Levilar 9:1-24

  • Horun tayinlanish uchun qurbonliklar keltiradi (1-24)

9  Sakkizinchi kuni+ Muso Horun bilan uning o‘g‘illarini va Isroil oqsoqollarini chaqirdi-da,  Horunga dedi: «Gunoh qurbonligi uchun nuqsonsiz bir buzoqni+, kuydiriladigan qurbonlik uchun nuqsonsiz bitta qo‘chqorni olib kelib, Yahovaning oldiga qo‘ying.  Isroil xalqiga esa shunday deb ayting: “Gunoh qurbonligi uchun bitta takani, kuydiriladigan qurbonlik uchun nuqsonsiz bir yashar buzoq va yosh qo‘chqorni,  tinchlik qurbonliklari uchun buqa bilan qo‘chqorni Yahovaning oldida qurbonlikka keltiringlar+. Shuningdek, moy qo‘shilgan don nazrini+ olib kelinglar. Chunki Yahova bugun sizlarga zohir bo‘ladi”+».  Ular Muso buyurgan hamma narsani uchrashuv chodiriga olib kelishdi. Keyin butun jamoa kelib, Yahovaning oldida turdi.  Muso ularga: «Yahovaning ulug‘vorligi sizlarga ko‘rinishi uchun, Yahova sizlarga bunday qilishni buyurdi»+,— dedi.  So‘ngra Muso Horunga: «Qurbongoh oldiga borib, o‘zingiz olib kelgan gunoh qurbonligi+ bilan kuydiriladigan qurbonlikni keltirib, o‘zingizni+ va xonadoningizni gunohdan forig‘ eting. Shuningdek, xalq olib kelgan nazrlarni+ keltirib, Yahova amr etganiday, ularning gunohini yuving»+,— deb aytdi.  Horun shu zahotiyoq qurbongoh oldiga borib, o‘zining gunohlari uchun qurbon qilinadigan buzoqni so‘ydi+.  Horunning o‘g‘illari buzoqning qonini+ olib kelishdi va u barmog‘ini uning qoniga botirdi-da, qurbongohning har bir shohiga surtib chiqdi. Qolgan qonni esa qurbongohning yonboshiga to‘kdi+. 10  Buzoqning yog‘ini, buyraklari va jigari ustidagi yog‘ini olib, Yahova Musoga buyurganiday, qurbongohning ustida kuydirdi+. 11  Go‘shti bilan terisini esa qarorgohning tashqarisida yondirdi+. 12  Keyin Horun kuydiriladigan qurbonlikni so‘ydi. O‘g‘illari unga jonliqning qonini olib kelishdi va u qonni qurbongohning hamma tomoniga sachratib chiqdi+. 13  O‘g‘illari unga kuydiriladigan qurbonlikning bo‘laklarini va kallasini olib kelishdi. Horun bularni qurbongohda kuydirdi. 14  So‘ngra ichaklari va pochalarini yuvib, qurbongohdagi kuydiriladigan qurbonlikning ustiga qo‘yib, kuydirdi. 15  Bundan keyin, u xalq uchun qurbonlik keltira boshladi. Xalqning gunohi uchun qurbon qilinadigan takani so‘ydi-da, birinchi safardagiday, uni gunoh qurbonligi qilib keltirdi. 16  So‘ng u qoidaga binoan, kuydiriladigan qurbonlikni keltirdi+. 17  Shuningdek, ertalab kuydiriladigan qurbonlikdan+ tashqari, don nazrini+ keltirib, bir hovuch oldi-da, qurbongohda kuydirdi. 18  Keyin esa, xalq uchun tinchlik qurbonligi qilib olib kelingan buqa bilan qo‘chqorni so‘ydi. O‘g‘illari Horunga jonliqlarning qonini olib kelishdi va u qonni qurbongohning hamma tomoniga sachratib chiqdi+. 19  Buqaning yog‘i+ bilan qo‘chqorning dumbasini, ularning charvisini, buyraklarini va jigaridagi yog‘ni olib+, 20  jonliqlarning to‘shlari ustiga qo‘ydi-da, bu yog‘larni qurbongohda kuydirdi+. 21  Horun ularning to‘shi bilan o‘ng sonini, Muso buyurganiday, Yahovaning oldida silkitiladigan nazr sifatida silkitdi+. 22  So‘ng Horun qo‘llarini ko‘tarib, xalqni duo qildi+ va gunoh qurbonligi, kuydiriladigan qurbonlik hamda tinchlik qurbonliklarini keltirib bo‘lgach, pastga tushdi. 23  Oxiri Muso bilan Horun uchrashuv chodiriga kirishdi. Chodirdan qaytib chiqqach, xalqni duo qilishdi+. Shunda Yahovaning ulug‘vorligi butun xalqqa ko‘rindi+. 24  Yahovaning huzuridan olov chiqib+, qurbongohdagi kuydiriladigan qurbonlikni va yog‘larni yutib yubordi. Buni ko‘rgan xalq quvonchdan hayqirib, yuztuban tiz cho‘kdi+.

Izohlar