Mark 5:1-43
5 Ular dengizning narigi qirg‘og‘idagi gerasliklar yurtiga kelishdi+.
2 Iso qayiqdan tushishi bilanoq qabrlar orasidan chiqqan, jinga chalingan bir odamga duch keldi.
3 Qabristonda yashab yurgan bu odamni hech kim zanjir bilan ham bog‘lay olmasdi.
4 Uni ko‘p marotaba kishan-u zanjirlar bilan bog‘lagan bo‘lishsa-da, u zanjirlarni uzib, kishanlarni sindirib yuborardi. Uni tinchlantirishga hech kimning kuchi yetmasdi.
5 U doimo, kecha-yu kunduz qabriston-u tog‘larda baqirib yurardi va o‘zini toshlar bilan jarohatlardi.
6 Ammo Isoni uzoqdan ko‘rib qolgach, u yugurib borib unga ta’zim qildi+.
7 Keyin u ovozi boricha: «Ey, Xudoyi Taoloning O‘g‘li Iso, menda nima ishing bor? Xudo haqqi yolvoraman, meni qiynama!»+ — deya baqirdi.
8 Sababi, Iso unga: «Ey yovuz ruh, bu odamdan chiqib ket!»+ — deb buyurgan edi.
9 So‘ng Iso undan: «Isming nima?» — deb so‘radi. Bunga javoban u: «Ismim Tumonat*, chunki biz ko‘pchilikmiz»,— dedi.
10 U Isodan jinlarni o‘sha yurtdan quvib chiqarmaslikni yolvorib so‘radi+.
11 O‘sha yerda tog‘ yonbag‘rida katta cho‘chqa+ podasi o‘tlab yurgandi+.
12 Jinlar Isoga yolvorib: «Bizga ruxsat ber, cho‘chqalarga kirib olaylik»,— deyishdi.
13 Iso ruxsat bergan edi, jinlar bu odamdan chiqib, cho‘chqa podasiga kirib olishdi. O‘shanda 2 000 ga yaqin cho‘chqa jarlikdan dengizga sakrab, bitta qolmay cho‘kib o‘ldi.
14 Cho‘chqaboqarlar esa qochib ketib, shahar-u qishloqlarda hammaga bu haqda aytib berishdi. Shunda odamlar nima yuz berganini ko‘rish uchun kelishdi+.
15 Ular Isoning yoniga kelganda, ichidan tumonat jinlar chiqqan kishining kiyinib, es-hushli holda o‘tirganini ko‘rib, qo‘rqib ketishdi.
16 Shuningdek, bu voqeani ko‘rganlar ham, jinlarga chalingan odamning qanday sog‘ayganini va cho‘chqalar bilan nima yuz berganini hammaga aytib berishdi.
17 Keyin ular Isoga yolvorib, yurtlarini tark etishni so‘rashdi+.
18 Iso qayiqga tushayotganida, ilgari jinga chalingan odam unga ergashib yurish uchun ijozat so‘radi+.
19 Lekin Iso unga ruxsat bermay: «Uyingizga boring-da, Yahova* siz uchun nimalar qilganini va qanday rahm-shafqat ko‘rsatganini qarindoshlaringizga gapirib bering»,— dedi.
20 U kishi O‘nkentga borib, Iso unga nimalar qilgani haqida jar sola boshladi va bundan hamma qoyil qolardi.
21 Iso yana narigi qirg‘oqga qayiqda suzib o‘tganida, atrofida katta xaloyiq to‘plandi. U dengiz sohilida turganida+,
22 oldiga Yair ismli bir kishi keldi. U ibodatxona boshlig‘i edi. Bu kishi Isoning oyoqlari ostiga yuztuban tiz cho‘kib+,
23 ko‘p marotaba shunday deya yolvordi: «Qizalog‘im o‘lim to‘shagida yotibdi. Iltimos, borib ustiga qo‘lingizni qo‘ying+, u sog‘ayib, tirik qolsin».
24 Iso u bilan ketdi. Xaloyiq esa orqasidan ergashib, uni siqib borardi.
25 Omma orasida 12 yildan beri+ qon ketishidan+ azob chekayotgan bir ayol ham bor edi.
26 O‘sha ayol shifokorlarga boraverib, ko‘p azob chekkandi. Chunki butun mol-mulkini sarflab, sira foyda ko‘rmay, aksincha, ahvoli yanada og‘irlashgandi.
27 Iso haqida eshitgach, u xaloyiqni oralab o‘tib, uning orqasidan keldi-da, ustki kiyimiga qo‘lini tekkizdi+.
28 Boisi, u shunday o‘ylardi: «Hech bo‘lmasa ustki kiyimiga qo‘limni tekkizsam, tuzalib ketaman»+.
29 Shu ondayoq qon ketishi to‘xtadi va u og‘ir darddan forig‘ bo‘lganini o‘z tanasida his qildi.
30 Iso o‘zidan bir kuch chiqqanini darhol sezib+, xaloyiqga o‘girildi-da: «Kiyimimga kim tegdi?»+ — deya so‘radi.
31 Uning shogirdlari esa shunday deyishdi: «Xaloyiq sizni siqib turganini ko‘ryapsiz-ku, tag‘in: “Kiyimimga kim tegdi?” — deyapsiz-a».
32 Biroq Iso buni kim qilganini ko‘rish uchun atrofga qaradi.
33 Ayol o‘zida o‘zgarish yuz berganini sezib, qo‘rqib ketdi va titragancha uning oldiga keldi. So‘ng tiz cho‘kib, Isoga bor gapni aytdi.
34 Iso ayolga: «Singlim*, ishonchingiz tufayli sog‘ayib ketdingiz. Eson-omon borib+, og‘ir darddan forig‘ bo‘ling»,— dedi+.
35 U hali gapirib turganida, ibodatxona boshlig‘ining uyidan odamlar kelib: «Qizingiz vafot etdi. Endi Ustozni ovora qilmay qo‘yavering»,— deb aytishdi+.
36 Buni eshitib, Iso ibodatxona boshlig‘iga: «Vahimaga tushmang. Faqat ishonsangiz bas»,— dedi+.
37 Keyin Iso Butrusdan, Yoqub va uning ukasi Yuhannodan boshqa hech kimga o‘zining orqasidan yurishga ruxsat bermadi+.
38 Ular ibodatxona boshlig‘ining uyiga kelishganida, Iso u yerda qiy-chuv bo‘layotganini ko‘rdi. Odamlar dod solib yig‘layotgan edilar+.
39 Iso ichkariga kirib, u yerdagilarga: «Nega dod-voy solib yig‘layapsizlar? Bola o‘lgan emas, u uxlab yotibdi»+,— dedi.
40 Shunda ular uni mazax qilib ustidan kula boshlashdi. Iso bo‘lsa hammaga xonadan chiqib ketishni buyurdi-da, qizchaning ota-onasini hamda yonidagilarni olib, qizcha yotgan xonaga kirdi.
41 So‘ng qizchaning qo‘lidan ushlab: «Talifa qumi»,— dedi. Buning tarjimasi «Qizaloq, o‘rningdan tur!» degani+.
42 Shu ondayoq qizcha o‘rnidan turib, yura boshladi. (Uning yoshi 12 da edi.) Buni ko‘rganlar dong qotib qolishdi.
43 Iso bu haqda hech kimga gapirmaslikni ularga qayta-qayta* buyurdi-da+, qizaloqga biror yegulik berishlarini aytdi.