Malaki 1:1-14
1 Xabar.
Yahovaning Malaki* payg‘ambar orqali Isroilga aytgan so‘zlari:
2 «Men sizlarga sevgimni namoyon etdim»+,— demoqda Yahova.
Sizlar esa: «Bizga sevgingni qanday namoyon etding?» — deb aytyapsizlar.
«Esov Yoqubning akasi emasmidi?+ — demoqda Yahova. — Ammo Men Yoqubni sevdim,
3 Esovdan esa nafratlandim+. Uning tog‘larini kimsasiz qilib qo‘ydim+, merosini sahrodagi chiyabo‘rilarga berdim»+.
4 «Hatto Edom*: “Biz xarobaga aylandik, lekin qaytib kelib xarobalarni yana tiklaymiz”,— desa ham, Qo‘shinlar Sarvari Yahova shunday demoqda: “Ular quradi, Men esa buzib tashlayman. Ularni “yovuzlar diyori” va “Yahova abadiy hukmga mubtalo qilgan xalq” deb ataydilar+.
5 Buni o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rib: “Butun Isroil yurti bo‘ylab Yahova yuksalsin!” — deysizlar.
6 Ey, ismimni mensimagan ruhoniylar, sizlarga Men — Qo‘shinlar Sarvari Yahova shunday deyman: “O‘g‘il otasini+, xizmatkor xo‘jayinini hurmat qiladi. Agar Men ota bo‘lsam+, nega Meni hurmat qilmayapsizlar?+ Xo‘jayin* bo‘lsam, nega Menga ehtirom ko‘rsatmayapsizlar?”
Sizlar esa: “Qanaqasiga ismingni mensimadik?”+ — deb aytyapsizlar.
7 Qurbongohimga harom taom keltirib mensimadingizlar.
“Yahovaning dasturxoni+ jirkanch bir narsa”,— deb turib,
Tag‘in: “Qanaqasiga Seni harom qildik?” — deysizlar.
8 Ko‘r hayvonni qurbonlikka olib kelganingizda: “Bo‘laveradi”,— deysizlar. Oqsoq yoki kasal hayvonni keltirganingizda: “Bo‘laveradi”,— deb aytasizlar»+.
«Qani, bularni hukmdoringizga taqdim qilib ko‘ring-chi, u sizdan mamnun bo‘ladimi, sizni yaxshi qabul qiladimi?» — demoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova.
9 «Sizlardan o‘tinib so‘rayman, Alloh bizga marhamat ko‘rsatishi uchun endi Unga yolvoringlar. Shunday nazrlar keltirar ekansiz, U birortangizdan mamnun bo‘ladimi?» — demoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova.
10 «Qay biringiz tekinga eshiklarni yopasiz*?+ Axir haq to‘lanmasa sizlar qurbongohimda hatto olov yoqmaysiz-ku!+ Men sizlardan rozi emasman. Keltirgan hech bir nazringizdan mamnun bo‘lmayman»+,— demoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova.
11 «Kunchiqar tomondan to kunbotar tomongacha xalqlar ismimni ulug‘laydi+. Har yerda Mening ismimga atab munosib qurbonliklar tutatilib, nazrlar keltiriladi. Chunki xalqlar ismimni ulug‘laydi»+,— demoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova.
12 «Sizlar esa: “Yahovaning dasturxoni harom, ustidagi mevalar ham, taomlar ham jirkanch”+,— deb uni* bulg‘ayapsizlar+.
13 Yana: “Uf, charchab ketdik hammasidan!” — deya jirkanib burun jiyirasizlar»,— demoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova. «O‘g‘irlangan, oqsoq va kasal hayvonlarni keltirasizlar. Ha, shu narsalarni qurbonlikka keltiryapsizlar! Ularni qabul qilishim kerakmi?!»+ — demoqda Yahova.
14 «Podasida sog‘lom qo‘chqori bo‘la turib, qasam ichganda yoki qurbonliklar qilganda nuqsoni bor hayvonni keltirgan ayyor inson la’nati bo‘lsin! Axir Men ulug‘ Podshohman+, ismim xalqlarni vahimaga soladi»+,— demoqda Qo‘shinlar Sarvari Yahova.
Izohlar
^ Ma’nosi «Mening xabarchim».
^ Yoki «Ulug‘ xo‘jayin».
^ Ma’baddagi eshiklarni yopish vazifasi nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.
^ Boshqa variant «Meni».