni buyur: “Kuydiriladigan qurbonlik haqidagi qonun quyidagichadir+: kuydiriladigan qurbonlik kechasi bilan, ertalabgacha qurbongoh ichidagi olov ustida qolishi va qurbongohdagi olov yonib turishi lozim. 10  Ruhoniy xizmat paytida kiyiladigan zig‘ir matosidan tikilgan ko‘ylagini+ va uyatli joylarini yopish uchun zig‘ir matoli ishtonini* kiysin+. So‘ng qurbongohdagi yonib bo‘lgan kuydiriladigan qurbonlikning kulini olib+, qurbongohning yoniga qo‘ysin. 11  Keyin esa bu kiyimini yechib+, boshqa kiyimini kiysin va kulni qarorgohning tashqarisidagi toza joyga olib chiqsin+. 12  Qurbongohdagi olov o‘chmay, yonib tursin. Ruhoniy har kuni ertalab unga o‘tin solib+, ustiga kuydiriladigan qurbonlikni qo‘ysin va qurbongoh ustida tinchlik qurbonliklarining yog‘ini kuydirsin+. 13  Qurbongohdagi olov o‘chmay, doim yonib tursin. 14  Don nazri to‘g‘risidagi qonun esa quyidagichadir+: Horunning o‘g‘illari uni olib kelib, Yahovaning huzuriga, qurbongoh oldiga qo‘yishsin. 15  Ulardan biri don nazri sifatida olib kelingan oliy navli unning bir hovuchini, oz-moz moyni va don nazri ustidagi xushbo‘y smolaning hammasini olib, qurbongohdan tutun ko‘tarilishi uchun kuydirsin. Bu — Yahova uchun xush hidli ramz nazri+. 16  Don nazrining ortib qolganini Horun va uning o‘g‘illari yeyishsin+. Ular undan xamirturushsiz non pishirib, uni muqaddas joyda, uchrashuv chodirining hovlisida yeyishsin+. 17  U xamirturush qo‘shilmay pishirilsin+. Buni ularga, Menga atab olovda kuydiriladigan don nazridan ulush sifatida berdim+. Bu, gunoh qurbonligi va ayb qurbonligi singari o‘ta muqaddasdir+. 18  Uni Horunning avlodidan bo‘lgan barcha erkaklar yeyishsin+. Bu — Yahovaga atalgan kuydiriladigan nazrdan avlodlaringiz osha, asrlar bo‘yi sizlarga tegadigan ulush bo‘ladi+. Bu nazrlarga tekkan hamma narsa muqaddas bo‘ladi”». 19  Keyin Yahova Musoga shularni aytdi: 20  «Moylanadigan kuni+, Horun bilan o‘g‘illari Yahovaga quyidagi nazrni keltirishsin: muntazam don nazri sifatida+ keltirilganiday oliy navli undan efaning*+ o‘ndan bir qismini olib, uning yarmini ertalab, qolgan yarmini esa kechqurun olib kelishsin. 21  Unga moy qo‘shib, tovada pishirilsin+. U moy bilan yaxshilab aralashtirilgan bo‘lsin va uni pishirilgan don nazri sifatida bo‘lak-bo‘lak qilib sindirib, Yahovaga atalgan xush hidli nazr sifatida olib kelinsin. 22  Bu nazrni Horunning o‘rniga ruhoniy etib moylanadigan o‘g‘li ham olib kelsin+. Yahovaga atalgan ushbu nazr butunlayin kuydirilsin. Bu, asrlar osha amal qilinadigan qoidadir. 23  Ruhoniy olib keladigan har qanday don nazri butunlayin kuydirilsin. U yeyilmasin». 24  Yahova Musoga yana quyidagilarni aytdi: 25  «Horun bilan o‘g‘illariga shunday deb ayt: “Gunoh qurbonligi borasidagi qonun mana bunday+: gunoh qurbonligi kuydiriladigan qurbonlik so‘yiladigan joyda+, Yahovaning oldida so‘yilsin. U g‘oyat muqaddasdir. 26  Uni gunoh qurbonligini keltirgan ruhoniy muqaddas joyda, uchrashuv chodirining hovlisida+ yesin+. 27  Bu qurbonlikning go‘shtiga tekkan har qanday narsa muqaddas bo‘lib qoladi. Agar uning qoni kimningdir kiyimiga sachrab ketsa, qon sachragan kiyimini muqaddas joyda yuvsin. 28  Bu qurbonlik qaynatilgan sopol idish sindirilsin. Bordi-yu, u mis idishda qaynatilgan bo‘lsa, bu idish tozalanib, suv bilan yuvilsin. 29  Qurbonlikning go‘shtini ruhoniy bo‘lgan erkaklarning hammasi yesin+. U g‘oyat muqaddasdir+. 30  Lekin gunohni yuvish maqsadida qoni muqaddas joyga, uchrashuv chodiriga olib kirilsa, gunoh qurbonligini yeb bo‘lmaydi+. U olovda kuydirilishi darkor.

Izohlar

Yoki «ichki kiyimini».