Naximiyo 3:1-32

  • Devor qayta tiklanadi (1-32)

3  Oliy ruhoniy Eliashab+ va uning ruhoniy birodarlari Qo‘y darvozasini+ qurishni boshlashdi. Uni Xudoga bag‘ishlab+, darvozaning qanotlarini o‘rnatishdi. Shuningdek, ular Miyo minorasidan+ to Xanonil minorasigacha+ qurishni davom ettirib, bu qismni ham Xudoga bag‘ishlashdi.  Devorning keyingi qismini Yerixo aholisi+, ularning yonida esa Imri o‘g‘li Zakkur qurdi.  Baliq darvozasini+ Xassano o‘g‘illari qurib+, uning yondorlari, qanotlari, tamba va surma zulfinlarini o‘rnatishdi.  Ularning yonida Xakko‘zning nabirasi*, Uriyo o‘g‘li Miromo‘t+, oldida Mashazavilning nabirasi, Barxiyo o‘g‘li Mashullom+, ularning yaqinida esa Bano o‘g‘li Zodo‘x devorni ta’mirlashdi.  Ularning yonida taxuvaliklar+ devorni ta’mirlashdi. Ammo ularning boshliqlari qurilish nazoratchilariga xizmat qilish uchun bo‘yin egishmadi.  Eski shahar darvozasini+ Posiyox o‘g‘li Yo‘xadax va Besodayax o‘g‘li Mashullom ta’mirlashdi. Ular darvozaning yondorlari, qanotlari, tamba va surma zulfinlarini o‘rnatishdi.  Ularning yonida givonlik+ Malatiyo va mirono‘tlik Yodo‘n ta’mirlash ishlarini bajarishdi. Givon bilan Mispax+ aholisi Furot daryosining+ g‘arbidagi* hokimlarning boshqaruvi ostida edilar.  Devorning keyingi qismini zargarlardan biri Xarhiyoning o‘g‘li Uziyol, uning yaqinida esa xushbo‘y moy* tayyorlovchilardan biri Xanoniyo tuzatdi. Ular Quddusning Keng devorgacha+ bo‘lgan qismiga tosh yotqizishdi.  Ularning yonida Quddus viloyatining yarmini boshqargan Xur o‘g‘li Rafiyo devorni ta’mirladi. 10  Keyingi qismini, o‘z uyining ro‘parasida Xarumaf o‘g‘li Yodayo, uning yonida esa Xashavniyo o‘g‘li Xattush ta’mirladi. 11  Devorning keyingi qismini* hamda Tandir minorasini+ Xarim+ o‘g‘li Malkiyo va Paxatmo‘ab+ o‘g‘li Xashshub tuzatishdi. 12  Ularning yonida Quddus viloyatining ikkinchi yarmini boshqargan Xalloxesh o‘g‘li Shallum va uning qizlari ta’mirlash ishlarini olib borishdi. 13  Vodiy darvozasini+ Xanun va Zono‘vax+ aholisi ta’mirladi. Ular darvozani qurib, uning qanotlari, tamba va surma zulfinlarini o‘rnatishdi. Shuningdek, ular Kul darvozasiga+ qadar 1000 tirsak* uzunlikdagi devorni ta’mirlashdi. 14  Kul darvozasini Bayt-Xakerem+ viloyatini boshqargan Raxav o‘g‘li Malkiyo tuzatdi. U darvozani qurib, uning qanotlari, tamba va surma zulfinlarini o‘rnatdi. 15  Buloq darvozasini+ Mispax+ viloyatini boshqargan Xolxozi o‘g‘li Shallum ta’mirladi. U darvozani qurib, tomini yopdi va darvozaning qanotlari, tamba va surma zulfinlarini o‘rnatdi. Shuningdek, u Shoh bog‘ining+ yonidagi Anhor hovuzidan*+ to Dovud shahridan+ tushiladigan Zinapoyagacha+ bo‘lgan devorni ta’mirladi. 16  Devorning keyingi qismini Bayt-Zur+ viloyatining yarmini boshqargan Ozbuk o‘g‘li Naximiyo ta’mirladi. U Dovud maqbarasi*+ ro‘parasidan to sun’iy hovuzgacha+ hamda Jangchilar uyigacha bo‘lgan qismini ta’mirladi. 17  Devorning keyingi qismini levilar tuzatishdi. Ularni Banix o‘g‘li Raxum boshqardi. Uning yonida Keylax+ viloyatining yarmini boshqargan Xashaviyo o‘z viloyati nomidan ta’mirlash ishlarini olib bordi. 18  Devorning keyingi qismini Keylax viloyatining ikkinchi yarmini boshqargan Xanadod o‘g‘li Bavvay nazorati ostida levilarning birodarlari ta’mirlashdi. 19  Tirgovuch+ oldida Aslahaxonaga chiqadigan tepalikning ro‘parasidagi devorni Mispax viloyatini boshqargan Yeshuva+ o‘g‘li Eyzar ta’mirladi. 20  Uning yonida Zabbay+ o‘g‘li Borux jon-jahdi bilan ishlab, Tirgovuchdan boshlab to oliy ruhoniy Eliashabning+ uyi ostonasigacha bo‘lgan qismni tuzatdi. 21  Uning yonida Eliashabning uyi ostonasidan to uyining oxirigacha bo‘lgan devor qismini Xakko‘zning nabirasi, Uriyo o‘g‘li Miromo‘t+ ta’mirladi. 22  Uning yonida Iordan+ viloyatida* yashagan ruhoniylar ta’mirlash ishlarini olib borishdi. 23  Ularning yonida Benyamin hamda Xashshub o‘z uylarining ro‘parasidagi devorni ta’mirlashdi. Ularning yonida esa Ononiyohning nabirasi, Masiyo o‘g‘li Ozariyo o‘z uyi yaqinidagi devorni ta’mirladi. 24  Uning yonida Xanadod o‘g‘li Binnuy, Ozariyoning uyidan boshlab to Tirgovuchgacha+ hamda devorning burchagigacha bo‘lgan qismni ta’mirladi. 25  Uning yonida Uzay o‘g‘li Polol, Shoh saroyidan+ yuksalib turgan va Soqchilar hovlisiga+ qaragan minora hamda Tirgovuch oldidagi devor qismini ta’mirladi. Uning yonida Paro‘sh+ o‘g‘li Podiyo ta’mirlash ishlarini bajardi. 26  Ofelda+ istiqomat qilgan ma’bad xizmatchilari*+ sharqdagi Suv darvozasi+ va devordan bo‘rtib chiqqan minoragacha bo‘lgan qismni ta’mirlashdi. 27  Ularning yonida taxuvaliklar+ bo‘rtib chiqqan katta minoradan to Ofel devorigacha bo‘lgan qismni ta’mirlashdi. 28  Ot darvozasining+ yuqori qismida, ruhoniylarning har biri o‘z uyining ro‘parasida ta’mirlash ishlarini olib borishdi. 29  Ularning yonida Immar o‘g‘li Zodo‘x+ o‘z uyining qarshisida ta’mirlash ishlarini olib bordi. Keyingi qismini esa Sharqiy darvoza darvozaboni+ Shaxaniyo o‘g‘li Shamayo tuzatdi. 30  Devorning keyingi qismini Shalamiyah o‘g‘li Xanoniyo hamda Zalafning oltinchi o‘g‘li Xanun ta’mirlashdi. Ularning yonida Barxiyo o‘g‘li Mashullom+ o‘zining katta xonasi ro‘parasida ta’mirlash ishlarini olib bordi. 31  Uning yonida zargarlardan biri Malkiyo qurilish ishlarini olib bordi. U Nazorat darvozasi yonidagi ma’bad xizmatchilari+ hamda savdogarlar uyigacha va devor burchagidagi boloxonagacha bo‘lgan qismni ta’mirladi. 32  Devor burchagidagi boloxonadan to Qo‘y darvozasigacha+ bo‘lgan qismni zargarlar va savdogarlar tuzatishdi.

Izohlar

So‘zma-so‘z «o‘g‘li».
Yoki «Furot daryosining naryog‘idagi».
Yoki «atir».
Yoki «o‘lchangan qismini».
Yoki «Shela hovuzi».
Ehtimol bu, Dovud va undan keyingi Yahudo shohlari dafn qilingan joyni bildiradi.
Boshqa variant «yaqin viloyatda».
Yoki «netinimlar». So‘zma-so‘z «berilganlar».